Amerikalik Jeremi Rendal uchun bu ilk hayit. U sharqiy afrikalik qallig'iga uylanishidan bir oy oldin islomni qabul qildi. To'ydan keyingi asaloyini o'tkazishi bilan Ramazon boshlandi. U issiq kunlarda ro'za tutish jiddiy sinov bo'lganini aytadi.
Merilendda yashayotgan bu oila uchun hozir oddiy vaqtlar emas.
Yangi oila ilk Ramazonni birga o'tkazdi. Jeremi umrida birinchi bor ro'za tutdi.
"Islomni uch oy oldin qabul qildim. Nasroniy bo'lib o'sganman, bu dinni o'rgandim. Eng yaxshi o'qituvchim rafiqam va oilam bo'ldi", - deydi u.
"Juda yoshligimdan ro'za tutaman. Bu oson ish emas. Uni matonati uchun olqishlayman", - deydi Jeremining rafiqasi.
"Men uchun eng qiyini dinni qabul qilish bo'ldi. To'g'ri qarorligiga ishonch hosil qilganimdan keyin ota-onamga aytdim. Ular yangilikni yaxshi qabul qilishdi, chunki rafiqamni yoqtirishishlariga ishonardim", - deydi Jeremi.
Jeremi 17-mart kuni Merilend musulmonlar jamiyati markazida islomni qabul qildi. Pyu tadqiqot markazi so'roviga ko'ra, Amerikada islomni qabul qilayotganlarning to'qqiz foizi islomni oila qurish munosabati bilan qabul qilgan.
"Kimdandir dinini o'zgartirishni so'rash katta masala. Ayniqsa, oilasining munosabati haqida o'ylash qo'rqinchli. Lekin ular qo'llab-quvvatlashdi va hammasi yaxshi bo'lishini anglashdi", - deydi Ariam Muhammad.
Jeremi avval turmush qurgan. Uning birinchi xotini besh yil oldin saratondan vafot etgan.
"Faqat o'g'lim bilan qolgandim. Ariamni uchratganimda, u boshqacha ekanini o'sha zahotiyoq bilganman. Unga o'xshagan odamni uchratmagan edim", - deydi Jeremi.
Boshida bir oy to'liq ro'za tuta olishi haqida jiddiy o'ylab ko'rmagan edi. Ammo oy o'tib borar ekan, oila ro'za tutish osonlashib borayotganini aytadi.
"Vaqt tez o'tyapti. Hayit ham tezda kelib qoldi. Kalendarni belgilashga ham fursat bo'lmadi", - deydi Ariam.
"Telefonimda maxsus ilova bor. O'tgan kunlarni belgilab boryapman. Ilovani men yaratmaganman", - deydi Jeremi.
10 yoshli Jeremia uchun ham yangicha hayot qiziq.
Jeremia endi musulmon oilada ulg'aymoqda. Ammo qaysi dinni tanlash haqida katta bo'lganda o'zi qaror beradi, deydi uning ota-onasi.
Facebook Forum