AQSh va Rossiya yadro qurollarini qisqartirishga qaratilgan bitim yaqinda Amerika Senati tasdig'idan o'tib, hozir Rossiya Dumasida ko'rib chiqilmoqda. Strategik qurollarni kamaytirish bitimi uzoq masofali yadro qurollari sonini cheklaydi. Davlatlar endi diqqatni qisqa masofali, taktik yadro qurollariga ham qaratmoqchi.
Ba'zi taktik yadro qurollari hajmi bo'yicha strategik yadro zaryadi bilan teng bo'lsa-da, 500 kilometrdan uzoq bo'lmagan, qisqa masofadagi ob'yektlarni nishonga olishga belgilangan. Bunday qurollarni yerdan va havodan otish mumkin.
Vashingtondagi Qurollarni nazorat etish uyushmasi deb nomlanuvchi xususiy izlanish tashkiloti rahbari Deril Kimbollning aytishicha, AQSh va Rossiya ixtiyorida bu kabi qurollardan qancha borligi noma'lum, chunki ularni tartibga soluvchi bitimning o'zi yo'q.
"Mustaqil hisoblarga ko'ra, AQSh yuzlab dona bunday qurolga ega bo'lishi mumkin. 180 tasi AQShning Yevropadagi harbiy bazalarida - Italiya, Turkiya, Germaniya, Gollandiya va Belgiyada joylashgan. Rossiya tasarrufida 3000 tagacha taktik yadro bombasi bor, biroq bir qismi nosoz holda. Aksariyat bombalar Yevropa chegarasidan uzoqda, mamlakat ichkarisida saqlanadi", - deydi Kimboll.
Ba'zi mutaxassislar bunga oydinlik kiritar ekan, Rossiya qurollari Xitoyga yaqin sharqiy chegarada g'amlangan, deydi.
Yadro siyosati bilan shug'ullanuvchi tashkilot rahbari Jozef Sirinchione nazarida Rossiyaning bunday katta zaxira saqlashiga yana bir sabab bor.
"Sovuq urush tugaganidan beri NATO va AQShni asosiy tahdid deb bilgan Rossiya o'z xavfsizligiga alohida urg'u beradi. Sovuq urush davrida Sovet tanklarini tahdid deb bilgan NATO ham qit'ada minglab taktik yadro qurollarini joylashtirgan edi", - deydi tahlilchi.
Sirinchionening aytishicha, Moskva qurollari sonini kamaytirmas ekan, Sovuq urushga qaytilgan bo'ladi.
"Rossiya va NATO ortiq dushman bo'lmasa-da, go'yo harbiy tahdid bordek. Bu qurollarni o'z hududingizda himoya uchun ishlata olmaysiz. Shu sabab davlatlar sekin-asta ulardan voz kechmoqda. Rossiyada esa hali ham o'sha Sovuq urush kayfiyati, eski doktrinadan qaytish yo'q", - deydi mutaxassis.
Deril Kimboll bu fikrga qo'shilar ekan, taktik yadro qurollarining foydadan ko'ra zarari ko'proq, deydi.
"Qurollar kichik hajmli bo'lgani sabab ularni o'g'irlash, transportda ko'chirish osonroq. Rossiya qurollari xavfsizligi qay ahvolda ekanini bilmaymiz. Yadroviy terrorizm xavfi yo'q emas. Buning oldini olish uchun hisob-kitobini qilib, 20-asr qurollaridan voz kechish kerak".
Taktik yadro qurollari yangi START bitimidan o'rin olmagan. Hujjat asosan og'ir bombardimonchi va suvosti kemalari tashuvchi yoki yer ostidan raketa yordamida uchiriluvchi uzoq masofali strategik yadro qurollarini nazorat qilish va kamaytirishni nazarda tutadi.
Shunga qaramay, deydi Jozef Sirinchione, Senatda START bitimi muhokamasi paytida bu haqda ham gap borgan.
"Respublikachilar bir yil ichida Rossiya bilan taktik yadro qurollari bo'yicha ham muzokara boshlashni taklif qilmoqda. Demokratlar bunga rozi. Prezident qarshi emas, Senat muhokamasining muhimligi ham shunda", - deydi mutaxassis.
AQSh va Rossiya ixtiyorida bu kabi qurollardan qancha borligi noma'lum, chunki ularni tartibga soluvchi bitim mavjud emas.