AQSh hukumati Internetda WikiLeaks sahifasi yarim milliondan ziyod maxfiy hujjatlarni chop etganini qoralamoqda. Bular asosan Amerikaning turli davlatlardagi elchixonalaridan Davlat departamentiga yuborilgan telegrammalar.
Oq uy nazarida o'g'irlangan maxfiy hujjatlarning Internetga chiqishi nafaqat diplomatlar va razvedka xodimlari hayotini xavf ostiga qo'ymoqda, balki jahon bo'ylab inson huquqlarini targ'ib qilishga pand beradi.
Oq uy bayonotida WikiLeaks tomonidan aynan qanday mazmundagi telegrammalar oshkor etilgani aytilmagan. Siyosat doim ham bu kabi hujjatlar asosida shakllanmaydi, shu sabab ularning mazmuniga qarab AQSh siyosati haqida xulosa qilish to'g'ri emas, deyiladi bayonotda.
Janubiy Karolina shtatidan saylangan respublikachi senator Lindsi Grexem bu ishni mas'uliyatsizlik deb, AQShning jahon bo'ylab diplomatik harakatlariga pand berishini aytgan.
"Bu aql bovar qilmaydigan hol. Pentagonning "WikiLeaks da ishlaydigan odamlar qo'li qonga belangan" degan xulosasiga to'liq qo'shilaman", - deydi qonunchi.
Mudofaa vazirligi bu holning bundan keyin oldini olishga qaratilgan choralar ko'rayotganini aytadi.
Bir necha oy burun WikiLeaks AQShning Afg'onistondagi urushiga doir 75 mingdan ziyod hujjatlarni chop etgan edi.
WikiLeaks telegrammalar uning qo'liga qanday tushganini oshkor etmayapti, ammo Bredli Menning ismli armiya razvedkasi tahlilchisi shubha ostida. Menning harbiy tribunalni kutyapti. U 2007-yilda Iroqda urib tushirilgan vertolyot tasvirlangan video va boshqa diplomatik hujjatlarni oshkor etganlik aybi bilan yil boshida hibsga olingan edi.
WikiLeaks qo'lga kiritgan ba'zi hujjatlar mazmunini tanishtirib o'tsak. Telegrammalarda Saudiya Arabistoni qiroli Abdullaning AQShdan Eronga hujum qilib, yadro dasturini yo'q qilish iltimoslari aks etgan. Boshqa xatlarda Qo'shma Shtatlar 2007-yildan beri Pokistondagi atom reaktoridan yuqori boyitilgan plutoniyni maxfiy tarzda chiqarishga harakat qilgani aytiladi.
WikiLeaks sahifasi AQShning xorijdagi elchixonalari tomonidan Vashingtonga yuborilgan telegrammalarni chop etgan. Manba noma'lum.