O’zbekiston "Al-Jazira" muxbirining akkreditatsiyasini uzaytirmadi

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan xabarda “Al-Jazira” telekanali muxbiri Agneshka Pikulitstka-Vilchevska tomonidan O’zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzish holatlari qayd etilgani uchun uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslikka qaror qilingani ta’kidlanadi.

Vazirlik qarorini kutilgan voqelik sifatida baholagan jurnalist milliy qonunchilikni buzganiga doir da’volar asossizligini ta’kidlaydi.

“So’nggi paytda menga nisbatan provokatsiyalar boshlangan edi, hatto Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham e’tirozlar bo’ldi. Bular ortidan men akkreditatsiya olishga umid ham qilmayotgan edim. Akkreditatsiya mening faoliyatim uchun biron narsa bergani ham yo’q. Masalan, oxirgi to’rt oy davomida vazirlikning matbuot xizmati tomonidan biror ko’mak ko’rsatilgani yo’q. Men kutgan edim shunday bo’lishini. Afsuski, bu voqea O’zbekistonda inson huquqlari, so’z erkinligiga doir vaziyat tobora og’irlashib borayotganidan darak beradi. Bundan tashqari maxsus xizmatlar nazorati ham kuchayib bormoqda”, - deydi Agneshka Pikulitska.

Agneshka Pikulitska O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o’tgan kam sonli xorijlik jurnalistlardan biri edi

“Al-Jazira” va boshqa xalqaro nashrlar bilan hamkorlik qilib kelayotgan Pikulitska O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o’tgan kam sonli xorijlik jurnalistlardan biri edi.

Uning akkreditatsiya olishga erishishi ham vazirlikdagi mojaro bilan bog’liq. Akkreditatsiya berilishini uzoq kutgan jurnalist vazirlik xodimini jinsiy tegajog’likda, O’zbekiston haqida ijobiy maqolalar yozishga da’vat qilganlikda ayblab chiqishi jiddiy munozaralar qo’zg’agan edi.

Buning ortidan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi jurnalistdan uzr so’ragan, tegajog’lik qilgan xodim ishdan haydalgan, jurnalistga darhol akkreditatsiya berilgan edi.

O’zbekiston tomonining Agneshka Pikulitskaga e’tirozi Toshkentda jinsiy ozchilik himoyachisi sifatida tanilgan bloger Miraziz Bozorov kaltaklab ketilishi ortidan kuzatildi. Bozorovning kaltaklanishiga doir voqealarni yoritib borgan jurnalistga nisbatan Ichki ishlar vazirligi e’tiroz bilan chiqdi.

Vazirlik Pikulitskani voqealarni noxolis yoritishda, milliy qonunchilikni bir nechta punktlarini buzishda, shuningdek, huquq-tartibot idoralariga nisbatan ishonchsizlik uyg’otish, xorij axborot vositalariga noto’g’ri ma’lumotlar yetkazib berishda aybladi.

Pikulitskaning Bozorov voqeasi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan munosabatlariga asoslangan bu ayblov vazirlik masalaga yana qaytishi haqidagi ogohlantirish bilan yakunlangan edi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Agneshka Pikulitstkaga jo'natgan xat

Pikulitska vazirlik e’tiroziga sabab bo’lgan chiqishlarida bloger kaltaklanishi ortidan Ichki ishlar vazirligi LGBTda (lesbiyanlar, geylar, biseksuallar va transseksuallar) gumonlangan fuqarolarga nisbatan “ov” boshlagani, shaxsan uning tanishi ham shu masalada so’roqqa chaqirilgani haqida yozgan edi.

Akkreditatsiyadan mahrum qilingan Pikulitska “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Tashqi ishlar vazirligiga ochiq murojaat qilmoqchi ekanligini ta’kidlaydi.

“Agar men milliy qonunchilikni buzgan bo’lsam, marhamat qilib meni sudga bering. Men sud oldida javob berishni xohlayman, lekin nega hozirgacha qonunchilikni buzganimga doir biror rasmiy ogohlantirish olmadim? Tashqi Ishlar vazirligining bu asossiz ayblovlarini esa meni o’zbek jamoatchiligi orasida obro’sizlantirish uchun qilinayotgan harakatlar deb hisoblayman. Men O’zbekistonda yashayman, bu yerdan ketish niyatida ham emasman. Qonunchilikni buzgan bo’lsam, buning uchun tegishli tartibda javob berishga tayyorman”, - deydi jurnalist.

Pikulitskaning ta’kidlashicha, O’zbekistonda jurnalist sifatida ishlash xavfli bo’lib bormoqda. Maxsus xizmatlar nazorati susaymagan, ammo u O’zbekistonni tark etish niyatida emas, faoliyatini davom ettirmoqchi.