“Xavfsizlikka kelganda O’zbekiston G’arbni tanlamoqda”

Afg'oniston shimoli, mozori-shariflik ayol, 18-avgust, 2009-yil.

Yaponiya poytaxti Tokioda donor-davlatlar Afg’onistonga kelasi to’rt yilda 16 milliard dollar va’da qildi. Tadbirda O’zbekistondan ham delegatsiya qatnashdi.

O’tgan hafta Markaziy Osiyoga borgan AQSh qonunchilari O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashuvda ham Afg’oniston masalasini muhokama qilgan. Mintaqaviy xavfsizlikka e’tibor qaratayotgan rasmiy Toshkent G’arb bilan Afg’oniston bobida hamkorlikni oshirishdan umidvor.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, mamlakat Afg’onistonda tinchlik va qayta qurish ishlariga sezilarli hissa qo’shib kelmoqda.

Rasmiy Toshkent Afg’oniston bo’yicha xalqaro konferensiyalarning doimiy ishtirokchisi emas. Biroq xalqaro qo’shinlarni olib chiqishda O’zbekistonga berilyotgan rol tobora ko’p tilga olinmoqda.

So’nggi paytda NATO va AQSh rasmiylarining O’zbekistonga tashriflari tezlashdi va muhokamalarda, asosan, afg’on masalasi ko’tariladi. Tokio konferensiyasidan ikki kun avval Islom Karimov AQSh delegatsiyasini Toshkentda qabul qilib, shu haqda fikr almashgan.

O’zbekiston tomoni qo'shni yurtni qayta tiklash ishlari, xususan, infratuzulmani qayta qurishda qatnashish niyatida. Hozirgacha temir yo’l, avtomobil yo’llari qurish, Kobulni elektr energiyasi bilan ta’minlashda ishtirok etib kelinayotgan edi.

NATO Afg’onistonni tark etishga hozirlik ko’rar ekan, hamkorlik yanada kengayishi kutilmoqda. Rasmiy Toshkentning Kollektiv Xafsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqish qarori ortidan O’zbekistonda AQSh harbiy bazasi qayta ochiladi, degan taxminlar bor.

O’zbekiston rahbariyati Afg’onistonda vaziyat keskin izdan chiqib ketadi, deya xavotir bildirib keladi. Karimov o’tgan oy Surxondaryoga qilgan safari davomida o’zbek-afg’on chegarasida bo’ldi. Hayraton chegara postida harbiylar bilan uchrashar ekan, ularni Afg’onistonda jiddiy o’zgarishlar kutilayotgani haqida ogohlantirdi.

Siyosatshunos Farxod Tolipov fikricha, rasmiy Toshkent Afg’oniston bois mintaqa tinchi buzilgan taqdirda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga ishonish qiyinligini biladi. O’zbekiston tashkilotni tark etishi, asosan, Afg’oniston bilan bog’liq.


“Toliblar O’zbekiston chegarasida turgan yillari ham tashkilot biror yordam bermadi. O’zbekiston bilan birga tahdidni bartaraf etishi mumkinligi haqida bayonot bilan chiqmadi. Biroq eng muhimi, hozir ham Afg’onistondagi vaziyat beqarorlashgan taqdirda xalqaro hamjamiyat qanday chora ko’rishi ochiq qolmoqda. Bu degani, nafaqat O’zbekiston, balki xalqaro hamjamiyat xavfsizligi tahdid ostida”, - deydi Tolipov.

Tahlillardan xulosa, rasmiy Toshkent Afg’oniston bo’yicha NATO, G’arb bilan hamkorlikni afzal ko’rmoqda.