Breaking News

O'zbekiston va dunyo: Paxtakorni qadrlang, deydi amerikalik olim


O'zbekiston dalalarida/Russell Zanca
O'zbekiston dalalarida/Russell Zanca
O’zbekiston hayotini uzoq yillardan beri o’rganib kelayotgan olim Rassell Zanka aslida Nyu-Yorkdan, Kvins tumanida katta bo’lgan. Mahallasiga O’zbekistondan ko’chib kelgan muhojirlar, ayniqsa buxorolik yahudiylar bilan tanishib, o’lkaga qiziqib qoladi.

O’zbekiston u yoqda tursin, hatto butun Markaziy Osiyo ko’plab amerikaliklar uchun hali ochilmagan dunyo edi, deydi Rassell Zanka. Mana shu cheksiz qiziqish uni antropologiya sohasiga yetakladi va yillar o’tib, olim mintaqaning bugungi kuni, O’zbekiston xalqi va uning turmushi haqida kitoblar yozdi.

Rassell Zanka Chikagoda Shimoli-sharqiy Illinoys universitetida dars beradi. Yaqinda Vashingtonga kelganida, uni suhbatga tortdik.

Professor Zankaning 2010-yilda chop etilgan kitobi O’zbekistonda dehqonlar qanday kun kechirayotgani, aynan paxtakorlar hayotiga yaqindan nazar tashlaydi.

Sobiq Sovet davlatlari haqida o’rganganim sari O’zbekiston meni o’ziga tobora torta boshladi, deydi Zanka. Amerika ziyolilari orasida Markaziy Osiyo xalqlari haqida biladiganlar juda kam edi. Shu bois men bu sohaga sho’ng’idim. 1980-yillarning o’rtalaridan boshlab, mintaqa, u yerdagi elatlar, xususan o’zbek xalqi xususida izlana boshladi. Etnografik va antropologik tadqiqotlarga qo’l urdi.

Olim qishloqda yashab, aholi bilan yaqindan tanishishni, uning turmushini o’rganishga qaror qildi - Namangan viloyatining Chorbozor tumani Boburkent qishlog’iga.

“Shaharlar meni uncha qiziqtirmadi, chunki boshqa Sovet shaharlaridan uncha farq qilmaydi deb o’yladim… Qishloqlar esa o’ziga xos bir dunyo. An’ana va haqiqiy hayotni yaqindan ko’rmoqchi bo’lgan odam qishloqqa borishi kerak, nazarimda. U yerdagi tirikchilik bilan tanishar ekanman, paxta asosiy ekin va ne’mat ekaniga guvoh bo’ldim. Dehqonchilik haqida ma’lumot to’plash bu paxtachilikni o’rganish degani edi. Shunday qilib, izlanishimni paxtakorlar faoliyatiga bag’ishladim”,- deydi olim.

Professor Amerika ahliga, talabalariga o’zbek dehqonini, paxtakorlarni masalan, qanday tasvirlab beradi?

“Zahmatkash, tinim bilmas insonlar, lekin ularni erkin deyish qiyin. Ular ishining ustasi, ammo mahsulot, hosil ustidan biror kuchga ega emas. Albatta men O’zbekiston tarixi, Sovet davri sarqitlari haqida gapirib beraman. Dunyoning qayeriga bormang, dehqon-mirishkor o’xshash muammolardan noliydi. Lekin O’zbekistonda paxtachilik hukumat nazoratidagi soha. Bu degani dehqonlar qator cheklovlar bilan yuzlashadi. Ular yerning egasi emas”.

G’arb nazarida, O’zbekiston paxtazorlari - majburiy mehnat maydoni. Dehqon davlat buyrug’i asosida paxta ekadi, yetishtiradi, lekin uning foydasini ko’rmaydi. Oq oltin – yurt boyligi, ammo paxtakor qora terga qanchalik botmasin, hosildan deyarli daromad olmaydi. Bu qanchalik haqiqat?

“Qisman haqiqat… Paxtakor borki, paxtani majburan ekadi, aslida undan nafratlanadi deyish haqiqatga ko’z yumish bo’ladi. Bu noto’g’ri. Paxta bu ularning hayoti, ularni boqadigan ekin. Turmushda undan keng qo’llanishadi, paxta tolasidan tortib, g’ozapoya va chigit yog’igacha… To’g’ri, paxta davlat nazorati ostida yetishtiriladi, paxtakorning imkoniyatlari cheklangan. Erkinlik berilgan taqdirda paxtakorlar yanada yaxshiroq hosil olgan, uning rohatini ko’proq ko’rgan bo’lardi. Davlat talab qilmasa, odamlar paxta ekmaydi deyish noto’g’ri”.

Rassell Zanka “Musulmon o’zbek qishlog’idagi hayot: Kommunizmdan keyingi paxtachilik” deb nomlangan kitobida dehqon g’ururi va qadri, mirishkorning yerga nisbatan mehri qanchalik kuchli ekani haqida hikoya qiladi. O’zbekiston tarixi haqida yozar ekan, paxtakorlik avloddan-avlodga o’tib kelayotgan odat ekaniga urg’u beradi.

Respublika shirin mevalari, mazali sabzavotlari bilan tanilgan. Dehqonchilikda, shubhasiz, ularning ham o’rni va ahamiyati katta. Nima yetishtirish fermerning o’ziga havola bo’lishi kerak, deydi olim.

“Paxta global miqyosda xaridorgir mahsulot. Eksportdan katta foyda keladi. Uni qanday yetishtirishni biladigan odam albatta bu yo’ldan boradi. O’zbekistonda dehqonga erkinlik berilsa, o’zi biladi nima qilishni. Balki kimdir yerining bir qismiga paxta, qolganiga sabzavot va don ekar. Kimdir faqat paxtachilik qilar. Yaxshiroq navlaridan ekar. O’zbekistonda dehqon hukumat bosimni olsa, paxtadan yuz o’girmaydi, buni ishonch bilan aytish mumkin”.

Dehqonning tirikchilik qilishi juda qiyin (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
Dehqonning tirikchilik qilishi juda qiyin (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
Rassell Zanka tahlilicha, O’zbekistonda boy dehqonni uchratish qiyin. Masalan, paxtakorning daromadi mehnatiga arzimaydi, deydi u. Tirikchilik qilish juda qiyin.

“Yerni parvarishlash, urug’ ekib ekinga qarash, o’g’it solish va hosilni yig’ishtirib olishgacha, jarayon juda mashaqqatli. Ikkinchidan, suv muammosi bor. Paxta ko’p suv talab qiladi. Paxtakorda ko’p hollarda tanlash imkoniyati yo’q. Odamlar yo’lini topishga, bir amallab daromad qilishga harakat qiladi. Lekin omadi chopmasa, zarari ularni xonavayron qilishi mumkin. Dehqonlarni fermer desangiz, o’zlari kulishadi. Bilamiz, haqiqiy fermer kim ekanini, masalan Amerikada; biz qora dehqonmiz xolos deyishadi”.
Olim deydiki, dehqon yer egasi bo’lsa ham barcha muammolar hal bo’lmaydi. Yer taqsimoti va nazorat, qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlash… Bularni eplash oson emas. Respublikada bu borada ko’p izlangan mutaxassislar bor, deydi Rassell Zanka. Shunisi aniqki, qishloq xo’jaligi tub islohotlarga muhtoj. Hukumat amaldagi siyosat va tashabbuslar ish bermayotganini tan olishi kerak.

O'zbekiston paxtazorlarida (Russell Zanca) -Suratni bossangiz, kattalashadi
O'zbekiston paxtazorlarida (Russell Zanca) -Suratni bossangiz, kattalashadi
O’zbekiston hukumati dehqonni qadrlashini qayd etib keladi. Dehqonlarimiz xalqni boqadi degan gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. Aslida esa eng ezilgan qatlam dehqonlar, deydi amerikalik tadqiqotchi, o’z ko’rganlariga asoslanib.

"O’zbekistonda hokimiyat oddiy xalq ko’ngliga qaramaydi. O’zbekistonda yashab, real hayotga guvoh bo’lib, shunday xulosaga keldimki, dehqonni hurmat qilishmaydi. Uning dardini tinglashmaydi. Agar mana shu munosabat yaxshilansa, qishloq xo’jaligi oldinga siljiydi”.

Lekin prezident Islom Karimov yurt kezib, dehqonlar bilan uchrashganida, ularning qo’llari ko’ksida, rahbarga qilayotgan ishlari uchun rahmat aytayotganini ko’ramiz. Ammo, shaxsiy suhbatlarda odamlar dehqonchilik qilish bag’oyat qiyin ekanini, farzandlar ekinzorda ishlashni emas, boshqa mamlakatlarga borib, mehnat qilishni ma’qul ko’rayotganini aytishadi.

O'zbekiston hukumati dehqonni qadrlashini aytadi - Suratni bossangiz, kattalashadi
O'zbekiston hukumati dehqonni qadrlashini aytadi - Suratni bossangiz, kattalashadi
Agrar firmalar, davlatdan yerni uzoq muddatga ijaraga olgan bizneslar, dehqonlar bilan shartnoma imzolab, ularga maydon beradi. Olingan daromadni dehqon bu firmalar bilan bo’lishadi, orada vositachilar va ko’zga ko’rinmas dallollar ham o’z haqqini talab qiladi. Dehqon huquqsiz, adolatga qo’li yetmaydigan bechora shaxs, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan insonlar. Ular kamera oldida, hatto telefonda bu borada so’zlashga qo’rqadi.

Qishloq xo’jaligi bo’yicha qonun-tartib degan narsalar bor, deydi Rassell Zanka, ammo amalda bu soha mahalliy mansabdorlar, boylar va tanish-bilishi bor odamlar ixtiyorida.

“Hosil yaxshi bo’libdi, mana, nega zarur vositalar sotib olmayapsiz deb so’raganingizda, odamlar javob berishga qiynaladi. Korrupsiya shu qadar chuqur ildiz otganki, odamlar tizimdan umidini uzgan. Shikoyat qilib qayerga boramiz deyishadi, qo’rqishadi… Rahbarlar kelganida yaxshi kiyinib, uning oldiga chiqib, minnatdorchilik bildirayotgani, afsuski, ular haqiqatda zamondan rozi ekanini anglatmaydi”.

Qishloq hayoti (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
Qishloq hayoti (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
O’zbekistonda dehqon uyushmalari, ular manfaatini himoya qilayapmiz degan tashkilotlar bor. Rassell Zankaning kuzatishicha, ular biror kuchga ega emas.

“Bunday uyushmalar samara berishi uchun sizga siyosiy erkinlik kerak. Faol fuqarolar bir davrada o’tirib, muammolarni erkin muhokama qila olishi, dehqonlar erkin fikr almashib, amaldagi siyosatni savolga tuta bilishi kerak. Dehqon fikrini aytishga qo’rqadi, uning ahamiyati yo’q deb o’ylaydi. Ular sizga ochiq aytmasa-da, hayoti va yuzlashayotgan qiyinchiliklariga qarab, ularning dardini tushunish mumkin. Nazarimda O’zbekistonda dehqonlar hukumat ularga yordamni oshirishini, shu bilan birga, zarur erkinlikka ega bo’lib, hosilning rohatini ko’rishni xohlaydi. Bozor iqtisodiyoti nima ekanini ular shunda yaxshiroq tushunadi va foydasini biladi”.

Chet davlatlar, xususan Amerika O’zbekiston xalqiga yordam bermoqchi bo’lsa, dehqonni quvvatlasin, deydi olim. Dehqoni yaxshi yashagan el to’q bo’ladi, deydi u, bu umumbashariy tushuncha. Fermerlar tajriba almashishi, dunyo ko’rishi uchun imkoniyat berish kerak, deydi Rassell Zanka.

Qishloq hayoti (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
Qishloq hayoti (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
“1990-yillar boshida, mustaqillikka erishilgandan keyin, dehqonlar almashinuvi, fermerlar tajribasini oshirish bo’yicha qator programmalar yo’lga qo’yilgan edi. Men o’zim o’sha paytlarda bu dasturlarni yaqindan kuzatganman va samara berganiga guvoh bo’lganman. Afsuski, ular kamayib ketdi. Amerikalik fermerlar O’zbekistonga borgan. U yerdan bu yerga kelishgan. Oradan 20 yil o’tib, mana shunday tashabbuslar ko’zga ko’rinmaydi. Buning uchun siyosiy iroda va ruxsat kerak”.

O’zbekistonda dehqonlar o’ziga xos siyosiy kuchga ega bo’lishi, o’z manfaatlarini himoya qila olishi va hukumatga konkret tavsiya-talablar bilan chiqishi uchun nima qilish kerak?

“Dehqonlar siyosiy tashkilot tuza olishi kerak. Buning uchun esa birlashish, uyushish erkinligi kerak. Amaldagi siyosatni bemalol tanqid qila olishi kerak. Ta’qib va qamoq xavfi bilan yuzlashmasligi kerak. Afsuski, O’zbekistonda vaziyat bu talablarga javob bermaydi… Partiyani hukumat emas, fuqarolar mustaqil ravishda tuzishi kerak. Hukumat esa bu partiyalardan kelayotgan tanqidni konstruktiv qabul qilib, javob berishi, ular bilan muzokara qilishi kerak. O’zbekiston hukumati, hammamizga ma’lumki, tanqidga toqat qilmaydi”.

O'zbekiston paxtazorlarida (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
O'zbekiston paxtazorlarida (Russell Zanca) - Suratni bossangiz, kattalashadi
Islom Karimov va uning ma’muriyatiga nisbatan kuchli e’tirozlardan biri shuki, paxta majburiy mehnat evaziga teriladi. Rahbariyat buni hashar deb atashi mumkin, lekin odamlar terimga majburlab olib chiqiladi. Rassell Zanka masala murakkab deydi.

O’zbekiston jamoatchiligi uchun bolalar paxta terishi dahshatli fojia emas, deydi u, o’z kuzatuviga tayanib. Bu shu qadar azaliy odatki, ko’pchilik farqini tushunmaydi. Haqqini to’lasa, terimga chiqadiganlar ko’p. Odamlar tahdid ostida emas, o’z xohishi bilan paxtaga chiqishi uchun sharoit o’zgarishi kerak, deydi Rassell Zanka.

“Taraqqiy etaman degan jamiyat taraqqiyotdan qo’rqmasligi kerak. Qo’l mehnatidan texnologiyaga o’tish uchun nima qilmoq lozim? Mana shu haqda jiddiy o’ylanish zarur. Hukumat bu sohaga ko’proq sarmoya kiritishi, har bir so’m ko’zlangan maqsad uchun sarflanishini ta’minlashi zarur. Bu esa vijdonan ish ko’rishni talab qiladi. Dehqon, paxtakor hayoti yaxshi bo’lsin desangiz, bolalar va kattalarni majburlab dalaga olib chiqmaysiz. Tan olish kerak, buni”.

Suhbatni tomosha qiling:

O'zbek dehqonlari hayoti, paxta va paxtachilik - Uzbek farmers, cotton production/Russell Zanca
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:03 0:00

Watch the interview/Original:

Cotton Farming in Uzbekistan/Interview with American Scholar Russell Zanca
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:25:20 0:00
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG