Seshanba oqshom AQShning Nyu-York shahrida vitse-prezidentlikka ikkita asosiy nomzod o’rtasida yagona debat o’tkaziladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bir yarim soatlik tadbir har ikki tarafga tarafdorlari sonini oshirishga imkon beradi.
Jey Di Vens ogayolik senator bo’lib, saylovda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Trampga sherik. U debatda iqtisodiyot va chegara xavfsizligiga urg’u bermoqchi.
"Amerikaliklar hayotini yaxshilash uchun nimalar qilishimizni, Donald Tramp siyosati ularni yanada farovon qilishini, dunyoni tinchroq, janubiy chegaralarimizni xavfsizroq qilishini aytaman”, - deydi u.
Vensning raqibi Tim Uolz, ayni paytda Minnesota shtatida gubernator. Demokratlar amerikalik ishchilar manfaatlarini o’ylayapti, deydi u.
“Ko’plab oddiy odamlar kabi men Amerika markazida katta bo’lganman. Vens Yel universitetida o’qigan, Silikon vodiysidagi milliarderlar karyerasini moliyalagan, so’ng bestseller kitob yozib, unda o’z jamoasini loyga bulg’agan. O’rta Amerika aslida bunday emas”, - deydi Uolz.
Vens Trampning ashaddiy tanqidchisidan uning muxlisiga aylangan siyosatchi, Trampning “Amerika birinchi” siyosatini targ’ib qilmoqda.
"Dushmanlarimiz va ko’plab demokratlar bizni populist deb atayapti, xuddi bu bir haqoratdek. Agar populist bo’lish o’rta sinfni vayron qilgan va xorijda ahmoqona urushlarga qo’l urgan qudratli elitadan ko’ra xalq bilan birga bo’lishni anglatsa, populist bo’lishga qarshi emasman”, - dedi Vens.
Senator fikricha, Ukraina masalasida Yevropa rahbarlari tashabbuskorroq bo’lishi, ko’proq pul ajratishi kerak. Uolz nazarida, Vens va Tramp AQShni liderlikdan mahrum qilmoqchi.
“Respublikachilar bir paytlar ozodlik uchun joy kuydirgan, ittifoqchilaridan yuz o’girmagan, Ukrainani yolg’iz qoldirmagan bo’lardi”, - deydi Uolz.
Vens nazarida, demokratlardan prezidentlikka nomzod Kamala Harris noqonuniy muhojirlarni amerikalik ishchilardan ustun qo’yadi.
“Kamala Harris Amerika fuqaroligi beruvchi imtiyozlarning barchasini bu yerga kelishi kerak bo’lmagan odamlarga bermoqchi, ammo bu mamlakatimizni kasodga uchratadi, oddiy odamlar uchun uy sotib olishni qiyinlashtiradi, mahsulotlarni qimmatlashtiradi”, - deydi respublikachi nomzod.
Uolz Trampning biznes va siyosatdagi karyerasi o’ziga o’xshagan boy odamlarga foyda keltirishini aytadi.
"Ular iqtisodiyotni yuqorida o’tirganlar manfaatiga moslash bilan, pastdagi odamlarni aldash bilan shug’ullanishadi. Narxlarni oshirishadi, umumiy davlat tibbiy sug’urtasini yopishadi, ijtimoiy xavfsizlik, qariyalar uchun tibbiy sug’urta dasturlarini kesishadi”, - deydi Uolz.
5-noyabrda bo’ladigan saylovgacha Harris Tramp bilan yana bir debatda bellashishga tayyor ekanini bildirgan, biroq sobiq prezident bu taklifga hozircha rozi bo’lgani yo’q.