O'zbekiston va Ukrainada yil oxirida parlament saylovlari

Your browser doesn’t support HTML5

Shu yili oktabr oxirida Ukrainada, dekabrda esa O’zbekistonda parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Har ikki parlament vakolat muddatini yakunlash arafasida turibdi.

Ukraina parlamenti muddatidan avval tarqatilishi ham mumkin. Prezidentlik saylovida g'alaba qilgan Vladimir Zelenskiy lavozimga kirishishi bilanoq parlamentni tarqatib yuboradi, degan taxminlar mavjud.

O’zbekistonda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan parlamentni yangilash talabi ko’tarilgan edi. Ammo bu talab prezident tomonidan diqqatga loyiq ko’rilmadi, Oliy Majlisga o’z vakolat muddatini to’liq yakunlash imkoniyati berildi.

Ukrainada esa parlament uchun kurash allaqachon boshlangan, prezidentning qasamyod keltirish sanasi hozirgacha noaniqligi shu bilan bog’liq ko’rilmoqda.

Ukrainada prezident qasamyodi Markaziy saylov komissiyasining yakuniy xulosasidan so’ng bir oy ichida parlament tomonidan belgilanadi. Bu Vladimir Zelesnkiy may oyi oxiri yoki iyun oyiga borib qasamyodga keltirishidan darak beradi. Shunday bo’lganda, yangi prezidentda vakolat muddatiga yarim yil qolgan parlamentni tarqatish uchun asos qolmaydi.

Xullas, 27-maydan Ukraina parlamenti uchun saylovlarga yarim yil qoladi. Prezident Petro Poroshenkoning partiyasi ko’pchilikka ega parlament esa katta ehtimol bilan Zelenskiy qasamyodini shu sanadan so’ng belgilashga harakat qiladi.

Qonunchilik doirasidagi bu siyosiy kurash bir tomondan parlament kuchidan darak bersa, boshqa tomondan prezident parlament bilan hisoblashishga majburligi, deputatlar qonun doirasidagi hokimiyatga egaligini ham ko’rsatadi.

O’zbekiston parlamentiga doir chorak asrlik tajriba xalq saylagan deputatlarning prezidentga mutlaq bo‘ysunishi mamlakatni turg’unlikka yetaklovchi asosiy omillardan biri ekanini ko’rsatdi.

Bugun ham vaziyat o’zgargan deyish qiyin. Prezident yangilandi, ammo parlamentda turg’unlik davridagi avvalgi vakillar o’tiribdi, navbatdagi saylovlar bu borada biror o’zgarish yasashi esa sezilmayapti.

O’zbekiston parlamenti saylovlarigacha qolayotgan muddat hozircha parlament kurashida yangi siyosiy kuchlar bo’lishidan darak berayotgani yo’q.

Xullas, parlamentlar o’rtasidagi paralellar har ikki mamlakat saylovlar arafasida turganida ko’rinadi, xolos.

Ta’kidlash joiz, O’zbekistondan farqli Ukraina parlamenti ikki palatali emas. Ammo parlament kuchi palatalarda emas, mustaqil faoliyatda ekanligini amalda ko’rsatmoqda.

Buni O’zbekistonda diktatura davrida asos solingan ikki palatali parlament hamon turg’un maqomdaligi, Ukraina parlamenti uchun esa siyosiy kurashlar qizg’in kechayotganida ham kuzatish mumkin.