Oq uy matbuot kotibining bayonot qilishicha, Isroil AQShning eng yaqin ittifoqchisi bo'lib, Qo'shma Shtatlar uning Suriyada Eron tomonidan dastaklanayotgan kuchlardan o'zini mudofaa qilish huquqini qo'llab-quvvatlaydi.
10-fevral kuni Isroil Suriyada Suriya va Eronning o'ndan ziyod obyektlarini havodan nishonga oldi. Isroil Suriyadan uchirilib, Isroil hududiga kirishga ulgurgan Eronga qarashli dronni urib tushirgan.
Oq uy Eron va uning ittifoqchilarini provokatsion harakatlarni bas qilib, mintaqa tinchligi yo'lida hamkorlik qilishga chaqirdi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning Vazirlar mahkamasi yig'ilishida aytishicha, Isroilga qarshi qo'l ko'targan har qanday kuch nishonga olinadi.
BMT bosh kotibining idorasi ham bayonot chiqarib, Suriya va mintaqadagi barcha taraflarni xalqaro qonunlar va Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalarini hurmat qilishga da'vat etdi.
AQSh Mudofaa vazirligiga ko'ra, Isroil har qanday bosqinchi harakatlardan o'zini himoya qilishga haqli.
"Isroil bizning mintaqadagi eng yaqin hamkorimiz bo'lib, o'z hududi va xalqini har qanday tahdiddan mudofaa qilish huquqini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz", - dedi Pentagon matbuot kotibi Adrian Renkin-Gellovey.
Netanyaxu vaziyatni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muhokama qilgan.
"Ikki mamlakat armiyalari harakatlarini muvofiqlashtirishdagi hamkorligimizni davom ettirishga kelishib oldik", - dedi Netanyaxu.
Isroil bosh vaziri AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson bilan ham fikr almashgan.
Suriya davlat matbuotiga ko'ra, mamlakat mudofaa kuchlari Isroil agressiyasiga javob bergan. 10-fevral kuni Isroil havo hujumida qatnashgan qiruvchi samolyotlaridan bittasi, AQShda ishlangan F-16 Suriya armiyasi tomonidan urib tushirilgan. Samolyot Isroilda qulagan, uchuvchilar parashyut bilan sakrashga ulgurgan, biri jiddiy, ikkinchisi yengil jarohat olgan.