Birlashgan Millatlar Tashkiloti 20-iyunni Jahon qochqinlar kuni deb belgilagan. Qochqinlar masalasi bilan shug’ullanuvchi BMT idorasiga ko’ra, Ukrainadagi urushgacha dunyoda 89 million majburan ko’chkindi odamlar bo’lgan. Urush boshlanganidan so’ng ularning soni 100 milliondan oshib ketdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Hozir hammaning diqqati Ukrainada, ammo Ukrainagacha ham ko’plab favqulodda vaziyatlar bo’lganini unutmaslik kerak”, - deydi BMTning qochqinlar bo’yicha oliy komissari Filippo Grandi.
Tashkilot hisobotida aytilishicha, o’tgan yili Suriya, Venesuela, Afg’oniston, Janubiy Sudan va Myanmadagi inqirozlar oqibatida millionlab odamlar uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi.
Afg’onistonda 24 million odam gumanitar yordamga muhtoj. Ayanchli iqtisodiy ahvol sharoitida Tolibon hukumati ayollar va qizlarga cheklovlar qo’ymoqda. Natijada 2,7 million afg’on mamlakatni tark etgan.
“Odamlar chegaradan hatto vizasiz, hujjatsiz o’tib ketyapti. Ba’zan kuniga 20 minggacha odam”, - deydi BMTning Afg’onistondagi rasmiysi Piter Kessler.
Ko’plar qo’shni mamlakatlarga qochmoqda. Masalan, bir milliondan ziyod ukrainalik Polshada qo’nim topdi.
“Odamlar mojaro zonasidan uzoqqa emas, yaqinroqqa qochmoqda. Imkon qadar tezroq qaytishga harakat qilishyapti”, - deydi qochqinlar bo’yicha agentlikning Polshadagi vakili Rafal Kostrjinski.
2021-yilda ko’chkindi yoki qochqinlarning 5,7 millioni uylariga qaytgan.
“Odamlar qo’rqqani uchun qochmoqda. Faqat ukrainaliklarni nazarda tutmayapman. Suriyaliklar bombalardan qochmoqda. Tigray aholisi bombalardan qochyapti. Afrikada ham bomba yoki zo’ravonliklardan qochayotganlar ko’p”, - deydi Filippo Grandi.