Breaking News

Bostondagi portlashda gumon qilinganlardan biri o'ldirilgan


Qidiruvda bo'lgan ikki shaxs
Qidiruvda bo'lgan ikki shaxs
Bostondagi portlashlarga gumon qilingan ikki shaxsdan biri politsiya bilan otishmada o’ldirilgan. Ikkinchisi hanuz qidiruvda. Aka-uka ekani aniqlangan bu ikki odam chechenistonlik Tamerlan va Johar Tsarnayevlar ekani aytilmoqda.

19 yoshli Johar Tsarnayev hanuz qidiruvda. Uning qurollangan ekani aytilmoqda. Politsiya Bostonga qo’shni Votertaun shaharchasi aholisini uylaridan chiqmaslikka chaqirmoqda. Chunki Tsarnayevning shu yerda ekani taxmin qilinmoqda. Huquq-tartibot organi xodimlari uyma-uy yurib, tekshirmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, aka-ukalar AQShda qonuniy yashab kelgan - Massachussetts shtatining Kembrij shahrida.

Akasi Tamerlan politsiya bilan otishmada qattiq yaralangan va keyinroq kasalxonada olamdan o’tgan. Ular qochayotib bomba uloqtirgani aytiladi.

Massachusets shtat politsiyasi so’zlovchisi Timoti Aldenning aytishicha, biri o’ldirilgan va ikkinchisi qidiruvda bo’lgan bu shaxslarning marafon portlashlarini amalga oshirgani aniq.

“Dushanba kungi Bostondagi marafon portlashlarini uyushtirishga shu shaxslar mas’ul ekaniga ishonchimiz komil. Ular, shuningdek, bir politsiyachini o’ldirishdi. Vaziyat juda jiddiy”, - deydi politsiya vakili.

Shaharda jamoat transporti to’xtatilgan. Maktablar, universitetlar, biznes idoralari ham yopiq.

Votertaun shahriga chetdan mashina kiritilmayapti. Shuningdek, ichkaridan ham tashqariga hech kim chiqarilmayapti.

Payshanba kuni Federal Qidiruv Byurosi ikki yosh yigitning suratlarini ommaga oshkor qilgan edi. Qora va oq kepkadagi bu ikki shaxs “Shubhadagi birinchi shaxs” va “Shubhadagi ikkinchi shaxs” deb nomlangan. “Shubhadagi ikkinchi shaxs” keyinroq bir do’konda o’g’irlik qilishga uringan paytda ham suratga olingan.

Eslatib o’tamiz, dushanba kuni Boston shahridagi marafonda ikki bomba portlab, uch kishi halok bo’lgan, 170 dan ortiq odam yaralangan edi.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG