Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif O'zbekistonda. Prezident Islom Karimov bilan u Afg'onistondagi vaziyat va mintaqa xavfsizligi xususida gaplashmoqda. Sharhlovchilarga ko'ra, Pokiston va mintaqa o'rtasida hamkorlik rivojlanishi bevosita Afg'onistondagi ahvol barqarorlashishiga bog'liq.
Your browser doesn’t support HTML5
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifni Toshkentda O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev kutib olgan.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir nechta hujjatlar, qo'shma bayonot imzolanishi kutilmoqda.
Navoz Sharifni O'zbekistonga prezidentning o'zi taklif qilgan.
Afg'onistondagi vaziyat ancha keskinlashgan, Markaziy Osiyo davlatlarida xavotir kuchli.
Pokiston-Afg'oniston munosabatlari azaldan chigal va ziddiyatli. Afg'onistonda tinchlik qaror topishida qo'shni davlatning roli muhim.
“Pokiston Janubiy Osiyo deb nomlangan mintaqadagi yirik bir davlat. Pokistonning Afg'onistondagi jarayonlarga ta'siri juda katta va eng asosiysi deb hisoblasak ham mubolag'a bo'lmaydi. Pokiston rahbarining O'zbekistonga tashrif buyurishi albatta mintaqa xavfsizligi uchun, O`zbekiston xavfsizligi uchun ham muhum. Afg`onistondagi vaziyat haqida gaplashib olish maqsadga muvofiq. Shunday bo'ladi ham; ziddiyatlarni, mojarolarni to'xtatish bo'yicha muhokama boradi”, - deydi siyosatshunus Farhod Tolipov.
Afg'oniston hukumati Pokistonni toliblarni zimdan qo'llab quvvatlashda ayblab keladi. Avvalroq, Afg'oniston shimolida toliblarga qarshi harbiy amaliyot boshlagan vitse-prezidenti general Abdurashid Do'stum ham vaziyat keskinlashishida Pokiston maxsus xizmatlarini ayblab chiqqan edi.
“Toliblar harakati Pokiston tomonidan dastaklanishini siyosatchilar va tahlilchilar yaxshi biladi. Harakatning o'ziga Pokistonda asos solingan. Bundan tashqari ziddiylarning asosi “Dyurand chizig'i” ga ham bog'liq. Afg'oniston hukumati buni tan olmaydi. Pashtunlarning katta qismi Pokistonda yashaydi. So'nggi paytda bu ko'rsatkichni manipulyatsiya qilib, shimolda janjal ko'tarish kuchaygan”, - deydi Afg`onistondagi vaziyat bilan shug'ullanib kelayotgan tarixchi olim Shuhrat Barlos.
Islom Karimov va Navoz Sharif o'rtasidagi muzokarada bu vaziyatga qanchalik o'rin ajratilishi va muhokama qilinishi noma'lum, ammo sharhlovchilar Pokiston va mintaqa o'rtasida hamkorlik rivojlanishidagi asosiy to'siq sifatida Afg'onistondagi vaziyatni keltirishadi.
“Albatta, bitta uchrashuv bilan Afg'onistondagi ziddiyatlar yechilmaydi, ammo Pokiston Markaziy Osiyoda ham o'z manfaatlariga ega, hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor. Biz bilamiz, Pokiston mintaqa davlatlari mustaqillikni qo'lga kiritgandan buyon iqtisodiy, savdo aloqalarni rivojlantirish uchun harakat qilib kelmoqda. Biroq Pokiston bilan O'zbekiston, umuman mintaqa o'rtasida Afg'oniston deb ataladigan beqaror zona bor. Bu zonada barqarorlik bo'lmasa ekan, hamkorlikning rivojlanishidagi asosiy to'siq bo'lib turaveradi. O'zbekiston va Pokiston muzokaralarida ana shu masala, ziddiyatlarni bartaraf etish, to'siqlarni olish asosiy o'rinda bo'ladi, deb oylayman”, - deydi Tolipov.
Afg'onistonga qo'shni bo'lgan eng yirik va qudratli davlatlardan biri Pokistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti a'zoligiga qabul qilish jarayoni ham boshlangan. Navoz Sharif va Islom Karimov bu borada ham muloqotda. O' zbekiston ayni paytda bu tashkilotga rais.