Si Zinpin va Jo Bayden: Muloqotimiz ochiq bo'lishi kerak

  • Amerika Ovozi

Dushanba kuni AQSh va Xitoy prezidentlari virtual shaklda o’zaro muloqot qildi. Oq uyga ko’ra, Jo Bayden va Si Zinpin inson huquqlari, iqtisodiy hamkorlik, Tayvan kelajagi haqida fikr almashgan, ikki davlat hukumatlari bir-biri bilan ochiq va rostgo’y bo’lishi kerakligiga urg’u bergan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 16-noyabr, 2021-yil

AQSh va Xitoy iqtisodiyotlarining hajmi bo’yicha dunyodagi ikkita eng yirik davlat bo’lib, BMT Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy a’zosidan ikkisi hamdir.

“Manfaatlarimiz kesishgan masalalarda, ayniqsa iqlim o’zgarishi kabi global hayotiy mavzularda birga hamkorlik qilishimiz, kelishmovchiliklar mavjud paytda aniq va rostgo’y bo’lishimiz uchun qandaydir aql-idrok chegarasini belgilashimiz kerak. Bu bilan bir-birimizga iltifot qilayotganimiz yo’q. Bu shunchaki mas’uliyatli global rahbarlik. Siz ham, AQSh ham dunyoning yetakchi liderimiz”, - dedi Bayden.

Xitoy rahbariga ko’ra, har ikki mamlakat taraqqiyotini olg’a surish, tinch va barqaror xalqaro muhitni saqlash uchun, jumladan iqlim o’zgarishi va COVID pandemiyasi kabi global muammolarga samarali javob berish uchun munosabatlar barqaror bo’lishi zarur.

“Xitoy va AQSh bir-birini hurmat qilishi, tinch-totuvlikda yashashi, o’zaro manfaatli hamkorlik olib borishi kerak. Murosaga kelishishda, Xitoy-AQSh aloqalarini ijobiy tomonga yo’naltirishda faol qadam qo’yishda siz bilan ishlashga tayyorman. Bu xalqlarimiz manfaatlarini olg’a suradi va xalqaro hamjamiyat umidlarini oqlaydi”, - dedi Si Zinpin.

Oq uyning bildirishicha, Bayden Shinjon, Tibet, Gonkongda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat, dengizda kemalarning harakatlanish erkinligi, AQSh ishchilari va kompaniyalarini Xitoyning g’irrom savdo va iqtisodiy amaliyotlaridan himoya qilish zarurati kabi mavzularni muhokamaga qo’ygan.

Tayvan masalasida Bayden AQShning Xitoy yaxlitligiga doir siyosatidan chekinmaganini aytsa-da, Tayvan bo’g’ozi bo’ylab tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishga yoki joriy vaziyatni o’zgartirishga qaratilgan bir tomonlama harakatlarga mutlaqo qarshi ekanini bildirgan, deyiladi Oq uy bayonotida.