Amerikada ayollar majburiy harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh ayollari harbiy xizmat haqida nima deydi?

Qo’shma Shtatlarda 1973-yildan beri majburiy harbiy xizmat yo’q, lekin 18-25 yoshlardagi erkaklar maxsus (Selective Service System) ro’yxatdan o’tishi kerak. Hukumat yurituvchi bu tizim favqulodda holatda odamlarni armiyaga chorlash uchun mas’ul.

Tez orada xotin-qizlar ham bu ro’yxatdan o’tishi talab qilinishi mumkin. Qo’mondonlar Senat qurolli kuchlar qo’mitasiga bu borada o’z fikrini bildirdi. Kongressda esa xotin-qizlarni armiyaga safarbar etishga doir qonun loyihasi muhokamada.

Qo’shma Shtatlarda 200 mingdan oshiq ayol bugun harbiy xizmatda. Mudofaa vaziri Eshton Karter o’tgan yili xotin-qizlar frontga ham kirishiga ruxsat bergan edi.

2001-yildan beri taxminan 150 nafar ayol janglarda halok bo’ldi. Aksariyati mina portlashi yoki samolyot qulashida jon bergan.

Bugun qo’mondonlar 18-25 yoshdagi barcha xotin-qizlarni harbiy ro’yxatdan o’tishga undayapti.

Rut ben-Giat Nyu-York universitetida harbiy tarixdan dars beradi:

“Jamiyatimiz tobora o’zgarib bormoqda. Kundalik hayotdagi taraqqiyot armiyaga ham kirib borayapti. Ayollar teng huquq talab qildimi, demak, teng mas’uliyat va burchga ham tayyor bo’lsin”.

Lekin avval Kongress qonun loyihasini ma’qullashi kerak. Joriy yil prezidentlikka intilayotgan aksariyat nomzodlar qarshi emas. Respublikachi Ted Kruzdan tashqari:

“Hukumat bizning qizlarimizni frontga majburan yubormoqchi ekani, ularni dushmanning iniga, jihodchilarning shundoq changaliga tashlamoqchi ekani, g’irt ahmoqlik”.

Ko’plab ayollar, ayniqsa yoshlar, barcha xotin-qizlarni ro’yxatga olish fikrini yoqlayapti. Student qiz Elizabet Kayl LaBell 2013-yilda maxsus xizmat ustidan sudga arz qilgan edi.

“Agar ayollar erkaklar qatori jang qilishi mantiqqa zid bo’lsa, unaqada erkaklar ham jang qilmasin. Armiyani tugatib qo’ya qolaylik. Ayollar va erkaklar birday salohiyatga ega!” - deydi LaBell.

AQShda harbiylarni yollash bo’yicha eng taniqli markaz Nyu-York shahri, Tayms Skver maydonida joylashgan. Ko’ngillilar shundoq ko’chadan kirib keladi. Ko’pi ayollar.

“Bizdan katta ayollar armiyaga qo’shilaman deb qancha kurashdi! Demak, bizning vazifamiz, ishni oxiriga yetkazib, mamlakat mudofaasi yo’lida xizmat qilish, jang qilish”, - deydi 17 yoshli Emili de la Kruz.

“Zo’r tashabbus. Ayollar ham ruhan, ham jismonan shu yurt uchun jang qilishga qodir”, - deydi 20 yoshli Nikol Goflin.

“Men qarshiman. Ayol va erkaklarda birday imkoniyatlar bo’lishi kerak, lekin xotin-qizlardan harbiy xizmat uchun ro’yxatdan o’tish talab qilinmasin”, - deydi 24 yoshli Daniel Vilkins.