Breaking News

Bahodir Choriyev: Otam O'zbekiston diktatori qo'lida garovda


Missuri shtatidan Vashingtonga... Kamida 13-14 soat yo'l bosildi. Islom Karimov siyosatini qoralovchi yozuvlar va suratlar bilan qoplangan mashinalarda.

Amerikadan turib boshqariladigan “Birdamlik” harakati lideri Bahodir Choriyevning 71 yoshli otasi Hasan Choriyev 17-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi uyidan huquq-tartibot organlari tomonidan olib ketilgan va oradan bir hafta o’tib, viloyat prokuraturasi uning hibsda ekanini tan olgan.

Mutasaddilar Choriyev order bilan qamoqqa olingani va unga rasman ayblov qo’yilganini ham tasdiqlagan. Mahbus O’zbekiston jinoyat kodeksining 118-moddasini buzganlikda, ya’ni jinsiy tajovuzda ayblanmoqda.

19 yoshli ayolning nomusiga tekkan degan qalbaki da'vo bilan otaxonni garovda ushlab turibdi, deydi Vashingtonda norozilik namoyishiga chiqqanlar.

O’tgan yilning noyabr oyida Hasan Choriyev tuzumni haqoratlaganlikda aybdor deb topilib, 11 million so'm miqdorida jarimaga tortilgan.

Mahalliy huquq himoyachilari deydiki, Choriyev nimaga nishonga olinayotgani oydek ravshan. 14-iyun kuni Fergananews.comda Bahodir Choriyev prezident bo’lmoqchi degan maqola chop etilgan. Hukumat alamni otadan olmoqda, bu aniq, deydi faollar.

"Birdamlik" faollari O'zbekistonning turli qismlarida siyosiy savodxonlikni oshirish uchun aksiyalar o'tkazishga harakat qilganida qattiq nazorat ostiga olingan.

Farzandlari siyosiy qarshiligi sabab vatanni tark etib, bugun asosan Amerikada yashab kun ko’rar ekan, keksa Choriyev, dehqon, doimiy nazorat va tazyiq ostida. O’tgan yillar ichida yeri, mulki, qoramoli va deyarli bor-butidan ayrilganini aytadi.

Vashingtondan yordam kutilmoqda

O’g’illar va nabiralar Amerika poytaxtida namoyishlar o’tkazib, G’arb ahli diqqatini O’zbekistondagi vaziyatga qaratishga urinib keladi. Shu kunlarda ham ular Vashingtonda. O’zbekiston elchixonasi oldida norozilik chiqishi qilibgina qolmay AQSh rasmiylari, siyosiy arboblar, bilan uchrashmoqda.

Maqsad, deydi Bahodir Choriyevning ukasi Bobir, “Amerika e’tiborini nafaqat begunoh va keksa otam taqdiri, balki butun mamlakatdagi adolatsizliklarga, fuqarolarning zolim tuzum qo’lida xo’rlanayotganiga, bechora odamlarning kimdan yordam olishini bilmay ezilayotganiga qaratish”.

Shikoyat shuki, Qo’shma Shtatlar O’zbekistonda hukumat repressiyaga zo’r berayotgani, xalq haq-huquqlarini muntazam ravishda poymol etishini yaxshi bilsa-da, Afg’oniston yuzasidan hamkorlik va boshqa strategik sabablarga ko’ra Karimov hukumatiga bu borada qattiq gapirmaydi.

Obama ma’muriyati Hasan Choriyev va boshqa insonlar taqdiri misolida haqiqatni tan olishi va Karimovga konkret talablar qo’yishi kerak, deydi huquq himoyachilari.

Senatorlar ogoh... Lekin qanchalik ta'sir qila oladi?

26-iyun kuni AQShning 12 senatori, yetakchi demokrat va respublikachilar, prezident Karimovga ochiq maktub yo’lladi.

Uning asosiy mazmuni shuki, O’zbekistonda hukumatni tanqid qilgani, amaldagi siyosatni savolga tutgani, adolat talab qilgani, fuqarolarning huquqlari uchun kurashgani va o’zini mavjud tuzumga muxolif deb e’lon qilgani uchun nishonga olingan va panjara ortiga tashlangan insonlar ozod etilishi kerak. Ular jinoyat qilmagan, balki o’z siyosiy huquqlaridan foydalanishga uringan. Organlar esa ularga soxta ayblar qo’yib, jinoyatlarni sahnalashtirib, bu odamlarni qamoqqa tiqqan, deydi senatorlar. Xalqaro maydonda katta nufuzga ega huquq tashkilotlari bu borada bir dunyo ma’lumot to’plagan, deya yoziladi maktubda. Unda uch siyosiy mahbus ishi ko’tariladi: jurnalist Dilmurod Said, huquqbon A’zam Tug’unov va yana bir qalamkash, Solijon Abdurahmonov (“Amerika Ovozi” va “Ozodlik” sobiq muxbiri).

Hujjatga imzo chekkanlar orasida Karimovni Sovet davriga xos diktator deb atovchi Jon Makkeyn ham bor. Shuningdek, Choriyevlar yashaydigan Missuri shtati senatori Roy Blant.

Kongress- kuchli organ. Tashqi siyosatni nazorat qiluvchi qo'mitalar Davlat departamenti va Mudofaa vazirligidan Toshkent bilan rishtalar bo'yicha hisobotlar olib turadi. Bir necha siyosiy mahbus, jumladan 2009-yilda "Serquyosh O'zbekiston" asoschisi Sanjar Umarov va 2010-yilda tanqidchi shoir Yusuf Juma kishandan ozod etilishi Amerika bosimi samarasidir.

Makkeyn 2005-yilning may oyida, Andijon voqealaridan sal o’tib O’zbekistonga borganida prezident Kongress delegatsiyasini qabul qilmagan.

“Chunki tanqidimiz yoqmagan, Karimov unday narsalarga bardosh bera oladigan inson emas”, - degan edi Makkeyn safardan keyin “Amerika Ovozi” bilan gaplashganida.

Senator va boshqa qonunchilar tashabbusi bilan O’zbekiston bilan hamkorlikka cheklovlar qo’yilgan va ularning aksariyati hamon amalda.

2012-yilning boshida Obama ma’muriyati “Afg’oniston yuzasidan birga ishlashga majburmiz va bu Amerika xavfsizligi uchun muhim” deya yuqoridagi sanksiyalarga istisno tarzida harbiy yordam berishga qaror qildi.

Mana shunday yaqinlashuv, o’zbek muxolifati, xususan “Birdamlik” harakati nazarida respublika ahlining haq-huquqlari va demokratik intilishlariga qarshi qadam bo’ldi.

Bahodir Choriyev Amerika hukumatini ko’zbo’yamachilikda, u singari yetakchilarni quvvatlamayotganlikda ayblab keladi. Kasalmand otasi hibsda ekan, unga qalbaki ayblar qo’yilayotgani, butun oila repressiyaning yaqqol qurboni ekanini aytib, Vashingtondan yordam so’ramoqda.

Amerika rasmiylari bu borada og’iz ochmayapti. O’zbekistonda ahvol og’ir ekani sir emas, AQSh adolat va huquq ta’minlansin deya undashi mumkin, lekin respublikadagi tub muammolarni hal etish uning ishi emas, deya eslatishadi.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG