Eron yadroviy dasturi masalasi bu yili ham hal bo'lmadi

  • Amerika Ovozi
Eronning yadro dasturi 2012-yilda xalqaro sahnadagi asosiy munozara mavzularidan biri bo’ldi.

Ikkinchi muddatga Oq Uy sohibligini qo’lga kiritgan Barak Obama Tehron bilan murosaga erishish yo’lidagi harakatlarini davom ettirish niyatida.

Xo’sh, AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan iqtisodiy jazolarga duchor qilingan Eron yangi yilda murosa yo’lidan yuradimi?

2012-yilda qudratli davlatlar va Eron hukumati o’rtasida uchta yuqori darajali uchrashuv bo’lib o’tdi. Biroq taraflar Tehron yadroviy dasturi yuzasidan murosaga erisha olmadi.

G’arbda Eron atom bombasi ustida ishlayapti, degan xavotir mavjud. Tehron rasmiylari esa yadroviy dastur faqat tinchlik yo’lida xizmat qiladigan energiya olish uchun kerakligini ta’kidlaydi.

Ikkinchi muddatga AQSh prezidenti etib saylangan Barak Obama Eronning yadroviy qurolga ega bo’lishiga yo’l qo’ymayman, deb aytadi. Ayni vaqtda u masalani diplomatik yo’l bilan hal etish kerak, degan fikrda.

“Shunday yo’l topish kerakki, Eron yadroviy energiyadan tinch maqsadlarda foydalansin, ayni vaqtda bo’yniga olgan majburiyatlar asosida yadroviy qurol ustida ishlamayotganini xalqaro hamjamiyatga isbotlasin”, - deydi Obama.

Eron esa sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda. AQSh joriy etgan sanksiyalar allaqachon qonunga aylangan. Obama ularni bekor qila olmaydi.

“Prezidentning bunday qilishga vakolati yo’q,” - deydi AQSh Tijorat vazirligining sobiq rasmiysi Uilyam Raynsh. Hozirda u xorijiy savdo kengashini boshqaradi.

“Prezident Kongressga murojaat qilishi va Kongressning ko’plab a’zolarini o’z tarafiga og’dirishi kerak. Vaholanki, Kongress a’zolarining sanksiyalar yuzasidan o’z fikrlari va maqsadlari bor. Prezident uchun sanksiyalarni bekor qilish yoki osonlashitrish juda qiyin bo’ladi”, - deydi u.

AQShning yaqin hamkori Isroil Eronga qarshi raketa hujumlarini uyushtirish tarafdori. Vashington esa Benyamin Netanyaxu hukumatidan shoshmaslikni so’ramoqda.

Ayni vaqtda Eron rasmiylari orasida yadroviy dasturni davom ettirish tarafdori bo’lganlar ko’p.

Jorj Meyson Universiteti olimi Shaul Baxash so’zlariga ko’ra, Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomaneiy G’arb bilan murosa qilishga qarshi.

“Xomaneiy dasturning to’xtatilishiga qarshi. U 20 foizgacha boyitilgan urandan voz kechishni ham istamaydi. Xalqaro inspektorlarni ham mamlakatga kiritmaydi. AQSh tomonidan Eron g’alabasi deya xalqqa taqdim etilishi mumkin bo’lgan jiddiy murosa bo’lmagunicha, Fordo inshootidagi ishlar to’xtamaydi”, - deydi tarixchi.

2013-yilda yetakchi davlatlar vakillari Eron hukumati bilan uchrashuv va muzokaralarni davom ettiradi.