O'zbekistonda har qachongidan ko'ra hashamatliroq o'tishi kutilgan mustaqillikning 25 yillik tantanalari rejasi davlat rahbari Islom Karimov insultga uchrashi natijasida o'zgarishlarga uchradi. 31-avgustga belgilangan asosiy tantana bekor qilingan, umumxalq bayramlari 1-sentabrda o'tishi e'lon qilingan.
Bayram arafasidagi an'anaviy tadbir - Shahidlar xiyobonida qatag'on qurbonlarini xotirlash marosimi ham bu yil o'tkazilmagan. Bayram tantanasining rasmiy qismi hukumat delegatsiyasining Mustaqillik yodgorligi poyiga gulchambar qo'yish bilan cheklandi.
Bayram munosabati bilan Karimov ishtirokida ochilishi rejalashtirilgan obyektlar ham ortiqcha dabdabalarsiz ishga tushirilgani aytilmoqda.
Gulchambar qo'yish marosimida parlament vakillari va boshqa davlat idoralari rasmiylaridan iborat delegatsiya qatorida Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev qatnashdi. Ammo telelavhada va jurnalist axborotida Mirziyoyev nomi tilga olinmagan.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1-sentabr kuniga rejalangan marosimda, ayrim xabarlarga ko'ra, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ma'ruza o'qishi mumkin.
Toshkentlik taniqli fotojurnalist Umida Ahmedova 1-sentabrda xalq sayli o'tishi kutilayotganligini aytadi.
"Hozir ko'chadaman, vaziyatga qaraganda bayram qoldirilgan, bo'lmasa hammayoqni xavfsizlik kuchlari o'rab olgan bo'lardi. Hozir esa hech narsa yo'q, hoynahoy qoldirilgan. Lekin ertaga xalq sayli o'tishi kerak. Bugun biror rasmiy tadbir tashkillashtirilganiga ham guvoh bo'lganim yo'q", - deydi u.
Rasmiy tantanalar bekor qilinishi sabablari e'lon qilinmagan, ammo mushakbozlik futbol bo'yicha Suriya va O'zbekiston o'rtasida bo'ladigan o'yinga halal bermaslik uchun qoldirilgani aytilgan. Haqiqatda esa bu Karimov sog'lig'ining yomonlashgani bilan bog'liq ko'riladi.
Toshkentlik jurnalist Yuriy Chernogayevning aytishicha, poytaxtda bayramona kayfiyat emas, prezidentning salomatligidan xavotir mavjud.
"Albatta, bayramona ruh haqida gapirish qiyin, chunki gap mamlakat prezidenti taqdiri haqida ketmoqda. Ko'pchilik uni millatning otasi sifatida biladi, shunday ekan, bayram baribir bayram bo'lmaydi“, - deydi u.
27-avgust kuni miyaga qon quyilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan Islom Karimov salomatligi qanday ekanligi esa hamon mavhum. Hukumat hozirgacha jamoatchilikka Karimov shifoxonaga yotqizilganidan boshqa biror ma'lumot taqdim etgani yo'q. Uning miyasiga qon quyilgani haqidagi ilk xabar qizi Lola Karimova tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilindi. Karimovning hanuz tirik ekani haqidagi fikr ham Karimova xonimning 31-avgust kuni e'lon qilgan navbatdagi axborotidan anglashiladi.
Jamoatchilikda esa turli taxminlar mavjud.
"Ko'pchlik bilan gaplashsam, taksichilarmi, bozorchilarmi, hammasi dodamiz tuzalib, ishga qaytsin, deb aytishyapti. Hamma o'rganib qolgan, undan boshqa prezidentning o'zi bo'lmagan bo'lsa. Oddiy xalq internetda prezidentning sog'lig'i haqida tarqalgan ma'lumotlardan xabarsiz deyish qiyin, lekin ko'pchilik bunga ishonmaydi, yozaverishadi deb o'ylashadi“, - deydi Umida Ahmedova.
Ayrim manbalarda Karimov salomatligida ijobiy o'zgarishlar bo'layotgani haqidagi xabarlar ham paydo bo'lmoqda.
Rossiyaning “Regnum” agentligi Toshkent shahar hokimiyatida o'tgan majlisga asoslanib, Islom Karimov salomatligidagi o'zgarishlar, jumladan “uning bir muddat to'shakdan turishga muvaffaq bo'lgani” haqida xabar tarqatgan.
Avvalroq “Fergananews” nashri o'z manbalariga tayanib, Islom Karimov vafot etgani haqida ma'lumot tarqatgan edi. Ammo keyinchalik bu ma'lumot prezident devonidagi manba tomonidan inkor qilindi.
Konstitutsiyaga ko'ra, prezident o'z lavozimini bajara olmay qolgan taqdirda davlat rahbarligi Senat raisi zimmasiga yuklatilishi, so'ng uch oy ichida prezidentlik uchun yangi saylovlar o'tkazilishi kerak.