Suv bo'yicha kelishmovchiliklar keskinligicha qolmoqda

  • Amerika Ovozi

Tojikistonning Rog’un GESI qurish rejasiga qarshi O’zbekiston Jahon Banki boshchiligida ketayotgan ekspertiza ishlaridan norozi. Tojikiston ham rozi emas.

Xalqaro tashkilotlarning kuzatuvlariga ko’ra, jahon bo’ylab suv tanqisligi kelgusi yillarda davlatlararo nizolar qo’zg’atishi mumkin. Jumladan, Markaziy Osiyoda bu borada vaziyat chigallashmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Suv ustida kelishmovchilik, Markaziy Osiyo/Malik Mansur


Tojikistonning Rog’un GESI qurish rejasiga qarshi O’zbekiston Jahon Banki boshchiligida ketayotgan ekspertiza ishlaridan norozi. Tojikiston ham bank izlanishlaridan rozi emas. Toshkent muammoni kichik gidro-inshootlar qurib hal etish tarafdori. Tojikiston, qolaversa Qirg’iziston ham yirik loyihalardan qaytish niyatida emas.

O’zbekiston nazarida Qirg’izistonning “Qambarota 1” va “Qambarota 2” GESlari asorati mamlakat uchun Rog’un GESi yetkazadigan zarardan kam bo’lmaydi.

Qirg’izistondagi GESlarni moliyalash masalasi deyarli hal qilingan bo’lsa, Tojikiston Rog’un bo’yicha Jahon Banki ekspertizasi xulosalarini kutmoqda.

O’zbekiston xalqaro ekspertlar faoliyati yuzasidan norozi ekanini hozirdanoq ta’kidlay boshlagan. Bu haqda Suv xo’jaligi vaziri o’rinbosari Shavkat Hamroyev yaqinda BMT radiosiga bergan intervyusida bildirgan.

“Biz Jahon bankiga ko’plab e’tirozlar yozganmiz. Ekspertiza jarayoni, mustaqil ekspertlarni tanlash texnologiyasi haqida, lekin ularga javob ololmadik. Jahon banki ekspertizani o’zi o’tkazishi kerak edi, lekin buning uchun Tojikistonga mablag’ berdi. Tojikiston esa o’ziga ma’qul ekspertlarni tanladi, qilingan ish haqini o’zi to’layapti. Biz esa ekspertiza jarayonida jug’rofiy joylashuvga, texnogen holatlarga, mintaqadagi suv balansiga e’tibor qaratish lozimligi haqida yozganmiz, lekin bu savollarga javob ololmadik”, - deya ta’kidlagan O’zbekiston Suv xo’jaligi vaziri o’rinbosari.

Shavkat Hamroyevga ko’ra, O’zbekiston bu savollarga javob ololmasdan ekspertlar xulosasini qabul qila olmaydi, “chunki yarim-yorti javob bilan ekspertiza barcha tomonlar manfaatini hisobga olganiga hech kimni ishontirib bo’lmaydi”.

Lekin Tojikiston ham ekspertiza jarayonidan qoniqmayapti. Dushanbe nazarida ekspertiza ishlari cho’zilib ketmoqda. Ayrim tojik ekspertlari jarayonda shaffoflik yetishmasligini, xulosa siyosiy vaziyatga muvofiq chiqarilishini ta’kidlashadi.

Shavkat Hamroyevning aytishicha, “Qambarota 1” va “Qambarota 2” Sirdaryodagi suv balansini keskin izdan chiqaradi.

Bu masala O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning aprel oyida Rossiyaga rejalangan tashrifida yana muhokamaga chiqishi mumkin.

So’nggi vaziyat mintaqa energoresurslari taqsimoti Rossiya qo’liga o’tganini ko’rsatdi. Qirg’iziston suv to’g’onlari uchun moliya Rossiyadan keladi.

O’zbekiston yirik to’go’nlar o’rniga kichikroq GESlar qurishni qo’llamoqda. Tojikiston ham, Qir’giziston ham yirik inshootlardan voz kechish niyatida emas.

Suv muammosining keskin siyosiy ziddiyatga aylanishi mintaqa ekologiyasi uchun ham zarar. Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi tezlashgan. Cho’llanish hududi kengayib bormoqda. Mintaqa umumiy aholisi soni esa 60 millionga yaqinlashmoqda.