Paxta terimi qanday kechmoqda? Hasharchilar dardi

Vatandagi manzara: Paxta terimi boshlandi, terimchi kimligini aytmaysizmi?

O’zbekistonda aholi turli tazyiq va tahdidlar bilan paxta terimiga safarbar qilinmoqda. Bosh tortsangiz, ish joyingizdan, ijtimoiy yordamdan ayrilasiz. Talabalar va o'quvchilar esa haydalish xavfi bilan qo’rqitilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Paxta terimi qanday kechmoqda? Malik Mansur



Paxta kampaniyasiga litsey va kollejlar, oliy o’quv yurtlari talabalari, turli korxonalarning xodimlari jalb etilmoqda. Safarbarlik majburiy.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish



“Agar paxta terimiga chiqmasang, turli ijtimoiy yordam pullaridan yoki ish joyingdan mahrum bo’lasan degan gaplar, tahdidlar bo’layapti. Mening o’zimga ham shunday shikoyatlar bildirishdi. Bunday paytda joyini pul bilan to’ldirishayapti… Bu narsa avj olayapti”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan guvohlardan biri.

Og'iz ochishga zo’rg’a botingan odamlarning hammasi ism-sharifi oshkor etilishini istamaydi, qo’rqadi.

Paxta terimiga chiqishni sharoiti ko’tarmagan bir ona 400 ming so’m to’lab qutulgan.

“Hammani majburan olib chiqishayapti, uzoqqa yotoq bilan olib ketishayapti. Pulini berdim, boshqa ilojim yo’q”, - deydi ayol.

Paxta azaldan hasharchilarning og’ir mashshaqqati evaziga teriladi. Yotoq joylaridagi sharoit og’ir. Ichimlik suvi muammo. Berilayotgan ovqatning tayini yo’q. Belgilangan rejani bajarmagan terimchilar esa qo’shimcha bosimlarga uchraydi.

“Rejani bajarmaganlarni kechasi qo’shimcha ishlatadi. Kartoshka tozalatadi. Yotoqxona atrofini supurtiradi. Suv olib keldiradi. Kechki soat 1 gacha ham ishlatishi mumkin. Yotgan joyimiz maktab. Sharoit yaxshi emas. Ichimlik suvi yo’q”, - deydi hasharchilardan biri.

Ularning aytishicha, paxta kam, ovqat uchun olib qolinadigan terim rejasini bajarishning o’zi ham mashaqqat. Biroq ovqat yesang-yemasang, buning uchun haq olib qolinaveradi.

“Yegulik puli uchun 35 kilodan olayapti, shuning o’zini terish rosa qiyin. Kechqurun hech kim tanovul qilmaydi, hamma ko’chadan sotib olib yeydi, chunki ovqatlari yaxshi emas. Qurtlab ketgan mahsulotlar solishadi ichiga, lekin ovqat yemaganingiz ham hisobga o’tmaydi”, - deydi suhbatdosh qizlardan biri.

Ta’kidlanishicha, bu yilgi paxta terimiga hozircha o’quvchilar jalb qilinmagan, ularning zimmasidagi mehnat ota-onalarga yuklatilgan.

“Hozircha o’quvchilarga tegilmagan, lekin terim oxiriga borib yuqori sinflar olib chiqilishi ehtimoldan xoli emas. Hozir hokimiyatdagilar fermerlar bilan tushuntirish ishlari olib borayapti, hosilni oxirigacha terib olishlari bo’yicha, terim uchun haqni biroz ko’tarib bo’lsa-da… Lekin hammasi ko’proq ob-havoning qanday kelishiga bog’liq”, - deydi paxta kampaniyasini kuzatayotgan faol.

Fermerda o’z hosilini terib olish imkoniyati ham, mahsulotni sotish uchun vakolat ham yo’q. Yillik mehnat, millionlab hasharchilarni majburiy safarbar etish, paxta eksporti, undan kelayotgan daromad davlatning ishi hisoblanadi.

O’zbekiston jahon bozorida paxta eksporti bo’yicha yetakchi o’rinlarda. Mamlakat qishloq xo’jaligi asosan paxtachilikka ixtisoslashgan.

Davlat monopoliyasidagi bu mahsulotdan tushgan daromad qishloq xo’jaligiga sarflangani sezilmaydi. Hukumat arzon va majburiy bo’lgan qo’l kuchidan foydalanadi.

Har yili Toshkentda xalqaro paxta yarmarkasi o’tadi. Bu yil oktabrda rejalangan tadbirda oq oltin hukumat doirasida tashkil qilingan bir necha aksiyadorlik kompaniyalari orqali xorijga sotilishi kutilmoqda.