O’zbekiston davlat televideniyesi tomonidan tayyorlangan "Xiyonat" ko’rsatuvi ustidan sudga murojaat qilgan fuqarolar adolatga umid yo’qolayotganini aytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shayxontohur tuman fuqarolik sudi “O’zbekiston” telekanalini tuhmat va haqorat qilishda ayblagan jabrlanuvchilar shikoyatini qanoatlantirmagan. Sudda televideniye vakili ko’rsatuv Ichki ishlar vazirligi buyurtmasiga binoan tayyorlanganini aytgan.
Bu ishni yaqindan kuzatib kelayotgan huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha, sud qarori ustidan Toshkent shahar fuqarolik sudiga shikoyat tayyorlanyapti.
“Xiyonat” ko’rsatuvida Norvegiyadan vatanga qaytgach, diniy ekstremizmda ayblangan olti shaxs “besoqolbozlar” sifatida ham taqdim etiladi. Ana shu mahkumlardan biri, Shuhrat Ilhomovning yaqinlari sudga chiqqan edi.
9-mart kuni bo’lib o’tgan mahkama shikoyatni qondirmagan. Unda ko’rsatuv ijodkorlaridan hech kim qatnashmagan.
O’zbekiston televideniyesiga nisbatan norozilik oddiy aholi orasida azaldan kuchli va so'nggi voqea sabab yanada kuchaygan bo'lsa ajabmas.
Yurtning mashhur ulamosi, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o’limi haqida ham, uning taxminan 200 mingga yaqin odam ishtirok etgan dafn marosimi xususida ham televideniye hech narsa demadi.
Bu sukut ijtimoiy tarmoqlarda ham, internetdan uzoq bo’lgan jamoatchilik nazaridan ham chetda qolmagan.
“Albatta odamlar gapiradi, nega televideniye jim, deb. Bilasiz, namozxonlar ko’p... Ko’rsatma bo’lmasa baribir chiqarmaydi. O’zbekiston matbuoti shu ahvolga kelib qolgan, hammasi buyruqqa qarab qolgan”, - deydi Surat Ikromov.
Shayxning o’limi haqida jamoatchilikni xabardor qilmaslik senzura, hukumatning musulmonlar qarshisidagi tahlikasi bilan bog’liq, deydi kuzatuvchilar.
“Qonunda matbuot mustaqilligi belgilangan, lekin amalda albatta hammasi hukumat ruxsatiga bog’liq. Men o’ylashimcha, bu yerda hukumat bir narsadan qo’rqqan bo’lsa kerak, bu hammasi dinga bog’liq. U kishi musulmonlar, dindorlar juda hurmat qilgan inson edi. Agar biz buni bersak, musulmonlarda qandaydir ko’tarilish paydo bo’lishi mumkin degan qo’rquvda bermagan bo’lishi mumkin. Masalan, janoza paytida taxminan 200-300 ming odam qatnashgani, boshqalarni aytish odamlarga ta’sir qiladi deb hisoblashgan”, - deydi Ikromov.
Shayx Muhammas Sodiq Muhammad Yusufning vafoti nafaqat o'zbek tilida balki boshqa tillarda ham internetda keng yoritildi.