AQShda konoravirusga qarshi shu hafta tasdiqlangan vaksina “Pfayzer” (Pfizer) kompaniyasining Michigan shtatidagi laboratoriyasidan butun mamlakat bo’ylab tarqatila boshlandi.
Jarayonga bosh-qosh general Gustav Pernaning aytishicha, ilk uch million doza 145 manzilga yetkazib beriladi. AQShda kasallanish bo’yicha raqamlar keskin oshib, virusni yuqtirganlar 300 mingga yetar ekan, aholini emlash 14-dekabrdan boshlanadi.
Buni ham ko'ring Pfayzer-Biontek vaksinasi uchun litsenziya olishga muhim qadam qo'yildi12-dekabr kuni mamlakatda 3309 ta o’lim qayd etilgan.
Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi Amerikaning “Pfayzer” va Germaniyaning “Biontek” (BionTech) kompaniyalari ishlab chiqargan vaksinani favqulodda holatlarda ishlatishga ruxsat bergan. Uning samaradorligi 95 foiz ekani aytilmoqda.
Birinchi navbatda shifokorlar va maxsus muassasalarda yashovchi keksalar emlanadi. COVID-19 patogenidan maksimal darajada himoyalanish uchun uch hafta oralig’ida har bir kishi ikkita doza qabul qilishi tavsiya etilgan.
“Biontek” rahbari Ugun Shahinning ta’kidlashicha, vaksina “Qo’shma Shtatlar bo’ylab odamlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi va normal hayotga qaytishni tezlashtiradi”.
AQSh hukumatining bildishicha, emlash kampaniyasi kelasi haftalar ichida jadal tarzda olib boriladi, ayniqsa “Moderna” kompaniyasining vaksinasi ham yaqin kunlarda tasdiqlansa.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi vaksinani 16 yosh va undan kattalar uchun tavsiya etmoqda. Homilador ayollar va 16 yoshgacha bo’lgan bolalarni emlash to’g’risida hozircha qaror yo’q. Bu ikki guruh uchun qo’shimcha sinovlar 2021-yilning yanvarida boshlanadi.
“Pfayzer/Biontek” vaksinasi oy boshida Britaniyada tasdiqlanib, aholini emlash boshlangan edi. Kanada, Meksika, Baxrayn va Saudiya Arabistonida ham uni qo’llashga ruxsat berilgan.
Kelishuvga ko’ra, “Pfayzer” AQSh uchun kelasi yil mart oyigacha 100 million doza vaksina tayyorlab beradi.