Ukrainadagi o'zbeklar: Rossiya axborot vositalariga ishonmang!

Ukrainadagi O'zbeklar jamiyati raisi Po'lat Qozoqov (o'ngda) va jamiyatning faxriy a'zosi Qalandar Bobojonov

Ukrainadagi o’zbeklar fikricha, O’zbekistonda odamlar Rossiya axborot vositalari ta’siri ostida qolib, bu mamlakatdagi asl vaziyatdan bexabar. Kiyevda o’zbeklar ancha faol, xususan Maydonda inqilobchilarga yordam ko’rsatish bobida.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya axborot vositalariga ishonmang, deydi Ukrainadagi o’zbeklar/Malik Mansur

Ular o’zlarini demokratiya tarafdorlari va erkinlik himoyachilari deb ataydilar.

Ukrainadagi xalq inqilobi Rossiya matbuotida noto’g’ri yoritilmoqda va talqin qilinmoqda, deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan vatandoshlar.

Ukrainadagi O’zbeklar jamiyati yuzdan oshiq a’zoga ega. Tashkilot 2004-yilda ro’yxatdan o’tgan. Uning raisi Po’lat Qozoqov 40 yildan buyon Ukrainada yashaydi, shu mamlakat fuqarosi.

Boshqa faollar ham asosan Ukraina fuqarolari. Jamiyatning asosiy maqsadi - o’zbek madaniyati, tili va urf-udumlarini saqlash, targ’ib qilish.

Konstitusiya kuni munosabati bilan Kiyevda o’tgan bayramda o'zbeklar osh tortdi.

Po’lat Qozoqov deydiki, jamiyat a’zolari inqilob paytida maydondagilarni faol qo’llab turgan, ayrim yoshlar maydonchilar safida bo’lishgan.

“Tadbirlarimiz asosan o’zbek madaniyatini ko’rsatishga qaratilgan. O’zbekmiz, o’zbekligimizni ko’rsatishga harakat qilamiz. Maydonni Kiyevda yashaydigan o’zbek yoshlarimiz qo’llab turishdi, ular orasida hatto yaralanganlari ham bo’ldi. Haqiqatdan ham biz Yevropa tomon harakat qilayapmiz, chunki kelajagimizni o’ylayapmiz. Eski rahbar korrupsiyani yoyib, odamlarni ezib yuborgan edi. O’zgarish kerak edi, busiz bo’lmasdi. Chegaradan o’tib ketgandan keyin xalq inqilob qildi”, - deydi Qozoqov.

Konstitutsiya kuni munosabati bilan Kiyevda o’tgan bayramda O’zbeklar jamiyati osh tortdi

Tashkilotning faxriy faollaridan biri, tibbiyot fanlari doktori Qalandar Bobojonov Ukraina inqiloblari atrofida vujudga kelgan axborot urushiga alohida ahamiyat qaratadi.

Uning tahlilicha, Rossiya axborot vositalari orqali O’zbekistonga yoyilayotgan ma'lumotlar haqiqatdan yiroq va Moskvaning sobiq ittifoqni tiklash go’yasini tashuvchi xavfli oqimdir.

“Rossiya hozir olib borayotgan targ’ibot - urushning yana bir turi, buni boshqacha atash mumkin emas. Agar Rossiya taqdim etayotgan axborot yo’lidan boradigan bo’lsak, Ukraina ham, O’zbekiston ham o’z davlatchiligidan ayrilishi kerak. Bu axborot urushiga birgalikda qarshi tursak, biz yutib chiqamiz”, - deydi Bobojonov.

“Rossiya bir tomonlama axborot urushini olib borayaptimi, hozir shunday texnologiyalar borki, bu axborotlarni bir kunda yopish mumkin. Masalan, AQSh bir kunda to’xtatishi mumkin Rossiya informatsiyasini, sputniklarni ham yopish mumkin hozir. Izolyatsiyaga tushgandan keyingina Rossiya sekin o’ziga keladi. Men Ukrainada Rossiya televideniyesini taqiqlash bo’yicha qonun qabul qilingani to’g’ri deb hisobylayman. Bu qonun matbuotga ham tegishli bo’lishi kerak. Rossiya eski tuzumni, hamma narsa Moskva orqali hal qilingan davrni tiklamoqchi”, - deya qo’shadi u.

Ukrainadagi o'zbeklar

Rossiya propagandasi Ukrainadagi hodisalarni millatchilar amalga oshirgan to’ntarish sifatida, Qrimni tarixan Rossiyaga tegishli o’lka sifatida taqdim etadi.

Ruslar qay bir davlatda bo’lmasin, Kreml ularning huquqini himoya qilish uchun armiyani qo’llashga tayyorligi Markaziy Osiyo ahli orasida ham jiddiy tashvish uyg’otdi.

Ukrainadagi o’zbeklarga ko’ra, rus matbuoti Rossiya bosqinini sobiq ittifoq davlatlarida ozodlik harakati sifatida taqdim etmoqda va buning ta’siriga tushgan vatandoshlar ham ko’p.

Ukrainada taxminan 40-50 ming atrofida o’zbeklar bor.

Matbuot ustidan keskin nazorat o’rnatilgan O’zbekistonda Ukraina haqida to’siqsiz ma’lumot beruvchi asosiy manba Rossiya televideniyesi va nashrlari bo’lib qolmoqda.

Ukrainaning O’zbekistondagi elchixonasi mamlakatdagi inqilobni xolis taqdim etish maqsadida Toshkentda matbuot anjumani o’tkazgan edi. Ammo bu tadbir o’zbek matbuotida yoritilmadi.