Amerika bosh diplomati Jon Kerri Markaziy Osiyoga safari chog'ida hukumatlar bilan inson huquqlariga doir muammolar haqida gaplashsin. Qator huquqiy tashkilot va uyushmalar Kerriga ana shunday mazmunda maktub yo'llagan.
Respublikalarda nodavlat tashkilotlar ishlashi mavjud qonunlar bilan nihoyatda cheklab qo’yilgan. O’zbekistonda, masalan, chet el grantlarini olib ishlatish g’oyat qiyin.
Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda qabul qilingan hujjatlar nodavlat tashkilotlar moliya jalb qilishini qiyinlashtiradi.
Markaziy Osiyoda inson huquqlariga doir ahvol achinarli ekani AQSh Davlat departamentining yillik hisobotlarida muntazam aks etadi.
"Human Rights Watch" xalqaro huquq tashkiloti Jon Kerriga quyidagi tavsiyalar bilan chiqdi:
Qozog'iston hukumati:
- milliy, ijtimoiy, irqiy va diniy ixtilof qo'zg'ash to'g'risidagi mujmal qonunni bekor qilsin
- nohukumat tashkilotlar faoliyatini qattiq cheklaydigan qonun loyihasini qayta ko'rib chiqsin
- fuqarolarning uyushishiga, mustaqil axborot vositalarining bemalol ishlashiga to'sqinlik qilmasin
O'zbekiston hukumati:
- siyosiy tusdagi ayblovlar bilan qamalgan jurnalistlar va huquqbonlarni ozod etsin
- paxta yig'im-terimini kuzatayotgan faollarni ta'qib qilmasin; hukumat tanqidchilariga chiqish vizasini olishni qiyinlashtirmasin
- BMT ekspertlariga O'zbekistonda huquq ahvolini kuzatishga, Xalqaro Qizil Xoch tashkilotiga qamoqxonalarni ko'rishga ruxsat bering
Qirg'iziston hukumati:
- huquq faoli A'zamjon Asqarovni zudlik bilan ozod etsin
- xorijdan grant oladigan tashkilotlarning "xorij agenti" deb ro'yxatdan o'tishini talab qiluvchi qonun loyihasi rad etilsin
- oilaviy zo'ravonlik masalasi va xotin-qizlar himoyasiga ko'proq e'tibor bering
Tojikiston hukumati:
- Islom uyg'onish partiyasi qonuniy faoliyat yuritishiga ruxsat bersin; hibsga olingan a'zolari ozod etilsin yoki ularga ayblov qo'yilsin
- 2009-yilgi din haqidagi qonun va 2011-yilgi ota-onalar javobgarligi to'g'risidagi qonunlarga o'zgartirishlar kiriting
- Oilaviy zo'ravonlikni bartaraf etishga qaratilgan qonun ijrosini ta'minlang
Turkmaniston hukumati:
- hukumat tanqidchilarini qamash va yo'q qilish amaliyotini bas qilsin; nohaq qamalganlar, jumladan, dissidentlarni ozod etsin
- xorijga kim chiqishini nazorat qilishni bas qilsin
- BMTning inson huquqlari bo'yicha ekspertlarini mamlakatga kiritsin
O'zbekistonda majburiy mehnat masalasini o'rganib kelayotgan jurnalistlardan biri Dmitriy Tixonovning uyiga o't qo'yilgan, hujjatlar saqlangan kompyuter va audio-video anjomlari barbod bo'lgan. Bu haqda "Paxta kampaniyasi" nomli xalqaro koalitsiya bayonot tarqatdi.
Paxta dalalaridagi vaziyatni kuzatgan Tixonov shu oy bezorilikda ayblanib, unga qarshi ma'muriy ish qo'zg'atilgan edi.
Amerika davlat kotibi qonun ustuvorligi va adolat yo'lida kurashayotgan fuqarolarni ana shunday usullar bilan qo'rqitish va ta'qib etish hollarini albatta tilga olishi zarur, deydi huquq tashkilotlari.