Biznes g'oya bilan borgan tadbirkor O'zbekistonga qo'yilmadi

Bobur Hasan vatanga uchayotgan samolyotda (Facebook)

Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayonotlariga ishongan yana bir amerikalik o’zbek muammolarga yuz tutmoqda. 50 million dollarlik loyihani muhokama qilaman deb O’zbekistonga borgan tadbirkor Bobur Hasan Toshkent aeroportidan orqaga qaytarilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Tadbirkor Toshkent aeroportidan Rossiyaga deportatsiya qilindi

Ayni paytda Qozog’istonda o’z biznes loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borayotgan tadbirkor vatandoshlarni chaqirgan yangi hokimiyatning bu qarorini izohlashga ojiz, ammo deportatsiya ortida siyosiy sabablar mavjudligi ehtimoli yo’q emas.

O’zbekistonda zamonaviy hojatxonalar va ko’p qavatli avtomobil parkovkalarini qurish loyihasini olg'a surgan Bobur Hasan Mirziyoyevning vatandoshlarga qaratilgan murojaatlaridan ilhomlangan.

Biznesmenning aytishicha, u o’z biznes loyihasini O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi, “O’zbekturizm” bilan anchadan buyon muzokara qilib kelgan. Elchi Javlon Vahobov loyihani mamnuniyat bilan qabul qilid, deydi Hasan, ammo viza berish masalasi juda uzoqqa cho‘zildi.

O’zbekiston turizm sohasini rivojlantirishga bel bog’lagan, ularni qabul qiluvchi mehmonxonalar, restoranlar ko’p, ammo sayyohlarga xizmat ko’rsatuvchi zamonaviy hojatxonalar yo’qligi turizmdagi eng og’ir muammo.

Natijada Bobur Hasan Prezident Mirziyoyev tomonidan yaqinda tranzit vizalariga doir imzolagan farmondan foydalanishga qaror qildi. Farmon O’zbekiston orqali uchayotgan sayyohlarga, jumladan AQSh fuqarolariga, tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirda besh kun davomida O’zbekistonda vizasiz bo’lish imkoniyatini beradi.

Rossiyadan O’zbekiston orqali Qozog’istonga uchishni rejalagan Bobur Hasan besh kun davomida O’zbekistonda bo’lish, ona yurtni ko’rish va biznes loyihasi yuzasidan muzokaralar yuritishni maqsad qildi.

Ammo Toshkent aeroportiga qo’nganidan keyin pasporti tekshirilib, uni ortga qaytarishdi - Rossiyaga deportatsiya qilishdi. Tadbirokorning o’ziga bu yuqoridan kelgan buyruq ekanligidan tashqari biror izoh berilmagan.

“Chegachilar pasportimni olib, kutib turing deyishdi. Bir soatdan keyin boshliq kelib, sizni O’zbekistonga kirishingiz mumkin emas, dedi. Men ularga O’zbekistondan 13 yil avval chiqib ketganman, meni kirishimga ruxsat yo'qligi yuzasidan biror hujjat taqdim eta olasizmi deb so’radim. Ular yo’q, bu - buyruq, deyishdi. Sizni Moskvaga qaytaramiz deyishdi. Men tranzit yo’nalishidagi fuqaro sifatida Qozog’istonga uchishga haqli ekanligimni aytdim, lekin ular bunga yo’q, sizni Moskvaga qaytaramiz deb Toshkent-Moskva reysini ikki soatgacha ushlab turishdi”, - deydi Bobur Hasan.

Bobur Hasan - bundan 13 yil muqaddam O’zbekistonni siyosiy ta’qiblar bois tark etgan muxolifatchi Bahodir Choriyevning ukasi. Uning AQShga borishi ham Karimov davridagi shu ta’qiblarga asoslanadi. Choriyev yetakchiligidagi “Birdamlik” harakati ayni paytda o’z faoliyatini to'xtatgan. Bundan tashqari Bobur Hasanning o’zi biror siyosiy faoliyatga aloqasi yo’qligini aytadi.

Men tadbirkorman, siyosatga aloqam yo’q. Bahodir Choriyev mening akam bo’lgani uchun O’zbekistonga kiritishmaganini faqat taxmin qilishim mumkin.

“Men tadbirkorman, siyosatga aloqam yo’q. Bahodir Choriyev mening akam bo’lgani uchun O’zbekistonga kiritishmaganini faqat taxmin qilishim mumkin. Bu mening taxminim, lekin akam bilan mening hech qanday siyosiy, iqtisodiy aloqam yo’q. Men akam Bahodir Choriyevning harakati uchun javob bermayman, shuningdek, akam ham mening harakatim uchun javob bermaydi. Ularning men haqimda qaday fikrda ekanligi menga qorong’i, ammo niyatim ezgu edi. Prezident Shavkat Miromonovich o’z nutqlarida bir necha marta vatandoshlarga murojaat qildi, vatanga qaytishga, sarmoyalar kiritishga chaqirdi. Men shu chaqiriqlardan ruhlanib borgan edim, niyatim iqtisodiyotdagi eng og’ir muammoli sohalarga sarmoya kiritish edi, davlatga, xalqqa foyda keltirish edi”, - deydi u.

Bobur Hasan O’zbekistondan Rossiyaga deportatsiya qilinishi ortidan Qozog’istonga borgan.

Ayni paytda u Ostonada o’z biznes loyihasi yuzasidan muzokaralar o’tkazmoqda. O’zbekiston hukumati 10 mingdan oshiq kishini ish bilan ta’minlashi mumkin bo’lgan biznes loyihaga eshikni yopdi, deydi Bobur Hasan.

“Loyihaga ko’ra, O’zbekiston bo’ylab ikki mingdan oshiq zamonaviy hojatxonalar qurilishi kerak edi. Loyihaning ikkinchi qismi ko’p qavatli avtomobil turar joylarini qurish shu yilning oktabridan ishga tushirilishi kerak edi. Bu haqdagi hujjatlar elchixonaga, tegishli idorlarga taqdim etilgan edi. O’zbekiston turizm sohasini rivojlantirishga bel bog’lagan. Ularni qabul qiluvchi mehmonxonalar, restoranlar ko’p, ammo sayyohlarga xizmat ko’rsatuvchi zamonaviy hojatxonalar yo’qligi turizmdagi eng og’ir muammo. Mening loyiham shu muammoni hal etishga qaratilgan edi. Bundan avvalo davlat yutardi, soliqdan tashqari 12 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanardi”, - deydi u.

Iyun oyida yana bir amerikalik o’zbek, Zokir Aliyev ham O’zbekistonga qaytishi ortidan terrorizmda ayblanib, sudga tortilgan edi. Bundan avval Mirziyoyev chaqiriqlaridan ilhomlangan taniqli yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon Turkiyadan O’zbekistonga qaytishi ortidan hibs qilingan, tergov ortidan ozodlikka chiqarilgan edi.

O’zbekistonga qaytgach muammoga uchraganlarning aksariyati ijtimoiy-siyosiy faolligi yoki muxolifatdagi siyosiy faoliyatga aloqadorligi bilan ko’zga tashlangan fuqarolardir.