O'zbekiston demokratik davlat va adolatli jamiyat qurishni xohlaydi, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlar ekan.
Hukumat xalq xizmatida bo'ladi va inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qo'yadi, deya qayd etdi prezident.
Unga ko'ra, bolalar mehnati va majburiy mehnat man etilishida O'zbekiston BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti bilan ishladi va hamkorlik davom etadi.
Inson huquqlari bobida olg'a qadamlar tashlanadi, bu masala bilan shug'ullanadigan xalqaro organlar bilan muloqot jonlanmoqda, dedi Mirziyoyev.
Fuqarolik jamiyati rivojini, adliya tizimi mustaqilligini, matbuot va so'z erkinligini ta'minlash va biznes muhitni erkinlashtirish bobida O'zbekiston oldinga intilaveradi, deydi u.
O'zbekistonning bir yil oldin ish boshlagan yangi rahbari BMT minbaridagi ilk nutqini mamlakat va xalqaro hamjamiyat orasida nozik hisoblangan mavzulardan boshladi.
Mirziyoyev deydiki, BMT agentliklari bilan yaqindan va keng miqyosda ishlashni yo'lga qo'yish - asosiy maqsadlardan biri.
O'zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining birdam, barqaror, ahil va farovon bo'lishi uchun harakat qilishga bel bog'lagan, deydi prezident, qo'shnilar bilan aloqa va ishonchni mustahkamlash, chegara bilan bog'liq kelishmovchiliklarni hal etish - ustuvor vazifalar. O'tmish bir ekan, kelajak ham umumiy, deydi Mirziyoyev.
Respublika rahbari mintaqaviy xavfsizlik va suv tanqisligi masalalarini ham tilga oldi. Har qanday ziddiyat xalqaro qonunlarga, BMT doirasidagi bitimlarga asoslanib hal etilishi lozim, deydi Mirziyoyev.
Ta'lim-tarbiya, maorif, diniy ilm va diniy erkinliklar haqida ham birma-bir to'xtalgan rahbarga ko'ra, O'zbekiston hamma bilan tinchlik va taraqqiyot yo'lida bir yoqadan bosh chiqarishga tayyor.
Facebook Forum