Dunyo bo'ylab ekstremizmga qarshi kurashda xotin-qizlarning roli va potensialiga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti, deydi AQSh qonunchilari savollariga javob bergan bir guruh ekspertlar.
Radikalizmning dastlabki alomatlarini payqaydigan aynan ayollardir, chunki fundamentalist guruhlar birinchi bo'lib ularning huquqlarini nishonga oladi, deydi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Jamile Bigio.
"So'nggi izlanishlarga ko'ra, oila, mahalla, maktablar va shunchaki el orasida radikalizmni kamaytirishda ayollardan effektiv foydalanish mumkin", - deydi u. Ayniqsa yoshlar tarbiyasida ularning o'rni beqiyos.
Hukumatlar va nohukumat tashkilotlar esa, avvalo, siyosiy va diniy yetakchilarga murojaat qilishga o'rganib qolishgan.
Tinglov AQSh Vakillar palatasining Terrorizm, qurolsizlanish va savdo bo'yicha quyi qo'mitasida o'tdi.
Londonda asoslangan, ekstremizmni o'rganuvchi "Quilliam International" tahlil markazi rahbari Haras Rafiq so'zlariga ko'ra, madaniy izolyatsiya va ekstremizm jamiyatlar barcha a'zolarini o'zida integratsiya qila olmaganidan, liberal demokratik qadriyatlar targ'ib qilinmaganidan kelib chiqadi.
"Ekstremizmga qarshi turish - jamiyatdagi barcha mas'ul a'zolarning burchi", - deydi u.
Valeri Hadson Texas Universitetida siyosatshunoslikdan dars beradi. Uning aytishicha, xotin-qizlarni radikalizmga qarshi faolroq bo'lishdan to'xtatuvchi faktorlar bor.
"Ishimiz 20 yillik tadqiqotga asoslangan. Ayolni qafasga tiqib qo'yish oilada, o'z uyida boshlanadi. Nikoh, shaxsiy va mulk huquqi bilan bog'liq qonunlar ularning qo'lini bog'laydi, oiladagi resurslardan foydalanish huquqini cheklaydi", - deydi professor.
Shu omillar sabab, deya qo'shadi Hadson, onalar doim ham o'z o'g'lini va ba'zida qizini terrorchiga aylanishdan to'xtata olmaydi.
Tinglovda so'zlagan yana bir ekspert Farhat Popal ta'lim va iqtisodiy imkoniyatlar ahamiyatiga to'xtaldi.
"Masalan, Afg'onistonda shu ikki yo'l bilan davomiy taraqqiyotga erishilsa, zo'ravon ekstremizmga zarba bergan bo'lamiz", - deydi Popal, Jorj Bush institutida ayollar tashabbusi yetakchisi.
Tahlilchi Jamile Bigio bu sa'y-harakatlarda ayollar ishtiroki o'ta muhimligini ta'kidlaydi.
"Terrorizm va ekstremist guruhlarga qarshi yangi strategiyani ishlab chiqish Oq uyga havola. Terrorizmni sodir etadiganlar orasida ham, uni kamaytirishga hissa qo'shadiganlar orasida ham ayollar borligiga e'tibor oshirilsin", - deydi u.