O'tgan 10 oyda O’zbekiston va Tojikiston munosabatlari ancha iliqlashib, orada savdo-sotiq va bordi-keldilar rivoj topdi.
Islom Karimov vafotidan so’ng respublika prezidentligiga saylangan Shavkat Mirziyoyevning qo’shnilar bilan aloqaga urg’u berishi har ikki respubilka aholisi o’rtasida ko’tarinkilik ruhini oshirgan.
Mustaqillikning ilk yillarida fuqarolar urushi domiga tortilgan Tojikistondagi og’ir yillarda qo’shni O’zbekiston hamsoyalariga oziq-ovqat va keragida qurol-aslaha bilan ham yordam ko’rsatgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Sabablari hali ham to’la yoritilmagan sovuqchilik sabab qariyb yigirma yil biri-biri bilan munosabatlar yaxshi bo’lmay, chegaralarning ayrim qismlari hatto piyodalarga qarshi minalar bilan to’silgan va orada yuzga yaqin tinch aholi halok ham bo’lgan.
Ikki respublika o’rtasidagi yillik 300 million dollardan ortiq savdo-sotiq oxirgi yillarda atigi 4-5 millionga tushib qolgan va yangi asr oldidan esa orada viza tartibi joriy etilgandi.
Joriy yil boshidan O’zbekiston yangi prezidentning yangicha tashqi siyosati tufayli sovuqchilikka barham beridi. Shu yilning birinchi yarmida savdo-sotiq oldingi yillarga nisbatan juda tez sur’atlarda o’sib, 70 million dollardan ortib ketdi. Bu - oldingi yillardagiga qaraganda qarib 14-15 baravar ziyoddir.
Shu yilning bahorida Tojikiston poytaxti Dushanbeda o’tkazilgan yarmarkada O’zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko'z-ko'z qilindi. Tojik matbuoti hayratlanarli maqolalar chop etdi, O’zbekiston televideniyesi ham buni yoritdi.
Tojikistondan O’zbekistondagi jigargo’shlari oilasiga tez-tez borib turuvchi Mirshakarning aytishicha, ayni paytda chegaradan o’tish nazorat joylarida ham ancha yengilliklar seziladi.
"Chegaradan o’tishdagi oldingi sansolarchilik, qattiq nazorat hozir yo’q. Muomala har ikki tomonda ham o’ta samimiy. O’zgarsa bo’lakan-ku, buning uchun bitta prezident olamdan o’tishi kerakmidi, shunisiga hayronman. Ammo, o’zgarishlar juda ijobiy", - deydi Mirshakar.
Tojik tahlilchisi Ne’matullo Mirsaidovning fikricha, ikki o’rtadagi munosabatlarning bu qadar tez iliqlashuvidan yaqin yillada oradagi viza tartibining bekor qilinishiga umid qilsa bo’ladi.
"Asrlar davomida chegara bilmagan ikki tilli bir xalq orasidagi xiralikning sababi liderlarning ambisiyasida edi, buni oldin ham aytganman, mana lider o’zgarib, aloqalar rivoj topmoqda. Hozir qimmatroq bo’lsada Dushanbe-Toshkent yo’nalishida havo parvozi tiklangan, chegaralardan o’tish uchun qo’shimcha yo’llar ochilishiga kelishilmoqda, Tojikistonda chiqariluvchi va bizga olib kelinuvchi mollarga tranzit yo’li soddalashtirildi, anchagina engilliklar bor, shu ketishda bo’lsa, bir yil o’tib oradagi viza tartibi ham bekor qilinadiganga o’xshaydi. Shunday iltimos bilanhar ikki qo’shni respublika tadbirkorlari o’z rahbarlariga chiqishmoqda, buni yuqori martabali hukumat odamlari ko’rib chiqadigan ko’rinadi", - deydi Mirsaidov.
Tojikiston shimolidagi Xo'jand shahrida yaqinda tashkil etilgan “Vodiy imkoniyatlari-2017” xalqaro ko’rgazmasidagi eng ko’p pavilyonlar egasi ham O’zbekiston bo’ldi. O’zbeklar egallagan burchaklar o’ndan ortiq edi.
Namangan shahridan tashrif buyurgan “ATLAS” milliy bo’yoq xususiy korxonasi direktori Akbar Axmadjonov ikki qardosh respublika tadbirkorlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilganini qayd etsa, Tojikistondagi mineral suvlar ishlab chiqaruvchi kompaniya vakili o’zbeklarning Xorazm vohasidan kelgan hamkasblari mahsulotiga Sug’dda talab kattaligini e’tirof etadi.
"Qadim Xo'jandda bizni a’lo darajada kutib olishdi, ajoyib diyor ekan, juda xursand qilishdi, mezbonlarga gap yo’q. Bu erda hamkasblarimiz bilan uchrashib, amin bo’ldikki, har ikki tomon uchun manfaatli ishlarni bajarsak bo’ladi. Mahsulotlarimiz sifati va narxu-navosi tojik birodarlarimizga ma’qul, bizda ishlab chiqarilayotganini do’stlarimiz uzoq Turkiya va Rossiyadan keltirishar ekan, biznikini ko’rib, ma’qul topishmoqda, mahsulotni arzon va tez etkazib beramiz", - deydi Namangandan kelgan o’zbek tadbirkori.
"Hozir ikki respublika sanitar-epidemiologiya xizmati va bojxona qo’mitalari rahbariyati orada qanday to’siqlar bor va ularni qanday bartaraf etsih haqida, o’zaro engilliklarni joriy etish borasida kelishib olishmoqda, yaqin oylarda chegaradan mol olib o’tishda bir qator engilliklar bo’ladi",- deydi tojik chegara bojxona xodimi.
Dushanbedan kelgan yuqori martabali davlat xodiming aytishcha, yaqin orada har ikki respublika chegaralarida nazorat-o’tish nuqtalari miqodri ko’paytiriladi, nazorat soddalashtiriladi, qo’shma korxonalar ochish uchun imtiyolar yaratiladi, savdo-sotiq yana o’n baravar ortishi kutilmoqda.
"Hademay, sentabr oyida, mustaqillik bayramlaridan so’ng Tojikistonda yana bir O’zbekiston mahsulotlari ko’rgazmasi o’tkaziladi, xalq bunga muhtoj. Xo'janddagi ko’rgazmada eng ko’p mahsulot tarqatgan ham qardosh O’zbekiston tadbirkorlari bol’di, bu hali kichik qismi, oldinda marralar talaygina",- deydi Tojikiston savdo-sanoat palatasi ma’sul xodimi.
Tojikiston chegaralarining 1300 kilometrdan ziyodi O’zbekiston bilan bo’lib, aynan shu chegara orqali o’tuvchi yo’llar respiblikani eng muhim shimol va g’arb yo’nalishi bilan bog’laydi.
Tojikistonni Afg’oniston bilan bog’lovchi yo’l - janubiy chegaralarda AQSh ko’magida Amudaryo uzra qurilgan yangi kop’riklar va chegaraoldi bozorlari esa qo’shnilarda davom etib kelayotgan urushlar tufayli kutilgan darajada rivojlanmay qolmoqda.