O’zbekiston va Rossiya strategik harbiy hamkorlik dasturini imzoladi

O'zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlari Bahodir Qurbonov va Sergey Shoygu Buxoroda uchrashdi

O’zbekiston va Rossiya 5 yilga mo’ljallangan harbiy strategik hamkorlik dasturini imzoladi. Dastur Buxoroda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va O’zbekiston Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov o’rtasida kechgan muzokaralar paytida ma’qullangan.

Harbiy texnik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan, 2021-2025 yillarga mo’ljallangan bu dastur tafsilotlari ma’lum emas, ammo Rossiya mudofaa vazirining bayonotiga ko’ra, tomonlar o’rtasida bu kabi harbiy strategik hamkorlik dasturi ilk bor imzolanmoqda.

Sergey Shoygu O’zbekistonga Tojikistondagi uchrashuvlari ortidan kelgan. Dushenbedagi muzokaralar davomida Rossiya va Tojikiston o’rtasida umumiy harbiy havo mudofaasi tizimini yaratishga doir kelishuv imzolangan.

Rossiya vaziri Afg’onistondagi vaziyat inqirozga yaqinlashayotgani, mintaqaga tahdid ortib borayotgani haqida gapirgan. Ta’kidlash joiz, Afg’onistondagi beqarorlik, bu mamlakatdagi jangarilar Markaziy Osiyoga tahdid solayotgani haqidagi ogohlantirish Moskva tomonidan muntazam takrorlab kelinadi.

Shoyguning bu safargi bayonoti, shuningdek, mintaqaga safari AQSh Afg’onistondan o’z qo’shinlarini olib chiqish muddatini e’lon qilishi ortidan kuzatilmoqda.

Avvalroq AQSh Prezidenti Jo Bayden Afg’onistondagi qo’shinlar 1-maydan boshlab 11-sentabrga qadar olib chiqilishini ma’lum qilgan edi.

Afg’onistondan xalqaro qo’shinlarning olib chiqilishi bu mamlakatga qo’shni Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham muhim ishora sanaladi.

Buni ham ko'ring AQSh Afg'onistondan askarlarni xavfsiz olib chiqish choralarini ko'rmoqda

Hozircha mintaqada AQSh qo’shinlarining Afg’onistondan chiqarilishi yuzasidan biror rasmiy munosabat bildirilmagan bo’lsa-da, bu ma’lumot ochiqlanishining o’zi jamoatchilikda xavfsizlikka doir bir qadar xavotirlar uyg’otgani ham kuzatildi.

Sharhlovchilar xalqaro qo’shinlarning Afg’onistondan chiqarilishi ortidan Tolibon nufuzi yuksalishi, qudratga qaytishi ehtimolini jiddiy hisoblashadi.

Ammo Toshkentning Afg’oniston bo’yicha siyosati, tashabbuslari inobatga olinsa, hukumat uchun toliblarning iqtidorga qaytishi kutilmagan hodisa bo’lmaydi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat O’zbekiston Tolibonni rasmiy siyosiy kuch sifatida tan olgan yagona davlat sifatida ko’rinadi.

Toshkent birmuncha avval Tolibonning Qatardagi siyosiy idorasi vakillarini mamlakatga rasman taklif qilgan, O’zbekistonga kelgan toliblar Tashqi ishlar Abdulaziz Komilov doxil bir qator o’zbek rasmiylari bilan ham muzokaralar o’tkazishgan edi.

Shular inobatga olinsa, Afg’onistondagi vaziyatni bo’rttirish bilan mintaqa davlatlariga bosim o’tkazishga urinayotgan Rossiyaning urinishi Toshkent uchun jiddiy emasdek.

Buni ham ko'ring Xalilzod: Afg'on kuchlari Tolibonga qarshi tura oladi

Har holda, Sergey Shoygu O’zbekistondagi muzokaralari davomida Afg’oniston tahdidi yoki bu mamlakatdagi vaziyat inqirozga yaqinlashayotgani haqida to’xtalmagan. Tomonlar xalqaro terrorizmga qarshi kurashda o’zaro hamkorlik qilishga tayyorligini bayon qilish bilan cheklangan.

Rossiya mudofaa vazirining O’zbekistonga safari xalqaro matbuotda Afg’onistondan chiqayotgan AQSh o’z harbiylari uchun Markaziy Osiyo davlatlaridan birida harbiy qo’nalg’a qidirayotganiga doir ma’lumotlar paydo bo’lishi ortidan kuzatilayotgani ham diqqatli.

Agar Markaziy Osiyo davlatlarining aksariyati Rossiya bilan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi doirasidagi harbiy ittifoqdoshlar ekanligi, Turkmaniston esa betaraf davlat maqomida ekani inobatga olinsa, AQSh uchun bunday imkoniyatni O’zbekiston taqdim etishi ehtimoli mumkin ko’rinadi.

O’zbekiston va Rossiya mudofaa vazirlarining Buxoroda imzolagan strategik harbiy hamkorlik dasturida qanday maqsadlar ifodalangani, shuningdek, Sergey Shoygu bilan o’tgan muzokaralar davomida AQSh mintaqadan harbiy qo’nalg’a qidirayotganiga doir ma’lumotlar qanchalik muhokamaga chiqqani ham tafsilotli emas.