Elchi Krol: Axborot insonga suv va havodek zarur

  • Amerika Ovozi

AQShning Toshkentdagi elchisi Jorj Krol bu yil yozda vazifani tugatib, qo'shni Qozog'istonda elchilik qila boshlaydi

Vashingtonda asoslangan “Freedom House”, “Ozodlik Uyi” tashkiloti nazarida jahonda matbuot erkinligi oxirgi 10 yilda eng quyi darajada.

Tashkilot 197 davlatdagi ahvolni o’rganib chiqqan. Unga ko’ra, ommaviy axborot vositalari erkinligi bo’yicha Shimoliy Koreya, O’zbekiston va Turkmaniston eng quyi pog’onalarda.

“Matbuotni nazorat qilish, boshqarishga urinishlar hamon davom etayapti. Bloggerlarni, axborotni jamoatchilikka yetkazishga uringan qalam ahlini ta’qib qilish, tahqirlash hollarini ham qayd etdik”, - deydi Freedom House mulozimi Karin Karlekar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

AQShning O’zbekistondagi elchisi Jorj Krol Matbuot erkinligi kuni munosabati bilan bergan bayonotida axborot inson uchun suv, neft, gaz, havo va boshqa zaxiralar kabi zarur, degan.

Har qanday zaxira singari, axborot yaxshi va yomon maqsadlarga xizmat qilishi mumkin, deydi u.

“Diplomat sifatida aytishim mumkin, axborot urushlarni boshlash va mojarolarni tugatish qudratiga ega. Axborot ma’rifatga yetaklashi yoki aldashi mumkin”, - deydi Krol. Bugun jahon ma’lumotlar ummoni bilan yuzlashmoqda, shunday ekan, elchi nazarida, professional jurnalistlar roli nihoyatda ahamiyatli.

Jurnalistlar axborotni izlaydi va jamoatchilikka xolisona uzatadi. Bu dunyodagi eng og’ir, xatarli kasblardan biri va Matbuot erkinligi kunida kasbi bois, haqiqat va erkinlik izlab taqibga uchragan yoki nobud bo’lgan jurnalistlarga ta’zim qilaylik, deydi AQShning O’zbekistondagi elchisi.

Krol shu yoz O'zbekistondagi elchiligini yakunlaydi va prezident Barak Obama uni Qozog'istonda elchi bo'lish uchun ko'rsatgan.

"Ozodlik Uyi" hisobotiga ko'ra esa bugun matbuot erkinligi bilan bog'liq ahvol oxirgi 10 yilda eng quyi darajada