2016-yilda Hillari Klinton prezidentlik uchun kurashganida ayolligiga e’tibor kuchli bo’lgan. Ayni damda Kamala Harris, Oq uyga demokrat nomzod, gender masalalarini ko’tarsa-da, ayolman deb bong urmayapti. Biroq saylovda jins muhim omil.
Respublikachilarning saylovoldi qurultoyida erkaklik ulug’lansa, demokratlarnikida esa boshqacha manzara.
Har ikki partiyada asosan erkaklarni ko’rasiz, vaholanki, demokratlarning nomzodi ayol kishi. Lekin uning ikki yonida erkaklar – biri vitse-prezidentlikka nomzod Tim Volz, ikkinchisi esa turmush o’rtog’i Dag Emhoff. Ular Harrisning ishongan odamlari. Nomzod ularga mutlaq tayanishini aytadi.
Boshqa demokratlar fikricha ham bu erkaklar Amerikani aks ettiradi, istak va iroda jihatdan. Bosiq insonlar. Ular ayollarni kamsitadigan va o’zini hammadan ustun deb biladigan erkaklardan emas, deydi demokratlar.
Tramp o’zini kurashchi deb ko’rsatadi, vitse-prezidentlikka nomzodi Jeyms Vens singari.
“Umrimizda ilk bor shunday odam prezidentlikka harakat qilmoqda. U chuqur ildiz otgan byurokratiyaga bas kela oladi. U dunyo bo’ylab zolim rahbarlarga ham bas kela oladi. Uni hech bir o’q qulata olmaydi”, - deyd Vens.
Tramp va Vens – an'anaviy erkaklar obrazida.
“Erkaklar bizni boshqaradi, erkakcha qarorlar qilinadi, degan tushunchalar yangramoqda. Bu eski zamonlarga xos patriarxal tuzumlarni eslatadi”, - deydi Kristin Emba, ekspert.
Volzni demokratlar sal boshqacha tanishtiradi.
Bir paytlar futbol treneri bo’lgan, ovchilikni yaxshi ko’radi, harbiy xizmatda ham bo’lgan, uy ishlarida epchil.
Volz abort huquqlari himoyachisi va ayollarni tushunishini aytadi.
“Rafiqam Guen bilan bolali bo’lish uchun uzoq harakat qildik, davolandik. Qizimiz tug’ilganida ismini Hope, “umid” qo’ydik”, - deydi Volz.
Volz xotin-qizlar va hamma uchun nozik hisoblangan masalalarni ochiq va bemalol muhokama qilishi, Tramp va Vens ko’proq erkak ekaniga urg’u berishi oradagi farqni yanayam oydinlashtiradi.
Harrisga ko’proq ayollar, Trampga ko’proq erkaklar ovoz berishini aytmoqda, ayniqsa yoshlar.
Jinsiy farqlar, rollar va gender munosabatlar xususidagi muhokamalardan erkaklar qochadi, deydi mutaxassislar, chunki ular o’zgarishi kerakligi qayd etiladi.
“Erkaklik xavf deb tushuntiriladi, erkak bo’lish tahdid soladigan narsa degan gaplar yangraydi. Ayollar ulardan olib qo’yilgan kuchni qaytib olishi kerakligi uqtiriladi”, - deydi Kelli Dittmar, olima.
Amerika demografiyasi o’zgarib bormoqda. Texnologiya ish joyini va shartlarni o’zgartirgan.
“Bu yangiliklar ayniqsa oq tanli erkaklarni o’ylantirishi tayin, chunki ular endi o’zini ko’proq himoya qilishga harakat qiladi. Mana shu jihatdan ularga Donald Tramp kabi nomzodlarning gaplari, shaxsiyati ma’qul”,- deydi Henk Sheynkof, ekspert.
Tramp o’z kampaniyasida erkaklarga ko’p ahamiyat beradi, ularning ko’ngliga yo’l izlaydi. Onlayn targ’ibotda ham shunday.
Demokratlar esa xotin-qizlar uchun muhim masalalarni oldinga o’ringa qo’yib keladi.
Ularning ta’sirini esa saylov natijalaridan bilib olamiz.