Nurchilikda ayblanib yana 9 kishi qamoq va jarimaga mahkum etildi

Nurchilikda ayblanib yana 9 kishi qamoq va jarimaga mahkum etildi

Toshkent viloyat sudida “nurchilar” oqimiga a’zolikda ayblangan 9 kishi ustidan hukm o’qilgan. Ayblanuvchilardan 3 nafari besh yil qamoq jazosiga mahkum etilgan. Qolgan 6 kishi esa jarimaga tortilgan. Sud jarayonini kuzatgan faollar fikricha, yoshlarni soxta ayblovlar bilan panjara ortiga tashlash hollari davom etmoqda.

Noqonuniy diniy oqimga aloqadorlikda ayblangan yigitlarning hammasi turk litseylari bitruvchilari. Jinoiy ish Jasur va Farxod Hasanov hamda Dilmurod Rahmatov ismli yoshlarni hibsga olishdan boshlangan. Keyinchalik ayblanuvchilar soni to’qqiz kishiga yetgan.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi Surat Ikromovning aytishicha, besh yillik qamoq jazosi litsey bitiruvchilari o’rtasidagi faol uchrashuvlar uchun berilgan.

“Bir joyda o’tirish yoki o’rtoqlariga nisbatan faolroq bo’lishgan. Targ’ibot qilish emas, ular uchrashib turishgan, shu uchrashuvlarni tashkil qilishda faolroq bo’lishgan, aybi faqat shunda. Dinga kelganda namozxon. Ular yaxshi joylarda ishlashgan, hammasi oliy ma’lumotli”, - deydi Surat Ikromov.

Masalani yaqinda o’rganib kelayotgan huquq himoyachisi hisobicha, O’zbekistonda “Nurchilar” oqimiga aloqadorlikda ayblanib qamoqqa tashlangan yigitlar soni hozirga qadar 200 kishiga yaqinlashgan. Ularning hammasi asosan turk litseylari bitiruchilari, faol yoshlar.

“Tukr litseylarida o’qiganlarni birin ketin sudga tortishayapti. 1990- yillarda bu litseylar juda ko’p edi. Hamma orzu qilardi bu litseylarda o’qishni. Kuchli bilim bergan, bitiruvchilarining 80- 90 foizga yaqin o’z kuchi bilan oliy o’quv yurtlariga kirganini bilaman. Bu yerda faqat siyosat rol o’ynayapti, qamalganlarda hech qanaqa ayb yo’q. Turk litseyi bitiruvchilari 3-4 mingta bo’lishi mumkin, agar ularni hammasini shu tartibda qamaydigan bo’lsa, bu juda yomon narsa bo’ladi”, - deydi Surat Ikromov.

“Nurchilar” diniy oqimi O`zbekistonda 2008 yildan boshlab taqiqlandi. Dastlabki jarayon bu oqimning O’zbekistondagi tashkilotchilari sifatida ko’rilgan bir guruh jurnalistlar ustidan o’tgan edi.

Sharhlovchilar nazarida “Nurchilar” oqimi ekstremistik g’oyalardan uzoq va hukumat diniy ekstremizm, aqidaparastlik tahdididan siyosiy maqsadda - jamiyatning faol qatlamiga nisbatan tazyiqlar ko’rsatish uchun foydalanib kelmoqda.