Panetta: Yaqin Sharqdagi muammolar qurol bilan hal bo’lmaydi

  • Amerika Ovozi

Isroil tanklari G'azo bilan chegarada, 16-noyabr, 2012

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta G’azo sektorida harbiy harakatlar avj olganidan xavotirda. Uchinchi kundirki, Isroil unga raketa otayotgan jangarilarni havodan nishonga olmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Yaqin Sharq muammolari qurol bilan hal bo’lmaydi/Shohruh Hamro


Panetta ittifoqchilar bilan uchrashish maqsadida Osiyoga safar qilayapti. Ammo hozir e’tiborni Yaqin Sharqqa qaratmasdan iloj yo’q.

Raketa hujumlariga javoban Isroil G’azo sektorini bosib olamiz, deb dag’dag’a qilayapti. So’nggi uch kunda uch isroillik va 20 falastinlik, jumladan, bolalar halok bo’lgan. Misr yahudiy davlatini agressiyada ayblab, BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilgan.

“Yaqin Sharqning qay bir nuqtasi alanga olmasin, hammani xavotir bosadi, chunki oxiri nima bilan tugashini bilmaydi kishi. Isroil qattiq choralar ko’ra boshlaganini tushunaman”, - deydi AQSh mudofaa vaziri.

O’tgan bir yilda Isroil janubiga G’azodan qariyb 800 raketa tushgan bo’lsa, hammasiga havo hujumi bilan javob qaytarilgan.

Isroil-Falastin ixtilofiga uzoq muddatli yechim kerak, deydi Leon Panetta “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Isroil o’zini himoya qilayotib, aholi orasida talofatlarni kamaytirish haqida ham o’ylashi kerak. Yaqin Sharqdagi muammolar qurol bilan hal bo’lmaydi, buni anglab yetish vaqti keldi. Yagona yo’l - tinchlik muzokaralariga qaytish”, - deydi Leon Panetta.

Ayni damda regionning yana bir qaynoq nuqtasi – Suriya. Chegaradagi shaharlari hujumga uchragan Turkiya NATOdan “Patriot” rusumidagi raketalar so’ramoqda. AQSh bu taklifni qo’llab-quvvatlaydi.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta


Mudofaa vazirining aytishicha, Turkiya Suriya bilan chegarada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini o’rnatmoqchi. AQSh bu borada madad ko’rsatishga tayyor.

Obama ma’muriyati Suriya muxolifati yagona koalitsiya atrofida birlashayotganini olqishlasada, ularga qurol-yarog’ yetkazishga shoshmayapti. Urush jabrdiydalariga 30 million dollarga teng gumanitar ko’mak uzatiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika armiyasida intizom va mas'uliyat/US military conduct


Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta bilan suhbat/Panetta talks to VOA