O'zbekiston hibsxonasidan yana bir jasad chiqdi - Rossiyadan qaytgan yigitniki

O'zbekiston - qiynoq muntazam ravishda qo'llanadigan davlat

Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi hibsxonada 25 yoshli Kamoliddin Qo'ziyev qiynoqlar ostida o'lgan bo'lishi mumkin. Militsiyaga ko'ra, Qo'ziyev kamerada o'zini osib qo'ygan. Lekin marhumning yaqinlari uning jasadida ayovsiq qiynoq izlari qolganini aytmoqda.

Bu haqda xabar tarqatgan O'zbekiston inson huquqlari alyansi Qo'ziyev o'limi yuzasidan surishtiruv o'tkazish talabi bilan Ichki ishlar vazirligiga shikoyat arizasi bilan chiqqan.

Kamoliddin Qo'ziyev 7-aprel kuni Bekobod tuman ichki ishlar boshqarmasiga so'roqqa chaqirilgan, 9-aprel kuni esa uning o'ligi uyiga qaytarilgan.

Jasad ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, hokimiyat vakillari, mahalla imomi ishtirokida soat 16.00 larda olib kelingan. Marhum shu kuniyoq kechki soat 20.00 larda ko'milgan.

“Qaridoshlarini tezda jasadni ko'mishga majburlashgan, shoshiltirishgan. Ular hatto qabr ham tayyor emasligini aytishganida, militsiyaning o'zi qabrni kovlatib tayyorlab qo'ygan. Ko'mish marosimi esa qo'l chiroqlari yordamida o'tgan, chunki soat sakkizlar ancha qorong'i tushib qoladi. Jasadni soat to'rtda olib kelishgan bo'lsa, to'rt soat o'tib uni ko'mib bo'lishgan”, - deydi O'zbekiston inson huquqlari alyansi yetakchisi Yelena Urlayeva.

Kamoliddin Qo'ziyev so'roqqa biror rasmiy qog'ozsiz, telefon orqali chaqirilgan. Militsiya nima sababdan so'roqqa chaqirgani noma'lum. Rossiyada mardikorlikdan qaytgan Kamoliddin bozorda daraxt ko'chatlari savdosi bilan tirikchilik qilib yurgan. Ayrim manbalarga ko'ra, u diniy ekstremistik guruhlarga aloqadorlik bo'yicha chaqirilgan bo'lishi mumkin.

Kamoliddinning onasi Zaynab Qo'ziyeva va akasi Baxtiyor Qo'ziyev O'zbekiston inson huquqlari alyansiga o'lim yuzasidan berilgan rasmiy izohdan norozi bo'lib murojaat qilishgan.

O'lim haqida berilgan guvohnomada Kamoliddin Qo'ziyevning o'limi sababi “bo'yin a'zolarini sirtmoq bilan siqilishi” deb ko'rsatilgan. Jasadni olib kelgan Ichki ishlar boshqarmasi vakillari Kamoliddin hibsxonada choyshab yordamida o'zini osib qo'yganini aytishgan. Ammo bunga marhumning yaqinlari ham, ular bilan suhbatda bo'lgan Yelena Urlayeva ham ishonmaydi.

“Bu judayam ayanchli. Men kecha marhumning yaqinlari bilan uchrashdim. Onasi o'g'lini uylantirishni rejalab qo'yganini aytib yig'layapti. Ular qiynoq ko'rsatilgan deb hisoblashayapti. Chunki jasadni yuvishganda ko'plab qiynoq izlarini kuzatishgan. Boshi pachoqlangan, bo'yni kuydirilgan. Militsiya esa Kamoliddin kamerada o'zini osib qo'ydi, deyapti. Bunga ishonish qiyin. Men Ichki ishlar vazirligiga o'lim sabablarini o'rganish talabi bilan murojaat qildim”,- deydi Urlayeva.

Qo'ziyevga nisbatan qiynoq qo'llanganiga jasadni yuvgan marhumning yaqinlari guvoh bo'lishgan. Ularga ko'ra, Kamoliddinning ko'krak qismida kaltak izlaridan ko'karishlar qolgan. Boshida va bo'ynida jarohat izlari bo'lgan, bo'ynidan cho'zilgan ochiq yara jarrohlik yo'li bilan tikilgan.

Yelena Urlayeva deydiki, agar bu ish yuzasidan xolis surishtiruv o'tkazilsa, jasad qayta tekshirilsa, qiynoq tufayli o'lganini isbotlash qiyin bo'lmaydi.

“Jasadda juda ko'p qiynoq izlari bo'lgan, agar jasad egzumatsiya qilinsa, mustaqil tekshiruv o'tkazilsa, buni isbotlash mumkin. Bundan tashqari militsiya choyshab yordamida o'zini osgan deyapti, hibsxonalarda esa hech qanaqa choyshabning o'zi berilmaydi. Albatta, biz militsiya tomonidan turli yolg'onlar qo'llanishini ehtimoldan soqit qilmayapmiz”, - deydi O'zbekiston inson huquqlari alyansi yetakchisi.

O'zbekistonda qiynoq qo'llanishi, qiynoq qurbonlari soni o'sayotgani inson huquqlari tashkilotlari ko'tarib kelayotgan muammo.

Kuni kecha Londonda asoslangan Xalqaro Amnistiya taqdim etilgan hisobot ham “Maxfiylik va yolg'on: O'zbekistonda qiynoq ostida iqrornoma olish” deb nomlanadi.

Tahlilnoma Amerika va Yevropani O'zbekistondagi qiynoqlarni xotirjam kuzatayotganlikda ayblaydi. Mamlakatda qiynoq qo'llanilishini to'xtatish uchun keskin pozitsiyada turish kerak, deya undaydi tashkilot.

Kamoliddin Qo'ziyev 25 yoshda edi