O'zbekiston: Odam savdosi real muammo; ayb kimda, yechim qayerda?

Moskva, 22-aprel, 2015-yil

AQSh O'zbekiston bilan odam savdosiga qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirmoqda. Toshkentda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokara o'tkazgan AQSh yetakchi diplomati Den Rozenblum odam savdosiga qarshi kurashga e'tibor qaratgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga kutilayotgan rasmiy tashrifida ham mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish haqida gap ketishi kutilmoqda.

Odam savdosiga oid vaziyat, qullikka tutilayotganlar haqida O'zbekistonda so'nggi paytlarda ko'p tilga olinadi. Aksariyat hollarda odam sotayotganlar ham, qullikka tutilayotganlar ham o'zbekistonliklarning o'zlari bo'lib chiqadi.

Toshkentdagi Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazda o'tgan odam savdosiga qarshi loyiha taqdimotida AQSh elchisi Pamela Spratlen, Vashingtonning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Den Rozenblum, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, Ichki ishlar va Mehnat vazirliklari, Bojxona qo'mitasi, shuningdek, Xalqaro Migratsiya tashkilotidan vakillar qatnashgan.

Loyiha AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy ko'magi bilan Xalqaro Migratsiya tashkiloti va O'zbekiston prokuraturasi hamkorligida ishlab chiqilgan, mehnat muhojirlari uchun mo'ljallangan adabiyot va qo'llanmalar taqdim etilgan. Hamkorlik mehnat muhojirlarining ogohligini oshirishni, jinoyatga qarshi kurashda turli idoralarni o'zaro muvofiqlashtirishni va tadqiqotlar o'tkazishni nazarda tutadi.

“Bizning O'zbekiston hukumati, Xalqaro Migratsiya tashkiloti, O'zbekistondagi nodavlat tashkilotlar bilan hamkorligimiz inson erkiga tajovuz qilayotgan bu illatni yo'qotishga qaratilgan maqsadimizni ifoda etadi”, - dedi AQSh elchisi.

Odam savdosi bilan bog'liq vaziyat O'zbekistondagi og'riqli muammolardan biri. Xalqaro hisobotlarda odam savdosi qurbonlari, qullikka tutilayotganlar soni bo'yicha o'zbekistonliklar dunyodagi oldingi o'rinlarda qayd etiladi. Qullik to'riga ilinganlarning aksariyati ish izlab xorijga ketayotganlardir.

Mamlakatda odam savdosiga qarshi milliy qonunchilik mavjud, ammo bu jinoyat qurbonlari, sabablari yuzasidan ochiq tadqiqot yo'q. Xorijda qullikka tutilgan fuqarolarga favqulodda ko'mak ko'rsatilgani deyarli kuzatilmagan. Qullikka sotayotganlar ham, tuzoqqa ilinganlar ham ko'p hollarda O'zbekistonning o'z fuqarolari bo'lib chiqadi..

Yaqinda "Bi-Bi-Si" O'zbek xizmati o'z hamqishlog'i tomonidan Rossiyada sotib yuborilgan ayol fojeasi haqida, “Ozodlik” radiosi vatandoshi tomonidan Rossiyaga aldab olib kelinib, fohishalikka majbur qilingan ayol haqida yozdi.

Rossiyada mehnat muhojirlarining qullik sharoitiga tushish holatlari ko'p, noqonuniy ishlayotgan muhojirlar yordam so'rab murojaat qilish imkoniyatidan mahrum qilinadi. Bunday holatlarda O'zbekiston hukumatining o'z fuqarolari huquqiga befarqligi ish beruvchilarga dastak bo'layotgani aytiladi.

Yaqinda Moskvada bir guruh o'zbekistonlik mehnat muhojirlari ish haqi talab qilib namoyish o'tkazishdi, ijtimoiy tarmoqlarda deportatsiya markazidagi o'zbeklarning yordam murojaati ochiqlandi. Bular ortidan o'z fuqarolari taqdiriga befarq qolgan O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi keskin tanqidga olindi.

Rossiyada ishlab kelayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevga ko'ra, uzoq yillar davom etgan huquqsizlik o'zbek muhojirlarining hayotida ham aks etmoqda. Aldov, zo'rlik bilan pul topish yo'liga o'tgan guruhlar ko'paygan.

“Yengil pul topish uchun turli jinoyatga qo'l urayotganlar, hech narsadan qaytmayotganlar ham ko'p. Muhojirlar bo'linayapti toifaga. Bu juda katta muammo... Hali buning asorati kelajakda bilinadi, hozir hech kim o'ylamayapti. Muammoni O'zbekiston hukumati yaratdi, yechimi uchun hech narsa qilinayotgani yo'q. Rossiyadagi o'zbeklar ichida o'zaro zo'rlik, aldov juda kuchaygan. Bir-birining huquqsizligidan foydalanib, boshqasi unga o'z tazyiqini o'tkazadi, zo'rlik qiladi”, - deydi Hamroyev.

AQSh elchxonasi ma'lumotiga ko'ra, O'zbekistonda odam savdosiga qarshi milliy mexanizm ishlab chiqilgan, xalqaro bitimlar ratifikatsiya qilingan. USAID, Xalqaro Migratsiya tashkiloti O'zbekiston davlat idoralari bilan samarali hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda.