O’tgan yilning so’ngi kunlari Qirg’iziston hukumati O’zbekiston bilan iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar hamkorlik dasturining loyihasini tasdiqladi. Reja 2018 - 2021 yillarga mo’ljallangan. Bosh vazir o’rinbosariga ushbu hujjatga mayda o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish hamda imzolash vakolati berildi.
Dasturda uch yil ichida amalga oshirilajak tadbirlar tarmoqma-tarmoq batafsil sanab o’tilgan.
Kuzatuvchilarga ko’ra, bunday keng ko’lamli, mukammal rejalar to’plami ikki o’lka tarixida ilk bor ishlab chiqildi va taqdim etilmoqda.
O’tgan yilning so’ngi kunlari Bishkek 2018 - 2021 yillarga mo’ljallangan O’zbekiston bilan iqtisodiy, ilmiy-tehnik va gumanitar hamkorlik dasturining loyihasini tasdiqladi. Bosh vazir o’rinbosariga ushbu hujjatga mayda o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish hamda imzolash vakolati berildi.
Dasturda uch yil ichida amalga oshirilajak tadbirlar va loyihalar tarmoqma-tarmoq batafsil sanab o’tilgan.
Bunday keng ko’lamli, mukammal rejalar to’plami ikki o’lka tarixida ilk bor ishlab chiqildi va taqdim etilmoqda.
Mahalliy mutaxassislar mazkur hamkorlik programmasining mazmun-mohiyati, o’zgachaliklari hamda ijro tartibi borasida so’z yuritayotir.
O’shlik iqtisodchi, tadqiqotchi Erkin Abdirazakov deydiki, ko’p yillik dastur azaliy aloqalarni tiklash hamda taraqqiy ettirishga xizmat qiladi. Asosiy mezon - zamon talablari va ikki qardosh o’lkaning umumiy manfaatlari.
“Tuzilayotgan qo’shma korxonalar shahar-qishloqlarimizning rivojiga katta hissa qo’shadi. Yana bir muhim yo’nalish - yer-suv, yaylovlardan, elektr quvvati manbalaridan birgalikda foydalanishni yo’lga qo’ysa bo’ladi. Odamlar o’z mahsulotini u tomon-bu tomonga tashib ovora bo’lmasligi uchun shundoqqina chegara chizig’ida qo’shma bozorlar ochish afzal. Uzoq muddatli, asrlar davom etadigan ezgu ishlarga asos solishimiz lozim”, - deydi iqtisodchi.
O’sh viloyatidagi Aravon agroservis kooperativining kengash raisi, taniqli jamoat arbobi Mamasoli Mashrabho’jayev yaqinda O’zbekistonda bo’lib, ushbu o’lka qishloq xo’jaligining material-tehnik ta’minoti hamda yetishtirilgan hosilni qayta ishlash tajribasi bilan tanishgan.
“Bizda zamonaviy qishloq ho’jalik tehnikasiga ehtiyoj katta. Traktor va boshqa kerakli jihozlarni yig’ish bo’yicha qo’shma korhonalar dehqonning og’irini yengil qiladi. Dala hosili va chorva mahsulotini qayta ishlash hamda uchinchi bozorga chuqarishda ham hamkorlikning ufqlari keng”, - deydi arbob.
Tadqiqotchi Erkin Abdirazakov nazarida, ovoza qilingan katta rejalarni amalga oshirish uchun tegishli ruhiy-ma’naviy muhit, hozirlik darkorligini unutmaslik lozim. Do’stlik rishtalarini mustahkamlash, o’zaro ishonchni kuchaytira borish darkor.
Suhbatdoshga ko’ra, hamkorlikning huquqiy poydevorini takomillashtirish, aytaylik, qo’shma biznes uchun qulay shart-sharoit tuzish, sarmoyalarni muhofaza qilish masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy ziyolilar fikricha, iqtisodiy hamkorlikni taraqqiy ettirish, chetdan (bu o’rinda, O’zbekistondan) kelayotgan va kelajak sarmoyalarni samarali o’zlashtirish yo’lida asosiy xavf-hatar - ildiz otgan korrupsiya. Matbuot xalqaro tashkilotlar hamda badavlat mamlakatlar berayotgan grantlar, imtiyozli kreditlarning ma’lum qismini cho’ntakka urish, “arra” qilish hollarini aytib keladi.
“Ayrim amaldorlar, eski odatini qilib, shu narsadan ham yulib qolay, shunga ham ega bo’lay, qabilida ish tutsa, qo’shnilar oldida ham, dunyo ommasi qarshisida ham uyalib qolamiz”, - deydi Aravon agroservis kooperativining kengash raisi Mamasoli Mashrabho’jayev.
Uningcha, Qirg’izistonda tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar imtiyozli kreditlar olish, inshootlar uchun yer maydonlari topish kabi masalalarda jiddiy to’siqlarga duch kelmoqda.
“Qayerga borsang, u yoki bu mulozim qo’lingga qaraydi, tomoq qiradi, o’ziga nima qolishini o’ylaydi”, deydi arbob.
Xalqlar orzu-umidlarini aks ettirayotgan bu dastur barcha ishtirokchilar mas’uliyat, javobgarlik ko’rsatsa, mahkam bel bog’lasa, shahdam odimlar qo’ysagina kutilgan samarani beradi, deya ta’kidlaydi suhbatdoshlar.
Facebook Forum