Aholini majburiy paxta terimidan himoya qilish uchun alohida ishonch telefonlarini ochgan O`zbekiston kasaba uyushmalari majburiy ishlatilayotgan hasharchilar haqidagi murojaatlarni e`tiborsiz qoldirmoqda. Bu yilgi paxta yig`im-terimining borishi, ommaviy safarbarlik, terimga chiqmaganlarga nisbatan tahdidlar kuchaygani yangi hokimiyatning islohotlarga moyilligi haqidagi ayrim umidlarni ham yo`qqa chiqarmoqda.
Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev paxta terimi uchun haqni oshirgan, ammo majburiy mehnatdan voz kechmagan. Paxtani terish har yilgidek talabalar, davlat korxonalari xodimlari, shuningdek, tadbirkorlar bo`yniga yuklatilgan.
O`zbekistonda paxta terimi davom etmoqda. Har yilgidek bu safargi mavsumga ham talabalar, davlat korxonalari ishchilari, mahalla qo`mitalari tomonidan yollangan hasharchilar jalb etilgan. Paxta terimini kuzatayotgan faollarga ko`ra, hasharchilar majburan olib chiqilgan, ammo O`zbekiston hukumati mamlakatda majburiy mehnat mavjudligini rad etib keladi.
Bu yil mamlakatda majburiy mehnat mavjud emasligini ko`rsatish uchun O`zbekiston Kasaba uyushmalari ishga solingan; uyushma fuqarolarni majburiy mehnatdan himoyalashni ko`zda tutgan ishonch telefonlarini ishga tushirgan. Majburiy mehnat taqiqlanishi haqidagi ogohlantirish, uyushmaning ishonch telefonlari ko`rsatilgan plakatlar hasharchilar ishlayotgan paxta dalalarida ham osib qo`yilgani aytilmoqda.
Telefon raqamlariga murojaat qilgan fuqarolarga uyushma mutaxassisi paxta terimi majburiy emasligini eslatadi, xolos; hasharchining huquqi himoya qilinmaydi, chora ko`rilmaydi.
Kasaba uyushmalarining bu tashabbusi hasharchilar ustidan kulishga o'xshaydi, deydi kuzatuvchilar.
Huquq faoli Yelena Urlayeva paxta terimi kampaniyasini mustaqil tarzda kuzatib keladi.
“Men yaqin Quyi Chirchiq tumanida bo`lib qaytdim. Hokimiyatning oldida ishonch telefonlari ko`rsatilgan Federatsiya plakati osib qo`yilgan. Hokimiyat ortidagi dalada esa markaziy tug`ruqxona, poliklinika xodimlaridan iborat katta bir guruh majburiy ravishda paxta termoqda. Bu bir tomondan odamlarning ustidan kulish, chunki hech kim ishonmaydi, qo`ng`iroq qilmaydi, poliklinika kasaba uyushmasi rahbarining o`zi terimchilarga brigadirlik qiladi”, - deydi Urlayeva.
Huquq faoli o`zi shaxsan ishonch telefonlariga bir necha bor qo`ng`iroq qilganini, majburiy mehnatga tortilgan hasharchilar soni, ular mehnat qilayotgan hududlarni ko`rsatib, tegishli tarzda ariza bilan murojaat qilganini ham aytadi.
“Men majburiy mehnat mavjudligini aniqlab, darhol ko`rsatilgan raqamlarga ariza berdim. Biroz muddatdan keyin o`sha dalaga yana bordim. Menga biror kishi kelib surishtirmaganini ham aytishdi. Hasharchilar biz jarrohmiz, shifokormiz, lekin paxta terishga majburmiz, deyishayapti. Ular o`zlarini hech kim himoya qilmasligini yaxshi bilishadi. Men ham ularning oldiga borishga uyalib qoldim. Aksincha, militsiya, hokimiyat, prokuratura har kuni o`sha yerda, paxta planini bajarishga majburlab turibdi. Shunday ekan kasaba ushushmalarining bu tashabbusi shunchaki ko`z bo`yamachilik”, - deydi Urlayeva.
O`zbekistonlik inson huquqlari faollaridan yana biri Surat Ikromov hokimiyat almashishidan so`ng muvaqqat prezident tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim ishlar, xususan, militsiya haqidagi qonunning imzolanishi unda islohotlar haqida umid uyg`ota boshlaganini, ammo paxta terimi har yilgidek majburiy safarbarlik ostida o`tayotgani bu umidlarni yo`qqa chiqara boshlaganini aytadi.
Yelena Uralayevning aytishicha, hokimiyat almashishi majburiy mehnat masalasiga ta'sir o`tkazmagan, faqat bolalar mehnati bundan mustasno.
“Farq shundaki, bu yil viloyatlardagi kollej o`quvchilari ham paxtaga olib chiqilmadi. Bu, albatta, ijobiy holat. Ammo boshqa tomondan hukumat xalqaro jamoatchilikni aldashda davom etmoqda. Paxtaga safarbar etilgan hasharchilar go`yo o`z ixtiyorlari bilan, mahalla qo`mitalaridan olib chiqilgandek ko`rsatilmoqda. Shifokorlar, o`qituvchilar o`zlarini mardikor deb tanishtirishga majbur qilinmoqda”, - deydi u.
Karimov vafotidan so`ng O`zbekiston muvaqqat prezidenti lavozimini bajarib kelayotgan Shavkat Mirziyoyev o`n yildan oshiq hukumatni boshqarib keldi. Paxta terimida bolalar mehnatidan keng foydalanish ham, keyinchalik maktab o`quvchilari mehnatidan voz kechilishi ham u bosh vazirlik qilgan davrga to`g`ri keladi.