O'zbekiston: Siyosiy mahbus o'limida kim aybdor?

Xorazmlik huquq himoyachisi Nuriddin Jumaniyozov qamoqda 2016-yilda vafot etgan

Siyosiy mahbus Nuriddin Jumaniyozov vafot etganini oradan yarim yil o`tib aniqlagan faollar vaziyat naqadar og’ir ekaniga urg’u berib, uning o'limida O'zbekiston hukumatini ayblamoqda.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi a`zosi, huquq himoyachisi Jumaniyozov sil kasalligidan o’lgan. Bu haqda esa faollar tasodifan mahkumga yordam uyushtirishga urinishayotganida bilishgan. Jumaniyozov 2014- yilda odam savdosida ayblanib 8 yilga qamalgan edi.

U qamoqxonada 2016- yilning dekabrida vafot etgan. Yangi yil oqshomida uning jasadini yaqinlariga topshirgan qamoqxona ma`muriyati o`lim sababini sil kasalligi tufayli deb ko`rsatgan.

Jumaniyozov “Erk” partiyasi a`zosi bo’lgan. Uning safdoshi Faxriddin Tillayev ham odam savdosida aybdor topilib, 8 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Jumaniyozovning o`limi qamoqxonadagi mahbusga yordam uyushtirish niyatida bo`lgan“Birdamlik” harakati rahbari Bahodir Choriyev tomonidan aniqlangan. Uning ijtimoiy tarmoq orqali tarqatgan ma`lumotnomasida davolanish uchun Toshkentga keltirilgan muxolifatchi 68 yoshida “qandli diabet” oqibatida jon taslim qilgani aytiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Huquq faoli Nuriddin Jumaniyozov qamoqda olti oy oldin o'lgan

Sil qamoqxonalarda keng tarqalgan kasallik

Jumaniyozov nafaqat muxolfatchi, balki huquq himoyachisi ham edi. Uning odam savdosida ayblanib qamalishi Toshkentda mardikorlar uyushmasini tuzish uchun qilgan harakatlari ortidan kuzatilgan. Jumaniyozov bir necha yillar avval “Amerika ovozi” radiosiga bergan suhbatida Mardikorlar uyushmasini ijtimoiy harakatga aylantirish umidlari haqida gapirgan edi.

“O`t yuraklar" klubi, inson huquqlari tashkiloti, Jumaniyozov o`limi munosabati bilan e`lon qilgan bayonotida fojiada nafaqat hukumat, balki o`z safdoshi taqdiriga befarq qolgan fuqarolik jamiyati vakillari, jumladan mazkur tashkilotning o`zi ham aybdor ko`riladi.

“Biz hammamiz O`zbekiston hukumatini, rejimini ayblashni hadisini olganmiz, ammo muxolifat a`zosi, huquq himoyachisining qamoqxonadagi o`limidan oradan yaqim yil o`tib xabardor bo`lishimiz, bu o`zbek jamoatchiligi, faollarining falaj holatga kelib qolganini anglatadi, ya'ni biz o`zimizni na huquq himoyachisi, na jurnalist, na muxolifatchi deb atashga haqli emasligimizni bildiradi. Agar “Birdamlik” harakati rahbari Bahodir Choriyev Jumaniyozovga yordam berish uchun uning otasini qidirmaganda edi, biz ehtimol yana bir necha yillar Nuriddin Jumaniyozovning ismini ozodlikka chiqarilishi kerak bo`lgan siyosiy mahbuslar ro`yxatida e`lon qilishda davom etar edik”, - deydi tashkilot rahbari Mo`tabar Tojiboyeva.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasini markaziy kengashi e`lon qilgan ta`ziyonomadan anglanilishicha partiya vakillari ham Jumaniyozovning o`limidan ijtimoiy tarmoq orqali xabar topishgan.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar haqida bong urib keladi. Suratdagilarning ayrimlari hozirda ozodlikka chiqqan.

Jumaniyozov O`zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan qamoqda vafot etgani ma`lum bo`layotgan dastlabki siyosiy mahbus. Ozodlikda yurganida qandli diabetga chalingan Jumaniyozov sil kasalligini qamoqxonada yuqtirgani aytiladi.

Tojiboyevaga ko`ra, Jumaniyozovning vafot etgani uchun hukumat, xususan siyosiy mahbuslarga nisbatan bosim qo`llashda davom etayotgan qamoqxona ma`muriyati javobgar.

“Qamoxonada bo`lgan odamlar yaxshi bilishadiki, og'ir kasal bo`lgan mahkumlar muolajasi, ayniqsa qora ro`yxatdagi siyosiy mahbuslarni davolash amalga oshirilmaydi, aksincha ularning qo`shimcha qiynalishlari, azoblanishi uchun qasddan sharoit yaratiladi. Jumaniyozov qamalishidan avval qandli diabet bilan og`rigan, u salomatligini tiklab turishi uchun qo`shimcha muolajaga muhtoj bo`lgan. O`ylashimcha, uning nimjonlashib qolgan organizmi izolyatorda sil kasallari bilan birga saqlangan bir sharoitda bu kasallikni yuqtirib olgan bo`lishi mumkin. Bir necha yillar avval qamoqda chiqib vafot etgan huquq himoyachisi, rahmatli Xudoynazarov ham saraton kasalligini qamoqda yuqtirganini aytgan edi”, - deydi huquq himoyachisi.

O`zbekiston qamoqxonlarida ayni paytda o`nlab siyosiy mahbuslar va minglab diniy mahbuslar saqlanmoqda. Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan siyosiy mahbuslarning bir nechtasi, aksariyati jazo muddatini o`tab bo`lishi ortidan ozodlikka chiqdi. Ko`plari hamon qamoqda, ularning ayrimlari, jumladan Jumaniyozov bilan birga qamalgan siyosiy mahbus Tillayev taqdiri haqida ham biror ma`lumot yo`q.