Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Varshavada inson huquqlari bo’yicha yillik anjumanga yig'ilgan. Unda huquq faollari O’zbekistondagi vaziyatga nisbatan norozilik namoyishlari o’tkazdi. Xalqaro tashkilotlar hamkorligidagi bu aksiyadA O’zbekiston hukumatidan fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan repressiyalarni to’xtatish talab qilindi.
Your browser doesn’t support HTML5
YXHT majlisida O’zbekistondagi vaziyat yuzasidan qator hisobotlar tinglanmoqda.
“Kim aybdor? Navbatdagi kim?” deb atalgan namoyish O’zbekiston hukumatidan fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan repressiyani to’xtatib, siyosiy mahbuslarni ozod etishni talab etadi. Islom Karimov ma’muriyati bilan hamkor G’arb davlatlaridan huquq masalasiga ko’z yummaslik so’ralmoqda.
“O’zbekistonda qatag’on mashinasi kun sayin kuchayib, qurbonlar ko’payib bormoqda. Bu qatag’onlar aybdori faqatgina diktatura rejimi emas, balki bunga rejim bilan hamkorlikni davom ettirayotgan, inson huquqlari buzilishiga ko’z yumayotgan G’arb davlatlari ham mas’ul. Shu sabali biz “Kim aybdor” deb hayqirmoqdamiz. “Navbatda kim?” degani esa o’z-o’zidan tushunarli. Biz sukut saqlashda davom etar ekanmiz, qurbonlar soni yanada oshadi”, - deydi norozilik aksiyasi tashkilotchilardan biri, Fransiyada ro’yxatdan o’tgan “O’t yuraklar” klubi rahbari Mo’tabar Tojiboyeva.
Huquq himoyachisiga ko’ra, maqsad - xalqaro jamoatchilik e’tiborini O’zbekistondagi rejimga qaratish. Tuzum qurbonlari sifatida ko’rilayotgan faollarning, siyosiy mahbuslarning portretlari ishlangan galereya tashkil etiladi.
YXHT yillik anjumanida a’zo davlatlardan rasmiy delegatsiyalar, shuningdek, nodavlat tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi. Tomonlar o’z ma’ruzalarini qiladi.
Konferensiya doirasida 23- sentabr kuni so’z erkinligiga doir vaziyat, 24- sentabr kuni esa qiynoqlar mavzusi ko’rib chiqildi. Munozaralarda O’zbekistondagi siyosiy mahbuslarning suratlari namoyish qilingan.
“Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatova konferensiyadagi chiqishida mamlakatda qiynoqlar davom etayotgani, bu narsa O’zbekiston rahbariyati tomonidan ochiq e’tirof etilmas ekan, vaziyat o’zgarmasligini aytgan.
O’zbekiston hukumati rasmiy vakillari esa o’z chiqishida qonunchilikka ko’ra qiynoq qo’llash taqiqlangan, buning uchun mamlakatda jinoiy javobgarlik joriy etilgan deya, muhokamadagi da’volarni asossiz deb atagan.
BMT hisobotida esa qiynoqlar O’zbekistonda muntazam qo’llaniladigan holat ekani bayon qilinadi. Huquq himoyachilari qiynoqlar tufayli vafot etgan fuqarolar haqida ma’lumotlarga ega. Qamoqxonadan o’ligi chiqayotganlarning aksariyati ektremizmda aybdor deb topilgan insonlardir.
Shu oy boshida Zangiotadagi qamoqxonadan Nilufar Rahimjonovaning jasadi chiqqan. Marhumaning yaqinlari deydiki, huquq tartibot idorlari ko’rsatmasiga binoan zudlik bilan dafn etilgan Rahimjonova qiynoq qurboni.
YXHT inson huququlari bo’yicha anjumani 3-oktabrga qadar davom etadi.