Prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden latino saylovchilar ko’nglini ovlash uchun yaqinda Florida shtatiga safar qildi. Mamlakat bo’ylab ispanzabon aholi Baydenni quvvatlasa-da, so’nggi so’rovlar ular orasida Trampga xayrixohlar ko’payib borayotganini ham ko’rsatmoqda.
Bayden Floridaga borib, puerto-rikoliklar jamoasidan saylovda uni qo’llab-quvvatlashni so’radi.
“Mamlakat taqdirini hal qiladigan kuchga egasiz. Ovozingiz juda muhim”, - dedi u.
Oxirgi chorak asrdan buyon hech bir respublikachi nomzod Floridada g’alaba qilmasdan Oq uyni qo’lga kiritmagan. Shtatda elektoratning qariyb 25 foizi – latinolar.
2016-yilda Tramp Floridani atigi 1,2 foiz ovoz bilan yutgan. Mamlakat miqyosida esa Hillari Klinton ispanzabonlar ovozini olgan edi.
Hozirda Tramp va Bayden Floridada deyarli teng ketayotgani, Tramp sekin-asta ustunlikni qo’la olayotgani ma’lum.
Mamlakat miqyosida esa Baydenning latinolar bilan 30 foizlik ustunligi hozirda 9 foizga tushgan.
14-sentabr kuni Nevada shtatida latino tarafdorlari bilan uchrashgan prezident xursandchiligini yashirmadi.
“Biz uchun xushxabar. So’rovlar ispanzabon saylovchilar biz tomonga o’tayotganini ko’rsatyapi. Respublikachilar odatda ularning ovozini olishga qiynaladi. Ammo so’rovlarda Baydendan o’tib ketdik”, - deya da’vo qildi Tramp.
Jo Bayden Tramp joriy etgan immigratsion cheklovlarni tanqid qilmoqda. Shuningdek, latino mehnat muhojirlari uchun maoshlarni oshirishga chaqirdi. Ayniqsa pandemiya davrida muhim sohalarda xizmat ko’rsatayotganlar uchun.
“Biz bu insonlarga tayanamiz. Ularning xizmati birinchi bor tan olinyapti. Minnatdorchilik bildirish bilan cheklanmasdan, maoshlarini oshirish kerak”, - deydi Bayden.
Prezident Trampni Floridada asosan Mayamida yashovchi kubaliklar jamoasi qo’llab-quvvatlayapti. Ular sobiq Prezident Barak Obamaning Kuba bilan do’stlik aloqalarini tiklash siyosatidan norozi bo’lgan. Tramp ma’muriyatining Venesuela rahbari Nikolas Maduroga bosim o’tkazayotgani ham ularga ma’qul.
Xabarlarga ko’ra, Tramp Baydenni sotsialist deb ta’riflash bilan 1959-yilda AQShga qochib kelgan keksa kubaliklar ko’ngliga yo’l topmoqda.
Progressiv faollar fikricha, Bayden ko’proq yosh latinolar bilan bog’lanishi kerak, chunki ularning e’tibori iqtisod va tengsizlik kabi masalalarda.
“Saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tgan yosh latinolar, kubalik yoshlar ko’p. Ular otalari yoki buvilariga qaraganda ancha progressiv”, - deydi demokratlarga maslahatchi Chak Rosha.
Saylovga ikki oydan ozroq vaqt qolganida Bayden kampaniyasi Floridadagi ispanzabon aholi bilan bog’lanishga harakat qilmoqda.
O’tgan hafta vitse-prezidentlikka nomzod Kamala Harris shtatdagi venesuelaliklar jamoasi bilan ko’rishdi. Prezidentlikka sobiq nomzod Maykl Blumberg esa Bayden g’alabasini ta’minlash maqsadida Floridada 100 million dollar sarflashga va’da bermoqda.