Eron Yamandagi ixtilofni tugatish uchun o’z rejasini taklif qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif

Eron Yamandagi ixtilofni tugatish uchun o’z rejasini taklif qilmoqda. Biroq uning mintaqadagi raqibi Saudiya Arabistoni uni qo’llab-quvvatlamayapti. Ular Eronni Yaman prezidentini hokimiyatdan ag’dargan hutiy isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda, mamlakatning katta qismini egallab olganlikda ayblamoqda. Tahlilchilar nazarida mojaro negizida mintaqadagi ikki yirik davlat, ikki mazhab tortishuvi yotibdi.

Yaman Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadi qo’shni Saudiya Arabistoniga qochganiga bir necha kun bo’ldi. Bu o’rtada hutiylar janubdagi Adan shahrida hukumat kuchlari bilan olishmoqda. Saudiya Arabistoni yeakchiligidagi arab koalitsiyasi esa ularni havodan nishonga olmoqda.

Havo hujumlari hutiylarning yurishini sekinlashtirdi. Eron tashqi ishlar vaziri Riyodning bu harakatlarini tanqid qildi.

“Havo hujumlari bilan muammoni hal qilib bo’lmaydi. Yamanda bombardimon qilishli obyektlarning o’zi yo’q”, - dedi Muhammad Javod Zarif.

Eron vaziri Tehron hutiylarni qo’llab-quvvatlab, Yamandagi vaziyatni izdan chiqarayotganini inkor etdi. U mojaroni hal etish uchun o’z rejasini ma'lum qildi.

“Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarsak, Yamanda barcha qo’shni davlatlarga do’stona qo’shma hukumat tuzsa bo’ladi va maqsadimiz ham shu bo’lishi kerak. Biz qurolli harakatlarni to’xtatib, muhtojlarga gumanitar yordam berib, Yamandagi barcha siyosiy kuchlar ishtirokida muloqot o’tkazib, qo’shma hukumat tuzishni taklif qilamiz”, - deydi Eron tashqi ishlar vaziri.

Britaniyalik tahlilchi Deyvis Levin Eronning tinchlik haqidagi gaplariga ko’pam ishonavermaslik kerak, deydi.

“Ular bizning ittifoqchilarimiz emas. Hozir hatto Pokiston ham Eronning Yamandagi qo’g’irchog’i hutiylarga qarshi harakat qilmoqchi”, - deydi Levin.

Eron hutiylarni qurollantirayotgani haqidagi da’volarni inkor etib keladi. Ammo, deydi London Iqtisodiyot maktabi professori Favaz Gerges, Yaman Tehron va Riyod o’rtasidagi jang maydoniga aylanmoqda.

“Mintaqadagi ikki yirik davlat o’rtasidagi raqobat bir necha sahnada aks etmoqda: Suriya, Iroq, Liviya, endi esa Yamanda. Saudiya-Eron raqobati siyosiy mojaroni nafaqat ular nazoratidagi qo’g’irchoq guruhlar o’rtasidagi urushga, balki mazhablararo ixtilofga aylantirmoqda”, - deydi Gerges.

Uning aytishicha, Yaman aholisi hutiylarni Eronning shia ittifoqchilari sifatida ko’rmaydi. Biroq shunga qaramay, mamlakatning sunniy aholisi mazhablararo zo’ravonlik va buning oqibatida ekstremizm kuchayishidan xavotirda.

“Agar mojaro davom etsa, nazarimda shunday bo’ladi ham, al-Qoidaning arab yarimorolidagi bo’lagi va har holda “Islomiy davlat” aholi orasida o’z tarafdorlariga ega bo’ladi”, - deydi professor Gerges.

Dushanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi hutiylarga nisbatan qurol embargosi joriy etdi.

AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauerning aytishicha, rezolyutsiya hutiylar va ularni qo’llab-quvvatlayotgan sobiq Prezident Solihga sodiq kuchlarni barcha harbiy harakatlarni to’xtatib, muzokara stoliga o’tirishga da’vat etadi.

Agar tomonlar murosaga kelisholmasa, deydi tahlilchilar, mintaqa bo’ylab ikki mazhab tarafdorlari mojaroga jalb etilib, keng ko’lamli fuqarolar urushi yuzaga kelishi mumkin.