Vashingtonning tabiati, kasbi, yurish-turishi hokimiyatdir. Ko'pchilik bu yerda davlatga ishlaydi. Kayfiyat jiddiy, kiyinish ham. Keyingi yillarda shahardan chiqqan dizaynerlar katta modada ancha shuhrat qozonib, Vashingtonni bu borada tanitish uchun yangi loyihalar boshlangan.
Jonbozlik qilayotgan dizaynerlardan biri Genett Pursell. Asl kasbi advokat, 13 yil shu sohada ishlagan. Lekin sevgan mashg’uloti liboslar yaratish edi. Bir yil oldin advokatlikni tashladi. Butun e’tiborini endi tikish-bichishga qaratgan.
Pursellning yangi to’plami “Maven” deb ataladi.
Yaqinda poytaxtda o'tgan modalar ko’rgazmasida uning ijodi yuqori baholandi. Yanvarda ishga tushgan Vashington Moda Inkubatori (DC Fashion Incubator) loyihasiga taklif qilindi.
Yosh dizaynerlar uchun imkoniyatlar yaratib berish, ularni jahon sahnasiga olib chiqish, reklama qilish, mahsulotlarni sotish, ishlab chiqarishni kengaytirish uchun katta bir jamg'armaga asos solindi.
"Tikish-bichish bo’yicha alohida, biznes, savdo sohasida alohida ustozlar bo’ladi. Moliya, biznes loyihalar bilan chiqish, marketing, nom berish, global tarmoqqa kirish kabilardan ham ekspertlar yollanadi",- deydi Kristin Bruks-Kropper.
Yosh dizaynerlardan biri Tatyana Kolina oyoq kiyim ustasi. O'z kompaniyasini “My Moody Booty” deb nomlagan.
"Nyu-York va Las-Vegasdagi oyoq kiyim namoyishlariga bordim. O’z taklifimni har xil kompaniyalarga tushuntirmoqchi bo’ldim. Lekin to’siqlar, dovonlardan o’tish g’oyat qiyin ekani ayon bo’ldi",- deydi u.
"Vashington moda sanoati haqiqatan jiddiy, sifatli ekanini maxsus namoyishlar isbotlayapti",- deydi Genett Pursell.
Haqiqatan ham poytaxtda modaga ixlos kuchli. Amerikaning boshqa shtatlar bilan qiyoslaganda Vashington joylashgan Kolumbiya okrugi ahli kiyim-kechak va poyafzalga ikki karra ko’p pul sarflar ekan.