AQSh Federal qidiruv byurosining bayon qilishicha, Nyu-York shahrining Bruklin tumanida uch kishi "Islomiy davlat" ga qo'shilish uchun ketayotgan paytda hibsga olingan. Ulardan biri, agar bora olmasa, Amerika rahbari Barak Obamani o'ldirishga so'z bergan, deydi agentlar.
Uchala yigit terrorchilar safiga kirsa-kirmasa, qonli xurujlar qilish niyatida bo'lgan va buni isbotlovchi dalillar yetarli, deya bildirmoqda federal rasmiylar.
Abdurasul Jo'raboyev, Ahror Saidahmetov va Abror Habibov terroristlarga moddiy yordam berishga uringanlik aybi bilan yuzlashmoqda.
24 yoshli Jo'raboyev va 19 yoshli Saidahmetov internetda "Islomiy davlat"ni quvvatlab chiqqan, Obamani yo'q qilishga chaqirgan, kofirlarni qatl etishni yoqlagan va o'tgan yildan beri kuzatuvda bo'lgan. Turkiya orqali Suriyaga borish rejasini tuzgan, deydi rasmiylar.
Federal agentlar so'roq qilganida Jo'raboyev "Islomiy davlat"ga qo'shilish va Obamani o'ldirish niyati borligini yashirmagan.
Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Jo'raboyev Bruklinda portlash qilishni ham ko'zlagan.
Saidahmetov 25-fevral kuni Nyu-Yorkning Jon Kennedi xalqaro aeroportida Istanbulga uchish arafasida turganida hibsga olingan.
Saidahmetov Suriyaga borolmasa, qurol sotib olib, politsiya va federal agentlatni o'ldirishni maqsad qilgan. 30 yoshli Habibov Floridada ushlangan. U Amerikaga qonunan kelgan lekin viza muddati o'tib ketgan.
AQSh federal prokurori Loretta Linch bunday shaxslar o'z niyatlariga yeta olmasligi uchun barcha chora ko'riladi, deydi. "Islomiy davlat" dek qonxo'r to'daga kirishni istaganlar to'xtatiladi, aybi uchun javob beradi, deydi u.
Federal qidiruv byurosi yoshlarni terrorist guruhlarga qo'shilmasligini ta'minlash uchun muhojir jamoalar, musulmon doiralar bilan hamkorlikni kengaytirmoqchi.
Jo'raboyev, Abdulloh ibn Hasan nomi bilan ham tanilgan yigit asli O'zbekistondan, Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqiga ega bo'lgan.
Saidahmetov ham shunday hujjatga ega, lekin u Qozog'istondan.
Habibov Bruklin va AQShning boshqa joylarida telefon va uy-ro'zg'or do'konlarida ishlagan. U ham O'zbekistondan.
Sudlanib, aybdor deb topilsa, har biri 15 yilgacha qamalishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5