O'zbekiston o'z tarixidagi ikkinchi prezidentni sayladi

Saylov - tanlov?

O'zbekistonning yangi prezidenti sifatida saylangan Shavkat Mirziyoyev saylov dasturidagi barcha maqsadlar bajariladi, deya va'da berdi. Mirziyoyev 4-dekabr kungi saylovda qatnashgan 18 millionga yaqin o'zbekistonlikning 15 milliondan oshiq ovozini olgan. Qolgan nomzodlar - Hatamjon Ketmonov, Narimon Umarov va Sarvar Otamurodovlarga 2-3 foiz atrofida ovoz berilgan.

Saylov yuzasidan dastlabki xulosalarini bildirgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) missiyasi prezidentlik poygasida haqiqiy raqobat kuzatilmaganini qayd etdi. Mirziyoyevni g'alaba bilan birinchilardan bo'lib Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tabriklagan.

Shavkat Mirziyoyev saylanganini Markaziy saylov komissiyasi 5-dekabr kungi brifingida ma'lum qildi. Unga saylovda qatnashganlarning 88,61 foizi ovoz bergan, 10 foiz atrofidagi ovoz qolgan nomzodlar - O'zbekiston xalq demokratik partiyasidan Hatamjon Ketmonov (3,73%), “Adolat”dan Narimon Umarov (3,46%), “Milliy tiklanish” vakili Sarvar Otamurodov (2,35%) o'rtasida taqsimlangan.

Markaziy saylov komissiyasining xulosalari ko'pchilikni hayratlantirgani yo'q. Raqobatsiz kechgani aytilayotgan saylovda Shavkat Mirziyoyevning g'olib bo'lishi oldindan ma'lum edi.

Dushanba kuni 500 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar guruhlari ham o'z xuloslarini bildira boshladi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) missiyalari rahbarlari saylov o'ta uyushqoqlik bilan o'tgani, qoidabuzarliklar qayd etilmagani, saylov demokratik tamoyillarga mos holatda o'tgani haqida bayonot chiqardi.

Xalqaro kuzatuvchilar bahosi orasida saylovda yetarlicha raqobat yo'qligini e'tirof etgan YXHT missiyasi xulosasi bundan farqli. Tashkilot O'zbekistondagi bu safargi saylovlarni to'liq tarkibda, qisqa va uzoq muddatli guruhlari yordamida kuzatgan.

Missiya rahbari Piter Teylor ovoz berish jaroyonida byulletenlar bilan bog'liq jiddiy qoidabuzarliklar, jumladan, ularni saylov qutisiga noqonuniy tashlash holatlari qayd etilganiga, nomzodlar o'rtasida haqiqiy raqobat kurashi kuzatilmaganiga hamda siyosiy debatlar o'tkazilmaganiga diqqat qaratdi.

G'alabasi e'lon qilinishi ortidan Shavkat Mirziyoyev o'z tarafdorlari oldida chiqish qilgan, g'alaba uchun O'zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirgan, saylov dasturida ko'rsatilgan barcha maqsadlar bajarilishiga va'da bergan.

O'zbekistonning yangi prezidenti xorijiy davlat rahbarlaridan tabriklarni qabul qila boshladi. Birinchilardan bo'lib uni Vladimir Putin tabriklab, rasmiy safar bilan Rossiyaga taklif qilgan.

Mirziyoyevning kutilgan g'alabasi mamlakatdagi, shuningdek, xorijdagi o'zbekistonliklarni ham hayratga solayotgani yo'q. Prezidentlik saylovida qatnashayotgan nomzodlar kimligining o'ziyoq g'olibning kim bo'lishi haqidagi savollarga hojat qoldirmagan edi.

Fransiyada ro'yxatdan o'tgan “O'tyuraklar klubi” rahbari Mo'tabar Tojiboyeva Mirziyoyevni mamlakatning ikkinchi prezidenti sifatida islohotlar boshlashga chaqirdi.

“Tabriklayman, shuningdek, u boshliq hukumatni siyosiy, iqtisodiy islohotlarga chaqiraman. Prezident sifatida mamlakatda qiynoq qo'llanishiga qarshi jiddiy kurashni, shuningdek, siyosiy, diniy mahbuslarni ozod qilish harakatini boshlashiga umid qilaman. Agar hukumat siyosiy islohotlar, inson huquqlarini yaxshilash bo'yicha aniq qadamlar tashlar ekan, biz huquq himoyachilari doimo hukumat bilan yonma-yon turamiz, qo'llab-quvvatlaymiz”, - deydi Tojiboyeva.

59 yoshli Shavkat Mirziyoyev mustaqil O'zbekiston tarixidagi ikkinchi prezident sifatida besh yillik muddatga saylandi.