2017-yilda AQSh immigratsiya tizimida ro'y bergan o'zgarishlar

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp prezidentlikka kelishi bilan immigratsiya siyosatini tubdan o’zgartirishga kirishdi. Barak Obama davrida qabul qilingan bir qator qarorlar bekor qilindi. Qochqinlar va hujjatsiz muhojirlardan qay biri mamlakatda qolishi mumkin? Kimlar deportatsiya qilinadi? Qay davlatlar fuqarolari AQShga qadam bosa olmaydi? Bu masalalar yuzasidan qarashlar turlicha va hatto sudda tortishuv ketmoqda.

O’tayotgan yil va’dalarga boy bo’ldi.

"Chegarada devor albatta quriladi", - deydi Tramp.

O’nlab yillik siyosat o’zgarmoqda. Prezident immigratsiyani 50 foizga kamaytirish loyihasini yoqlab chiqdi. Chegaramiz mustamkam bo’lsa, iqtisod gurkiraydi, jinoyatchilik kamayadi, deydi Tramp.

Bu gaplar uning tarafdorlariga ma’qul, ammo millionlab boshqalar u olg’a surayotgan takliflarni qoralamoqda. Xususan, AQShga bolaligida olib kelingan, shu yurtda ulg’aygan yoshlar himoyasiz qoldi. Sakkiz mamlakat fuqarolariga Amerika eshigini yopdi.Prezidentga tanqidlar yog’ilmoqda.

“U qo’rquv orqali hokimiyatini kuchaytirmoqda”, deydi Maykl Sendmel ismli amerikalik.

“Muhojirlardan nega qo’rqadi, birgalikda kuchlimiz”, - deydi Sibel Vereyra, namoyishchi.

AQShda yangi hayot boshlash ilinjida yurganlar ko’p. Sudda bir yil davom etgan tortishuvlardan so’ng Trampning sakkiz davlat fuqarolarini mamlakatga kiritmaslik haqidagi farmoni kuchga kirdi.

2017-yilda Tramp ma’muriyati qochqinlar sonini 50 foizga kamaytirdi. 2018-yilda yanada kamayadi.

Oq uy zanjirli migratsiyaga chek qo’yishni ko’zlar ekan, Nyu-Yorkda ro’y bergan terror xurujlariga ishora qilmoqda. Tayms Skver xiyobonida bomba portlatgan bangladeshlik Akayed Ulla aynan oila a’zolari orqali Amerikaga kelgan. Bunday tizim xavfsizlikka tahdid, deydi Tramp.

“Prezident taklif qilgan cheklovlar joriy etilganda, bu shaxs AQShga kirolmagan bo’lardi”,- deydi Sara Xakabi, Oq uy so’zlovchisi.

Yangi tizim ball asosida bo’lib, grin karta olishda muhojirlarning ingliz tilini bilishi va professional malakasi inobatga olinadi, deydi u.

Tramp noqonuniy immigratsiyaga chek qo’yishni ham maqsad qilgan. 2017-yilda mamlakat bo’ylab hibslar ko’lami oshdi, yuzlab yangi chegarachilar ishga yollanmoqda.

Gaiti, Sudan va Nikaraguadan boshpana izlab kelganlar yaqin oylarda qonuniy maqomidan ayrilishi mumkin. Ularga beriladigan imtiyozlar tugatilgan.

Sentabr oyida Tramp DACA dasturini bekor qildi. Bu degani, bolaligida Amerikaga hujjatsiz olib kelingan 800 ming odam bugun himoyasiz va deportatsiyaga uchrashi mumkin. Kongress ular taqdirini 2018-yilning martigacha hal qilishi lozim.

“Yuristman. O’zimga o’xshagan DACA dasturi qatnashchilarini himoya qilaman. Kongressda bizni eshitishsin”, - deydi Sesar Vargas.

Nyu-York singari immigrantlarni himoya qiluvchi shtatlar federal hukumat bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda. Jamoalarni, oilalarni buzishni istamaymiz, deydi mahalliy rasmiylar.

“Hamkorlik qilishmasa, hibslar yanada ko’payadi. Shaharlarga huquq-tartibot xodimlarini yuborishga majbur bo’lamiz”, - deydi Tomas Homan, immigratsiya boshqarmasi rahbari.

Tramp ma’muriyati muhojirlarni o’z himoyasiga olgan shaharlarga mablag’ni kesmoqchi, lekin sud ruxsat bermayapti.

AQSh Meksika bilan 1600 kilometrlik chegaraga ega. 2018-yilda Tramp va’da qilgan devorning dastlabki 120 kilometri qurilishi kutilmoqda.