24-mart - Sil kasaliga qarshi kurash kuni

  • Amerika Ovozi

Mario Ravilione

24-mart butun dunyoda Sil kasaliga qarshi kurash kuni nishonlanadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti 2030-yilgacha kasallikni batamom yo’q qilish uchun choralarni jadallashtirish kerak, demoqda.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti taxminicha, BMT rejalaganidek, 2030-yilga borib silni yo’q qilish mumkin. Biroq bu kurash oson kechmaydi.

2000-yildan buyon dunyo hamjamiyati sa’y-harakatlari bilan 43 million odam hayoti saqlab qolindi.

Kasallikka qarshi kurashni jadallashtirish, bu maqsadda ko’proq mablag’ ajratib, yangi uslublarni joriy etish orqali mamlakatlar har yili 1,5 million odamni qutqarishi mumkin, deydi tashkilot rasmiylari.

Mario Ravilione Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Sil kasalligi bo’yicha global dasturi rahbari. Uning bildirishicha, eng ko’p kasallar qayd etilgan 30 mamlakatda hukumatlar yangi strategiya qo’llagani sababli muvaffaqiyatga erishmoqda. Ulardan biri – Hindiston. U yerda sil hamda uning an’anaviy dorilar bilan davolanmaydigan turiga chalingan odamlar boshqa o’lkalarga qaraganda ko’proq.

Hindistonda barcha bemorlarga davolanish imkoni beriladi, deydi Ravilione.

Yana bir misol – Janubiy Afrika. U yerda sil kasalligining tezkor molekulyar tashxisi yo’lga qo’yilgan.

“Janubiy Afrikada Orttirilgan immunitet taqchilligi virusiga chalingan odamlar boshqa mamlakatlarga qaraganda ko’proq. Ular silni yuqtirmaslik uchun muolaja oladi. Demak, tuberkulyozning oldini olish katta ahamiyatga ega. Profilaktika - yangi strategiyaning muhim qismi. Biz aynan shunday strategiyaga urg’u beryapmiz, chunki bu kasallikning oldini oladi va odamlar hayotini saqlab qoladi”, - deydi mutaxassis.

Kasallikka qarshi kurashda yutuqlarga erishgan o’lkalar orasida Tailand, Rossiya, Braziliya va Vyetnam ham bor.

BMTning UNITAID tashkiloti Sog’liqni saqlash tashkiloti bilan birga sil kasaliga qarshi kurashar ekan, e’tiborni bolalarga qaratmoqda.

Har yili dunyo bo’ylab qariyb bir million bola silga chalinadi. Ulardan 140 ming nafari o’ladi. UNITAID rasmiysi Janet Ginnard bugun bolalar uchun dorilarning kerakli doza va formulasi mavjud va qo’llanilishi lozim, deydi.

“Ilgari bolalarga suvda eritiladigan dori berardik, lekin dori dozasi bola yoshi va vazniga moslashtirilmasdi, shunchaki kattalarga beriladigan tabletka ikkiga bo’linib, bolaga yarmi berilardi. Endi esa ular uchun alohida preparatlar bor”, - deydi BMT rasmiysi.