Breaking News

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning besh yilligini sarhisob qilmoqda


Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo, O'zbekiston rahbari Islom Karimov, Bryussel, 24-yanvar, 2011-yil
Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo, O'zbekiston rahbari Islom Karimov, Bryussel, 24-yanvar, 2011-yil

Fuqarolik jamiyati vakillari deydiki, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorlik strategyasida inson huquqlari e'tibordan chetda qolgan.

Mintaqa va xalqaro miqyosda 40 yaqin nodavlat tashkilotlar tarqatgan bayonotda ittifoq siyosatiga tuzatishlar kiritish tavsiya qilinadi.

2007-yilda imzolangan strategiya Yevropa va Markaziy Osiyo hamkorligini yaxlit rivojlantirishni nazarda tutadi. Siyosiy, iqtisodiy va fuqarolik jamiyatini taraqqiy ettirish uning asosiy qirralari. Ayni paytda demokratik islohotlar, inson huquqlari bo’yicha aloqalar oqsayotgani yaqqol seziladi.

Human Rights Watch tashkiloti e’lon qilgan bayonotda ittifoqni huquq himoyasiga yondashuvni o’zgartirishga, strategiyada bu talabni qat’iyroq qo’yishga chaqiradi.

Tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha direktori Veronika Sente Goldston so’zlariga ko’ra, fuqarolik jamiyati vakillarining mazkur strategiyadan umidlari oqlanmagan, ayniqsa, O’zbekiston va Turkmaniston bilan huquq bobida muloqot samarasiz kechgan.

...ittifoqda huquqni yaxshilash uchun O’zbekistonga bosim ko’rsatishga tayyor bo’lgan irodani ko’rmayapman...


Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O’zbekistondagi nodavlat tashkilotlar murojaatlarida ham huquq siyosiy va iqtisodiy manfaatlar soyasida qolib ketayotganidan tashvish bildiriladi.

O’zbekistonlik huquq himoyachilari vaziyat og’irligida nafaqat mavjud rejim, balki bu hukumatlar bilan hamkorlik qilayotgan G’arbni ham tanqid qiladi.

“O’zbekistondagi diktatura borgan sari qutirayapti. Buning evaziga o’zgacha fikrlovchi kishilar, diniy e’tiqodida mustahkam bo’lgan odamlarning hayoti xavfda qolmoqda. Biroq G’arb buni o’ylamayapti, aksincha, O’zbekiston hukumatini moliyaviy, ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlamoqda. Bu esa qamoqxonadagi qiynoqlar, inson huquqlarini poymol etishni yanada avj oldirib, huquq bo’yicha vaziyatning og’irlashishiga xizmat qilmoqda”, - deydi Yevropa Ittifoqiga bayonotni imzolagan tashkilotlardan “O’tyuraklar klubi” rahbari Mo’tabar Tojiboyeva.

Yevropa rasmiylari mintaqadagi, jumladan, O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’iq og’ir vaziyatni e’tirof etadi, biroq muammoni muloqot yo’li bilan yaxshilash pozitsiyasini takrorlab keladi.

“Albatta, bunday muloqot haqidagi gaplar bor. Ehtimol, diplomatik doiralarda bu muloqotlar muntazam davom etayotgandir, lekin men ittifoqda inson huquqlarini yaxshilash uchun O’zbekistonga bosim ko’rsatishga tayyor bo’lgan irodani ko’rmayapman”, - deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili Yohan Bir.

Bu orada, ittifoqning Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili vazifasini bajargan fransiyalik diplomat Pyer Morel o’rnini 1-iyuldan boshlab Germaniya diplomati Patrisiya Flor egallaydi.

Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyani sarhisob qilar ekan, Yevropa bu dastur doirasida ayrim o’zgarishlar qilishi ham kutilmoqda. Ittifoq va aksariyati diktaturaga asoslangan mintaqa davlatlari o’rtasida hamkorik ehtiyoji, ayniqsa, Afg’onistondagi urush bois yanada kuchayadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG