O’zbekistonda sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov doxil guruh ustidan hukm o’qilgan. Qodirovga 10 yil, jinoiy ishning boshqa ishtirokchilariga 19 yilgacha bo’lgan qamoq muddatini belgilagan mahkama yopiq tarzda o’tgan.
Prokuraturani 15 yil davomida boshqargan Rashid Qodirovga aloqador guruh huquq-tartibot tizimidagi amaldorlardan iborat. Ular orasida Rashid Qodirovning o’rinbosari bo’lib ishlagan Ulug’bek Sunnatov ham bor.
O’zbekiston Oliy sudi hukm yuzasidan jamoatchilikka axborot taqdim etgan.
13 kishidan iborat guruh poraxo’rlik, firibgarlik, soliqdan bo’yin tovlash, lavozimini suiiste’mol qilish, tergov-sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi og’ir, o’ta og’ir jinoyatlarda aybdor topilgan.
Ta’kidlanishicha, 26-iyun kuni jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudida ko’rilgan mahkama “davlat sirlari to’g’risidagi” qonunga muvofiq yopiq tarzda o’tgan.
Oliy sud sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar kishi) jinoiy ish yuzasidan sud-tergov harakatlari davomida 200 dan oshiq guvoh ko’rsatmasi tinglangani, ayblanuvchilar ko’rsatmalariga solishtirilgani, to’plangan dalillar tekshirilgani, taftish qilinganini ma’lum qiladi.
10 yillik qamoq jazosi va eng kam ishi haqining 500 barobarida jarimaga solingan Rashid Qodirov 2018-yilning fevral oyida hibsga olingan edi. So'ngra u o’ta yirik hajmdagi iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotganiga doir xabarlar tarqaldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Rashid Qodirovning hibsga olinishi yuzasidan berilgan izohga tayanilsa, sobiq bosh prokurorga qarshi jinoiy ish, tergov harakatlari 2018-yil boshidan, hibsga olinishi ortidan boshlangan.
“Bosh prokurorni nega qamadim? Hammasi o’g’ri edi. Har bir tuman prokurori qancha pul berganini bulbuldek sayrab yotibdi turmada”, - degan edi Mirziyoyev.
Prezidentning bu gaplari 2018-yilda Samarqandga qilgan safari chog'ida aytilgan edi. O’z chiqishida u tez orada Rashid Qodirovning jinoyatlari fosh qilinishi va bu haqda televideniye orqali jamoatchilikka batafsil ma’lumotlar taqdim etishga va’da bergan edi.
Ammo sudning yopiq shaklda o’tgani, mahkama “davlat sirlari to’g’risidagi” qonunga ko’ra muhofazalanayotgani inobatga olinsa, Qodirov doxil jinoyatlar tafsilotlari jamoatchilikka to’la ochqilanishi qiyin ko‘rinadi.
Shuningdek, sud-tergov harakatlari 6 oy davom etgan mazkur ish Qodirovga oid yagona jinoiy ishmi yoki sobiq bosh prokuror bilan bog’liq yana boshqa bir mahkama mavjudmi, hozircha aniq emas.