“Mirziyoyev davrida Rossiya bilan aloqalar yanada qalinlashdi”

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy safar bilan O’zbekistonda bo’lib turgan Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o’rinbosari Dmitriy Kozakni qabul qilgan.

Rossiya rasmiysi bilan oliy darajadagi ikki tomonlama va ko’p tomonlama uchrashuvlarni tashkil etish, shuningdek, xalqaro siyosatning ayrim jihatlari muhokama qilingan.

Avvalroq Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashib, dekabr oyida o’tishi kutilayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) rahbarlari sammiti yuzasidan gaplashgan edi.

Buni ham ko'ring O'zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqida kuzatuvchi bo'ladi

Dmitriy Kozak rahbarligidagi Rossiya delegatsiyasi amaliy safari davomida yana qanday uchrashuvlar o’tkazishi noma’lum, ammo dekabr oyida O’zbekistonga Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi berilishi ma’lum bo’ldi.

MDH sammitida O’zbekiston hamdo’stlik davlatlaridan iborat yana bir ittifoqning kuzatuvchi a’zosi sifatida qatnashishi haqiqatga yaqin.

Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev AQShgi safari davomida O’zbekiston Yevrosiyo Ittifoqiga qo’shilish bo’yicha aniq bir to’xtamga kelmagani haqida gapirgan edi.

Noyabr oyida AQSh-O’zbekiston siyosiy maslahatlashuvlari doirasida o’tgan uchrashuvda Safoyev O’zbekistonining ittifoqqa qo’shilishiga mehnat muhojirligi, eksport salohiyati, transport salohiyati kabi omillar turtki bo’lishi mumkinligini, ammo bu savol hamon ochiq qolayotgani, jamoatchilikda bu borada qarama-qarshi fikrlar mavjudligini ta’kidlagan.

O’zbekistonning Yevrosiyo Ittifoqida kuzatuvchi maqomini olishi jamoatchilikdagi mavjud qarama-qarshi fikrlarga keskin ta’sir qilishi kutilmayapti. Bu maqom O’zbekistonga biror majburiyat yuklamaydi.

Jamoatchilik orasidagi mavjud xavotirlar ittifoq doirasidagi iqtisodiy hamkorlik emas, balki ittifoq yetakchisi bo’lgan Rossiya tomonidan siyosiy bosim kuchayishi mumkinligi bilan bog’liq.

Sharhlovchi Anvar Nazir O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi tashkilot va ittifoqlar tarkibida bo’lishini yoqlamaydi.

Buni ham ko'ring Rossiya-O'zbekiston: strategik hamkorlikning yangi bosqichi

“O’zbekiston shundoq ham xalqaro maydonda Rossiyaning keskin ta’siriga tushib qoldi, Moskvaga yoqmagan biror harakatga bormaydi. Bundan tashqari, Mirziyoyev davrida Rossiya bilan ikki tomonlama aloqalar yanada qalinlashdi. O’zbekistonda Moskvaning siyosiy loyihasi bo’lgan atom stansiyasi qurilishi boshlandi. Oxirgi hodisalar Mirziyoyev Putinning sodiq ittifoqchisiga aylanganini ko’rsatmoqda. Shunday vaziyatda O’zbekistonni Yevrosiyo Ittifoqiga qo’shilishi mamlakat tashqi siyosatini ham, mustaqilligini ham keskin cheklaydi”, - deb hisoblaydi Nazir.

Prezident Mirziyoyev O’zbekistonning kuzatuvchi maqomida ishtirok etish qarorini ochiqlar ekan, ittifoqqa qo‘shilish mustaqillikka daxl qilishiga doir qarashlarning asossizligi, “hech kim mustaqillikni berib qo’ymasligi” haqida gapirgan edi.

Kuzatuvchilik maqomi O’zbekiston parlamentida ham muhokamadan o’tgan. Deputatlarning ko’pchiligi bu qarorni yoqlab ovoz berishgan bo’lsa, 30 dan oshiq deputat qarshi ovoz bergan edi.

O’zbekiston parlamentida xalqaro masalalar muhokamasida deputatlarning tarafdorlar va qarshilarga bo’linishi kam kuzatiladigan holat. Ayniqsa yangilangan parlamentga kelgan rasmiy partiyalarning hammasi saylov kampaniyasi davrida ittifoqqa qo‘shilishni yoqlab chiqishgani inobatga olinsa.

Shu sabablar bois ham O’zbekiston tashkilotga qo’shilishda kuzatuvchilik maqomida to’xtashi bir tomondan Rossiya bosimi, boshqa tomondan jamoatchilikdagi noroziliklar inobatga olingan ma’qul siyosiy qaror sifatida baholangan edi.

Ammo O’zbekiston tashkilotga to’laqonli a’zo bo’lishi yoki bo’lmasligidan qat’i nazar mustaqil ekspertlar Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi davrida Rossiyaning O’zbekistonga ta’siri jiddiy kuchayganini qayd etishmoqda.

Bu ayniqsa AQShda prezidentlik saylovlari demokratlar nomzodi Jo Baydenning g’alabasi bilan yakunlanishi, g’olibni tabriklashga doir yuzga kelgan vaziyatda ham ko’rinayotgani keng muhokama qilinmoqda.

Jo Baydenni tabriklashga jur’at topmayotgan davlat rahbarlari asosan Prezident Putin va uning yaqin ittifoqchilari ekani qayd etilar ekan, Putining ittifoqchilari qatorida Shavkat Mirziyoyev ham borligi ta’kidlanadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bu munozaralarda Putin AQShning saylangan prezidentini tabriklashga qaror qilmas ekan, Mirziyoyevdan buni kutmaslik kerakligiga doir iddaolar ham uchraydi.

Rossiya prezidenti ma’muriyati Putinning nima sababdan Jo Baydenni hozirgacha g’alaba bilan tabriklanmaganini AQShdagi saylovlarning bahsli o’tgani bilan izohladi.

Ammo Rossiyadan farqli o’laroq O’zbekiston prezidenti ma’muriyati ham, Mirziyoyevning o’zi ham hozircha bu borada jamoatchilikka biror izoh berishni lozim topmadi.