Qariyb ikki hafta oldin Moskvadagi Kachalovo bozoridagi yong’inda o’lgan 17 kishining 10 nafari O’zbekistondan. Qolgan jasadlarning shaxsi hozircha noma’lum. Mehnat muhojirlari O’zbekiston iqitisodining muhim tirgagi, ammo ular xo’rlangan va huquqlari toptalgan bir qatlam. Lekin bu insonlar tirikchilik ilinjida vaziyatga chidashga majbur.
“O’zbekiston hukumatini yaxshi bilamiz. Fuqarolari yondirib emas, otib yuborilganda ham ularning haq-huquqlarini himoyalash uchun biror ish qilmaydi. Hozirgi rejim bor ekan, fuqarolarni davlat miqyosida himoya qilish uchun biro chora ko’rilishiga ishonmayman”, - deydi Moskvada faoliyat yuritayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.
3-aprel kuni Kachalovo bozoridagi omborxonada sodir bo’lgan yong’in bo’yicha jinoiy ish ochilgan. O’zbekistonlik muhojirlarni yashirin ishlatgan omborxona egalari ushlangan. Bugunga kelib bu hodisaning tasodif emasligi, balki qasddan uyushtrilgani haqidagi taxminlar tarqalmoqda.
Ayni paytda Fransiyada yashayotgan huquq himoyachisi Tolib Yoqubov o’zbek muhojirlari bilan bog’liq fojea nafaqat hukumat, balki jamoatchilik tomonidan ham sukut bilan kutib olinganidan ajablanmaydi.
Faollarga ko’ra, mehnat muhojirlari O’zbekiston xalqini boqmoqda. O’tgan yili Rossiyadagi mehnatkashlar vatanga 4 millard dollardan oshiq mablag’ jo’natgan.
Uzoq yillik sargardonlik, haqsizlik va imkonsizlik o’zbek muhojirlariga ham o’z ta’sirini o’tkazgan. Ular orasida o’zaro adovat, yulg’ichlik, shavqatsizlik hollari ko’paygan. Bugun ular nafaqat Rossiyadagi millatchilik, balki o’z yurtdoshlari qo’ygan tuzoqlar bilan ham yuzlashadi.
O’zbekiston hukumati hozirgacha mehnat muhojirlari muammosini ochiq tan olmagan. Chetda topilayotgan pul - tirikchilik manbai, lekin hukumat ular haq-huquqlarini himoyalash, vaziyatni yaxshilash uchun biror samarali dastur amalga oshirmagan.