G’arb rahbarlari Putinning so’nggi qarorini tanqid qilmoqda. Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiyning aytishicha, Rossiya bu bilan Ukrainani vayron qilib, hududlarini tortib olmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Bunga yo’l qo’ymaymiz. NATOdagi ittifoqchilarimiz bilan birga Ukrainaga ko’proq yordam beramiz”, - dedi u Polsha armiyasining mamlakat sharqida britan askarlari bilan qo’shimcha harbiy mashg’ulotlarini kuzatarkan.
Polsha Prezidenti Andjey Duda esa bugun BMT Bosh Assambleyasining yillik sammitida shu mavzuda ma’ruza qildi. Uning aytishicha, Rossiya-Ukraina urushida Rossiya mag’lub bo’lishi kerak. Duda uning mamlakati Ukrainadan qochgan 3 millionga yaqin odamga boshpana berganini, Rossiyaga qo’shilishga doir referendumlarni tan olmasligini aytdi.
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida ham Rossiya Ukrainada boshlagan urushni qoralab, mojaro xalqaro tartibni izdan chiqargani, qonun ustuvorligiga bolta urgani haqida so’zladi.
BMT minbarida so’zlagan Germaniya Kansleri Olaf Sholsning aytishicha, Putin bu urushda g’alaba qozona olmasligini anglashi kerak, aks holda uning imperiyani tiklashga qaratilgan rejasi ham Ukraina, ham Rossiyani vayron qiladi.
"Rossiya taklif qilgan tinchlik rejasini shu sababdan qabul qilmaymiz. Ukraina Rossiya hujumlarini qaytarishga qodir bo’lishi kerak”, - dedi u.
Italiya Bosh vaziri Mario Dragi Ukrainada mojaroga barham berib, davomiy tinchlikka erishish yo’llarini izlashga chaqirdi.
'Biroq Rossiyaning mojaroni tugatish niyatini ko’rmadik”, - dedi u.
Bugun AQSh Prezidenti Jo Bayden ham ma’ruza qildi. U ham Ukraina mavzusini chetlab o’tmadi. Baydenning aytishicha, Ukrainada zaruratsiz urushni faqat bir odam boshladi – Vladimir Putin. Amerika rahbari xalqaro hamjamiyatni Rossiyani tartibga chaqirishga da’vat etdi.
“Kreml Ukrainaning ayrim qismlarini anneksiya qilish harakatida soxta referendum uyushtirmoqda va bu BMT nizomini o'ta jiddiy buzishdir,” – dedi Bayden.
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, referendumlar natijasida Ukraina hududlarining bir qismi Rossiya tarkibiga kirsa, bundan keyin ularga qilingan har bir hujum Rossiyaga qilingan hujum bilan barobar bo’ladi va bu mojaroning kuchayishiga olib keladi.
"Agar Ukraina Rossiya tarkibidagi Donetsk shahriga zarba bersa, nima bo’ladi? Rossiya yadro qurollarini ishga soladimi?”, – deydi “Reyter” axborot agentligining muxbiri Kristian Lou.
Niderlandiya va Germaniya rahbarlari Putinning qisman mobilizatsiya haqidagi chorasini ilojsizlik nishonasi deb atadi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasi sammitida qatnashmayapti, biroq delegatlarga virtual murojaat qilishi kutilmoqda. Ukraina delegatsiyasiga Nyu-Yorkda uning rafiqasi Olena Zelenskaya va Bosh vazir Denis Shmigal boshchilik qilmoqda.
BMTda yana nimalar muhokama qilinmoqda?
Sessiya doirasida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken global oziq-ovqat xavfsizligiga doir sammitda qatnashdi. U Rossiyaning Ukrainadagi urushini dunyo bo’ylab oziq-ovqat kamomadiga hissa qo’shayotgan omillardan biri deb atadi.
"Jahon oziq-ovqat dasturiga ko’ra Prezident Putinning shafqatsiz bosqinchilik urushi yana 70 million odamni oziq-ovqatga muhtoj qiladi”, - dedi u.
Blinkenga ko’ra, BMT va Turkiya vositachiligida Ukraina g’allasini Qora dengiz orqali jahon bozoriga olib chiqishga qaratilgan kelishuv vaziyatni bir oz o’nglashga imkoniyat berdi.
Putin kelishuvni tanqid qilib, G’arb davlatlari Rossiyani aldaganini, Ukrainadan olib chiqilayotgan g’alla muhtoj va qashshoq mamlakatlar o’rniga asosan Yevropaga jo’natilayotganini aytdi.
Buni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham tasdiqladi.
Bosh Assambleya sessiyasida ma’ruza qilgan Erdog’an urushda g’olib, tinchlik jarayonida esa mag’lub bo’lmasligini aytarkan, tomonlarni mojaroni diplomatiya yo’li bilan hal qilishga da’vat etdi.
BMTda ko’plab boshqa mavzular ham yangramoqda. Germaniya kansleri mamlakatini Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo’lishga loyiq deb atadi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa 30 daqiqalik chiqishida betaraf mamlakatlarni siyosiy masalalarda faolroq bo’lishga chaqirdi.
"Bugun sukut saqlaganlar dunyo tartibini vayron qilishni maqsad qilgan yangi imperializm manfaatlarga xizmat qilmoqda”, - dedi u.
Xitoy va Rossiya hozirgi dunyo tartibi AQSh va G’arb belgilagan qoidalarga asoslanganini bildirarkan, ular bu tartibga qarshi kurashayotganini, jahon siyosatida teng munosabatlarga asoslangan tizimga intilayotganini ta’kidlab keladi.
AQSh rahbari Xavfsizlik Kengashini kengaytirishga, ya’ni doimiy va doimiy bo’lmagan a’zolari sonini oshirishga chaqirib, uning a’zolari veto huquqini favqulodda holatlardagina qo’llashi kerakligini aytdi, Rossiyani BMT nizomining asosiy tamoyillarini buzganlikda aybladi.
Ayni paytda Xavfsizlik Kengashi 15 a‘zodan iborat bo’lib, Xitoy, Rossiya, AQSh, Britaniya va Fransiya – doimiy a’zolar, qolgani esa har ikki yilda almashib turadi.